“Bentu? Xayrli boʻlsin”. Temur Kapadze terma jamoaga yangi bosh murabbiy tayinlanishiga munosabat bildirdi

17:58 29 Avgust 2025 Sport
374 0

Ertadan Toshkent shahrida Markaziy Osiyo Futbol Assotsiatsiyasi tomonidan uyushtirilayotgan “CAFA National Cup” turnirining “B” guruhi start oladi.

Bugun anʼanaga muvofiq ravishda, musobaqa oldidan terma jamoalarning bosh murabbiylar bilan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda Umon terma jamoasi ustozi Karlos Keyrush, Turkmaniston terma jamoasi ustoz Rovshan Meredov, Qirgʻiz Respublikasi terma bosh murabbiyi Urmat Abdukarimov va Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ustozi Timur Kapadze ishtirok etdi.

“Oʻzbekiston MTJ haqida menda aniq maʼlumotlar bor, jamoa haqida yaxshigina taassurotlar bor. Ular ancha oʻsishdi. Albatta, biz bir necha yillar avval Oʻzbekiston bilan oʻyinlarda bir necha qadam oldinda edik. Lekin oʻsha davrlardayoq men terma jamoangizda ancha oʻsish boshlanganini his qilganman.

Yurtingizda futbolda ancha oʻzgarishlar boʻlmoqda. Ularni kuzatib boraman. Oʻzbekistonda futbolni qanday qilib rivojlantirish mumkinligini tushunib oldi. Bu esa natijalarda ham aks etmoqda. Terma jamoa JChga chiqdi, shuningdek, bir qator futbolchilaringiz Yevropada ishonchli harakat qilmoqda. Rivojlanish strategiyasi juda uzoq davom etadi, ammo hozirda sizlar ancha rivojlanmoqdasizlar”, dedi Keyrush.

“Barcha raqiblarni hurmat qilamiz, lekin oʻz oʻyinimizni koʻrsatishga harakat qilamiz. Hozir bosh maqsadimiz Osiyo kubogiga yoʻllanma olish.

FIFA kunlari boshlanmagani sababli bir qator futbolchilarimiz biz bilan emas. Hozircha Mingazov va Chariyev hozir tarkibimizda yoʻq, lekin musobaqa oxirigacha kelishi mumkin”, dedi Turkmaniston terma jamoasi ustozi Rovshan Meredov.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ustozi Timur Kapadzega ushbu tadbirda terma jamoa aʼzosi Aziz Turgʻunboyev hamrohlik qildi.

“Musobaqaga tayyorgarlik yaxshi ketmoqda, barcha futbolchilar optimal holatda. Legionerlarimiz asta-sekin yigʻinga qoʻshilmoqda. Bu turnir biz uchun foydali boʻladi, bor eʼtiborimizni musobaqaga qaratganmiz. Vatan jamoasi bitta – unga hammamiz muxlislik qilamiz. Mundialga oz vaqt qoldi, munosib tayyorgarlik koʻrishimiz kerak.

Soʻnggi yillarda futbolimiz rivoji uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda, islohotlar davom etmoqda. Masharipov va Ashurmatov biz uchun jiddiy yoʻqotish. Baʼzi futbolchilar klublarida oʻyin oʻtkazib keyinroq yigʻinga qoʻshilmoqda, taktik va jismoniy tayyorgarlik uchun vaqt kam, lekin bu tabiiy jarayon”, dedi Oʻzbekiston terma jamoasi ustozi Timur Kapadze.

Shuningdek, mutaxassis Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga portugaliyalik murabbiy Paulo Bentu kelishi haqidagi gap-soʻzlar yuzasidan berilgan savolga quyidagicha javob berdi:

“Bentu? Xayrli boʻlsin. Biz har doim Vatan, jamoasini qoʻllab-quvvatlaymiz, nom uchun emas Oʻzbekistonga muxlislik qilamiz”.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Aziz Turgʻunboyev esa anjumanda quyidagi fikrlarni bildirib oʻtdi:

“Yaxshi kayfiyatda yigʻinga keldik, mashgʻulotlar ham, tayyorgarlik jarayoni ham samarali oʻtmoqda. Oldimizda muhim oʻyinlar turibdi.

Muxlislarni stadionga taklif qilamiz. CAFA musobaqasi haqiqiy futbol bayrami boʻladi. Jamoamizni qoʻllab-quvvatlash uchun muxlislarimizni ertangi oʻyinda biz bilan birga boʻlishga chaqirib qolamiz”.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi “CAFA National Cup” turniridagi dastlabki oʻyinini 30-avgust kuni Oʻmon Sultonligi terma jamoasiga qarshi oʻtkazadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер