Aqtubeda 54 nafar oʻzbekistonlikni olib ketayotgan avtobus YTHga uchradi

19:09 01 Dekabr 2025 Jamiyat
311 0

Illyustrativ foto

Qozogʻistonning Aqtobe viloyatida 54 nafar oʻzbekistonlikni olib ketayotgan avtobus yoʻl-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda Oʻzbekistonning Aqtau shahridagi Bosh konsulligi xabar berdi.

Qozogʻistonning vakolatli idoralari maʼlumotiga koʻra, hodisa joriy yil 30-noyabr kuni soat 21:00 da “Rossiya Federatsiyasi – Aktobe – Qizilorda – Almata” respublika ahamiyatiga ega avtomobil yoʻlida sodir boʻlgan.

Ichida 54 nafar Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan, “Moskva – Toshkent” yoʻnalishi boʻylab harakatlanib kelayotgan, davlat raqami “VanHool” rusumli yoʻlovchi avtobusi yoʻl-transport hodisasiga uchragan. Qayd etilishicha, YTH oqibatida jabrlangan va halok boʻlganlar yoʻq.

Barcha yoʻlovchilar favqulodda vaziyatlar xizmati va politsiya xodimlari tomonidan Aktobe viloyati Aytekebi tumani Qorabutoq qishlogʻidagi masjidga vaqtincha joylashtirilgan. Ularga oziq-ovqat va zarur yordamlar koʻrsatilmoqda.

“Vaziyat Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi elchixonasi va Bosh konsulligi tomonidan toʻliq nazoratga olingan boʻlib, Qozogʻiston tomonining masʼul idoralari bilan doimiy aloqa oʻrnatilgan”, deyiladi xabarda.

Qoʻshimcha qilinishicha, hozirgi vaqtda fuqarolarni Oʻzbekistonga boshqa avtobus orqali tezkor ravishda qaytarish choralari koʻrilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?