“Choyxonada diydorlashaylik”
Eslaysizmi, saharlab supurib-sidirilgan, sarishta, choyi xushtaʼm, joyi bahavo, atrofiga rayhonlar ekilgan choyxonalarda otaxonlar savlat toʻkib oʻtirardi. Oʻzbekona doʻppi kiygan, doim qoʻli koʻksida, tanti choyxonachilar chetdan horib kelgan mehmonlar oldiga oʻsha zahotiyoq issiq non, mayiz va choy keltirib qoʻyardi. Ular temir yoʻl yoki avtobus vokzallari bekatlarida emas, choyxonada oʻtirib hordiq chiqarardi. Oʻsha shahar va qishloqlarning urf-odati, madaniyati bilan shu yerning oʻzida tanishardi.
Otaxonlar pokiza choynaklardan ozoda piyolalarga choy qoʻyib, klassik ashula-kuylarni tinglab oʻtirardi. Toʻr qovoqlarda kaklik va bedanalarning tinimsiz sayrashini aytmaysizmi, keksalar uchun rohati jon edi. Oilasi notinch yoki farzandlari noqobil chiqqanlar choyxonaga chiqishga uyalardi. Chunki choyxona hammaslak, hamfikr joy boʻlib, kimdir nojoʻya ish qilsa avvalo choyxonadagi otaxonlardan dakki eshitishdan hayiqardi. Bir necha kun odamlarga qoʻshilolmay yurar, hatto bundan uning qarindosh-urugʻlarining ham yuzi shuvut boʻlardi.
— Biz uchun choyxona universitet boʻlgan, — deydi Andijon shahrida istiqomat qiluvchi 80 yoshli Mahmud ota Boymirzayev. — Eng erta ochilib, kech yopilar, kunu tun ertalabdan-kechgacha pul toʻlamasdan oʻtirish mumkin edi. Boisi, choy tekin, istaganlar xalq qoʻshiqlarini tinglab oʻtirardi. Choyxonada butun dunyo xabarini eshitardik. Kimdir gazetaga chiqqan biror oʻtkir maqolani olib kelsa, boshqa birov bozorda kim tarozudan urgani-yu, narx-navoni, yana kimdir radioda eshitgan yangiliklarini koʻtarib chiqardi. Shu suhbatlarda hamjihatlik, samimiyat bor edi. Ammo hozir-chi? Choyxonalar shovqinli yemakxonaga aylandi. Milliy anʼanalardan uzoqlashdi. Nomi choyxona boʻlgan bilan oʻtirgan har bir soat uchun pul toʻlanadi. Arzon boʻlsayam qaniydi, bir davra uchun sarflanadigan mablagʻni hisoblasangiz bir nuroniyning oʻrtacha nafaqa puli ketadi. Choyxonalarda choy ichib koʻngilni yozish emas, palovxoʻrlik qilish asosiy maqsadga aylandi. Shu bois koʻplab otaxonlar choyxonaga bormay qoʻyishdi.

Tadqiqotlarga koʻra, 1990-yillarda respublika miqyosida har bir tumanda oʻrtacha 35–40 ta choyxona faoliyat yuritgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni kamida ikki barobarga qisqargan. Masalan, Andijon viloyatida 30-yil oldin 700 dan ziyod choyxona boʻlgan. Hozir ularning yarmidan kamrogʻi ishlab turibdi. Eng achinarlisi, choyxonalarning 80 foizi baʼzi savdo mutasaddilarining tashabbusidan kelib chiqib plan bilan ishlaydigan daromad manbaiga aylantirildi. Shundan choyxonalarning fayzi yoʻqoldi. Yangi qurilgan choyxonalarda milliy arxitekturadan foydalanilgan boʻlsa-da, derazalar, ochiq ayvonlar hisobga olinmagan. Paxta gulli chinni choynaklaru piyolalar qayoqda, xitoyning arzon idish-tovoqlari egallab olgan. Chorpoyalar, soʻrilarda oyoqni uzatib oʻtirish qayoqda, temir stol, stullarda yarim soat oʻtirolmaysiz. Choyning bemazaligi-yu, yosh choyxonachilarning madaniyatsizligi, atrofdagi notozalikni gapirmasayam boʻladi.
— Choyxona kattalar uchun ijtimoiy muloqot maktabi vazifasini oʻtagan, – deydi psixolog Anvarjon Haqberdiyev. – Muloqot inson ruhiyati uchun oziq hisoblanadi. Agar bu muloqot maydoni yoʻqolsa, insonning ichki dunyosi torayadi, oxir-oqibat jamiyatdan uziladi. Bu holat koʻpincha keksalarda yakkalik tuygʻusi ortishiga olib keladi.
— Keksalar salomatligida jismoniy harakatdan koʻproq ruhiy omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega, – deya suhbatga qoʻshildi oliy toifali shifokor Jamoliddin Jaloliddinov. – Ruhiy quvvat boʻlmasa, odamning immuniteti pasayadi, turli kasalliklar tezroq zohir boʻladi. Ilgari otaxonlar koʻp vaqtini choyxonada oʻtqazib, suhbat orqali ruhiy ozuqa olgan. Hozir ular uyida yolgʻiz qolib ketyapti. Natijada, turli kasalliklarga moyillik oshmoqda. 70 yoshdan oshgan qariyalarda qon bosimi kasalliklari soʻnggi oʻn yilda 30 foizga koʻpayganligi bunga misoldir. Bu ijtimoiy muloqot imkoniyatlarining kamayganligidandir.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi: Biz nimani yoʻqotdik? Nega choyxona kabi moʻtabar maskanlarning qadri qolmadi? Bir paytlar jamiyatda hamjihatlik va birodarlikni targʻib qilgan bu makonlar nega oddiy oshxonaning bir koʻrinisha aylanib qoldi? Toʻgʻri, kimdir bugun zamon oʻzgardi, odamlar hayoti tezlashdi, iqtisodiy talablar ham boshqacha, deyishi mumkin. Biroq, shu oʻzgarishlar orasida maʼnaviyatni ham, insonlar oʻrtasidagi muloqotni ham yoʻqotib qoʻymayapmizmikan? Hozirgi yoshlar tarbiyasidagi ayrim nuqsonlar ham keksalarning foydali va ibratli pand-nasihatlarini eshitishdan mahrum boʻlganliklaridandir. Agar jamiyatda otaxonlar soʻzsiz qolsa, demak, kelajak avlod uchun tajriba maktabi ham yoʻqoladi.

— Choyxona biz uchun choy ichadigan joy emas, balki hayotning oʻzi edi, – deydi mehnat faxriysi Olimjon ota Zaynobiddinov. – Biz shu yerda hayotni oʻrgandik, toʻyni ham, janozani ham muhokama qildik, kimdir gʻamini tarqatdi, yana kimdir quvonchini baham koʻrdi. Endi hammasidan mahrummiz. Bizning choyxonalar endi yoʻq...
Yangi zamon ruhiga mos, ammo maʼnaviy jihatdan oʻsha qadimgi choyxonalar anʼanasini tiklash payti kelmadimikan? Zero, choyxonasiz qolish evaziga jamiyat hamjihatligidan, birodarlikdan, eng asosiysi, muloqotdan bebahra qolmoqlikning salbiy oqibatlari koʻp. Har bir manzilning koʻrkiga koʻrk, insoniylik fazilatlariga zeb berib turuvchi sharqona “Otalar choyxona”si tiklanca, unda milliy anʼanalarimiz oʻz ifodasini topsa, nuroniylarimizni qoʻllab-quvvatlagan boʻlardik.
Saminjon HUSANOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Saida Mirziyoyeva Dohadagi kino festivalga tashrif buyurdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring