Buxoroda kambagʻallik darajasi 5 foizgacha qisqaradi

17:52 25 Mart 2025 Jamiyat
205 0

Davlatimiz rahbarining 2024-yilda Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi chogʻida vohada istiqomat qiluvchi ikki milliondan ziyod aholining turmushini yaxshilash, daromad manbai yaratish, kambagʻallikni qisqartirish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtilgandi. Viloyatni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi mavjud muammolarni hal etish yuzasidan amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar belgilab olingandi. Shundan kelib chiqib joriy yilda yangi ish oʻrinlari yaratish orqali 214 ming nafardan ziyod kishining doimiy va mavsumiy ishlarda bandligini taʼminlash koʻzda tutilgan. Buning natijasida kambagʻallik darajasini yil yakuniga kelib 5 foizgacha qisqartirishga erishiladi.

Shubhasiz, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish ham bu maqsadga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, ayni damda viloyatdagi 401 mingdan ziyod dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalari ixtiyorida 43 ming 101 gektar ekin yeri bor. Biz shu yoʻnalishda aniq dastur asosida ish olib boryapmiz. Jumladan, aholiga 20 ming gektar ekin maydoni ijara huquqi doirasida ajratildi. Joriy yilda yana 2153 gektar maydon beriladi. Bu yerlarda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyiliga muvofiq yuqori daromadli eksportbop ekinlar ekiladi. 530 gektar tomorqa yerida 52 ta namunali loyihani amalga oshirishga kirishilmoqda.

Bu masalaga alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Tajriba koʻrsatyaptiki, tomorqadan oqilona foydalangan oilaning roʻzgʻoriga qut-baraka kiradi. Dasti uzun boʻladi. Bunday xonadonda tinchlik-osoyishtalik hukm suradi. Zero, ayrim oilalardagi qoʻydi-chiqdilar, nizolar roʻzgʻordagi yetishmovchiliklar oqibatida yuzaga kelmoqda. Qolaversa, uy sohibining oila davrasida boʻlishiga nima yetsin?!

Shu oʻrinda fikrimizga dalil keltirmoqchimiz. Romitan tumani Deycha mahallasida yashovchi Otabek Elmurodov 2016-yilda Rossiyaga ishlagani ketadi. Oradan uch yilcha vaqt oʻtib deportatsiya qilinadi. Uyga qaytgach, u issiqxona xoʻjaligi faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadini oʻz oldiga qoʻydi. Dastlab uch sotixli issiqxona barpo etgan Otabek imtiyozli kredit evaziga uni 12 sotixga kengaytirdi. Sitrus va tropik mevali daraxt koʻchatlari yetishtirishda muayyan tajriba toʻpladi. Yer bilan tillashish hadisini olgan bu yurtdoshimiz ayni damda oyiga oʻrtacha 20 – 22 million soʻm atrofida daromad koʻrmoqda. Sovuq oʻlkalarga ishlagani borgan damlari endi oʻtmishga aylandi.

Vobkent tumanidagi “Latifsobungar” MFYda istiqomat qilayotgan mirishkor tomorqachi Muxtor Shodiyev esa gidroponika usulida qulupnay yetishtirish texnologiyasini oʻzlashtirib kam boʻlayotgani yoʻq. Ishni sabzavot mahsulotlari yetishtirish bilan boshlagan bu dehqon yangi usulni joriy etish uchun 200 million soʻm miqdorida sarmoya sarfladi. Ertangi kundan koʻngli toʻq. Chunki hisob-kitobga koʻra, xarajat bir yildayoq oʻzini oqlaydi.

Jondorlik Bahrom Arabov ikki yil avval “Namunali tomorqachi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan edi. U 12 sotixdan iborat tomorqani issiqxonaga aylantirgan. Yiliga ikki bor koʻchat yetishtiradi. Bahromjon aʼzolaridan tashqari toʻrt kishini doimiy ish oʻrni bilan taʼminlagan. Oilasi shinam hovlida yashayapti, avtomashinali boʻldi. Farzandlarni oʻqitmoqda.

Biz mahalla va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab, har jihatdan koʻpchilikka ibrat shunday oilalar tajribasini ommalashtirish harakatidamiz. Toki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini har bir fuqaro oʻz hayotida sezsin. Kambagʻallik qarshisida u oʻzini yolgʻiz va nochor his etmasin.

Anvar HAMROYEV,

Buxoro viloyat Kambagʻallikni qisqartirish

va bandlik boshqarmasi boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?