Janubiy Koreya Shimoliy Koreyani Rossiyadan qoʻshinlarini olib chiqib ketishga chaqirmoqda

Arxiv foto
Janubiy Koreya Rossiyaning Shimoliy Koreya bilan mudofaa shartnomasini imzolash tashabbusidan jiddiy xavotir bildirdi va oʻz qoʻshnisini Ukrainadagi urushda Moskvaga qoʻshin yetkazib berishda aybladi.
Payshanba kuni Rossiya parlamentining quyi palatasi Moskva va Pxenyanga hujum qilingan taqdirda oʻzaro yordam koʻrsatish majburiyatini olgan shartnomani bir ovozdan maʼqulladi. Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirligi juma kuni eʼlon qilgan bayonotda Seul Shimoliy Koreya qoʻshinlarini zudlik bilan olib chiqib ketish va noqonuniy hamkorlikni toʻxtatishni qatʼiy talab qilgan.
“Hukumat xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda Rossiya va Shimoliy Koreya oʻrtasidagi harbiy hamkorlikka qatʼiy munosabatda boʻladi va ularning harbiy hamkorligi rivojlanib borishi sababli tegishli choralarni koʻradi”, — deyiladi Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Shu oʻrinda Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol Shimoliy Koreya qoʻshinlarining Rossiyaga kiritilishini global xavfsizlikka tahdid soluvchi provokatsiya sifatida qoraladi. Bungacha Rossiya va Shimoliy Koreya harbiy hamkorligi fonida Janubiy Koreya Ukrainaga qurol-yarogʻ yetkazib berish masalasini kun tartibiga olib chiqqani haqida xabarlar tarqalgandi.
“Agar Shimoliy Koreya Rossiya hamkorligi doirasida Ukraina urushiga maxsus kuchlarni yuborsa, biz Ukrainani bosqichma-bosqich qoʻllab-quvvatlaymiz, shuningdek, Koreya yarim orolida xavfsizlikni taʼminlash uchun zarur choralarni koʻrib chiqamiz va amalga oshiramiz”, — dedi Yun Sok Yol Polsha bilan muzokaralardan soʻng qoʻshma matbuot anjumanida.
“Biz oʻlimga olib keladigan qurollarni toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib bermaslik tamoyilini saqlab qolgan boʻlsak-da, Shimoliy Koreya harbiy faoliyatiga qarab, oʻz pozitsiyamizni yanada moslashuvchan tarzda koʻrib chiqishimiz mumkin”, — deya qoʻshimcha qilgan Janubiy Koreya yetakchisi.
Amerika Qoʻshma Shtatlari va Janubiy Koreya rasmiylari chorshanba kuni Shimoliy Koreyaning 3000 nafar askari Rossiyaning bir qancha joylarida borligidan xabardor ekanliklarini maʼlum qilgan.
Ukraina harbiy razvedka xizmati payshanba kuni maʼlum qilishicha, Rossiyada tayyorgarlikdan oʻtgan Shimoliy Koreya fuqarolari allaqachon Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh va yirik janglar maydoniga aylangan Kursk viloyatiga joylashtirilgan.
Payshanba kuni Qozondagi BRIKS sammiti yakunlanar ekan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreya qoʻshinlarining harakatini aks ettiruvchi sunʼiy yoʻldosh tasvirlari haqidagi savollarni chetlab oʻtdi. Kim Chen In bilan har tomonlama strategik sheriklik toʻgʻrisidagi kelishuvni imzolagan Putin jurnalistlarga Moskva oʻzaro mudofaa bandini qanday amalga oshirayotgani bu oʻzining ishi ekanligini aytgan.
Bungacha Shimoliy Koreyaning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi missiyasi Rossiyaga qoʻshin yuborgani haqidagi daʼvolarni asossiz mish-mishlar, deb rad etgan edi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring