Ortga qaytmas Javohirga baxshida

12:59 27 Noyabr 2025 Madaniyat
225 0

Shaxmat boʻyicha Xalqaro grossmeyster Javohir Sindarov Jahon kubogini qoʻlga kiritdi.

Kimdir der: “Ne yangi, nimasi yangi?”,
Bizda bari yangi, hammasi yangi.

“Yoʻl bering Oʻzbeklar kelayotirlar!”,
Har bir soʻzi yangi, jumlasi yangi.

Shaxmatda aqllar bellashadilar,
Shaxmatda toʻqnashar bilim, zakovat.

Tafakkur shiddati, gen sharofati,
Shaxmatda koʻrinar qondagi qudrat.

Kimdir der: “Ne yangi, nimasi yangi?”,
Bizda bari yangi, hammasi yangi.

Yurtboshim, bolam deb bagʻriga bosgan,
“Oltin avlod” yangi, atamasi yangi.

Kutishga chiqamiz aeroportga,
Karnay, surnaylarning nagʻmasi yangi.

“Yoʻl bering oʻzbeklar kelayotirlar!”,
Hilpirar bayrogʻi, tamgʻasi yangi.

Kimdir der: Ne yangi, nimasi yangi?”,
Nahot koʻrmayapsan, hammasi yangi.

Bebaho Nodiri, Javohirlari,
Karvonlari yangi, kemasi yangi.

“Mistir Sindarov – janob Sindarov”,
Dunyoning yangi, atamasi yangi.

Kecha paxta terardik, maktablar yopiq,
Sovuq nolishlarim oʻtmishda qoldi.

“Oq oltinni oltin qoʻllar teradi”,
Eski kalishlarim oʻtmishda qoldi.

Qoʻllari yorilgan oltin odamlar,
Qor bosgan dalada izlari qoldi.

“Oʻlmagan qul koʻraverar” – deb,
Dard toʻla nolasi, soʻzlari qoldi.

Endi bari yangi, hammasi yangi,
Bu yorugʻ kunlari, tonglari yangi.

“Yoʻl bering oʻzbeklar kelayotirlar!”,
Dunyo eʼtirofi, bonglari yangi.

Hindiston olqishladi Bobur avlodin,
Unda ham Ganga-yu, Jamnasi yangi.

Oʻzbekdan yaxshilik koʻrgan ular ham,
“Toshkent koʻrgan”larning hammasi yangi.

“Mistir Sindarov – janob Sindarov”,
Ortga qaytmas yoʻlbars hamlasi yangi.

Bizning koʻchamizda bayramlar yangi,
Bizda bari yangi, hammasi yangi.

Zulfiya MOʻMINOVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi,
“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?