Zamonaviy maʼrifat: yangi nigoh, kreativ yondashuv

17:05 02 Mart 2026 Jamiyat
411 0

Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi Yoshlar oromgohida tashkil etilgan “Zamonaviy maʼrifat: yangi nigoh, kreativ yondashuv” mavzusidagi respublika oʻquv seminari maʼnaviy-maʼrifiy sohada faoliyat yuritayotgan ziyolilar uchun muhim muloqot hamda tajriba almashish maydoniga aylandi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi, Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti hamda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamkorligidagi mazkur loyihada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan saralab olingan 110 nafar olim, ekspert va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Seminarning birinchi kuni strategik tahlil, raqamli transformatsiya, kommunikativ kompetensiya, ijtimoiy psixologiya va loyihaviy boshqaruv kabi dolzarb yoʻnalishlarga bagʻishlandi. Mutaxassislar zamonaviy targʻibotchining bilim, dunyoqarash va masʼuliyati haqida atroflicha fikr almashdilar.

— Biz uch ming yillik tariximiz davomida nimaga erishgan boʻlsak, ziyolilarimizning birlashgani tufayli erishganmiz, nimaga erisha olmagan boʻlsak, ularning tarqoqligi sababli boʻlgan, — deydi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati ekspertlar kengashi raisi, tarix fanlari doktori, professor Abduhalil Mavrulov. — Millatning gullari ziyolilar boʻlsa, ziyolilarning gullari, maʼrifat targʻibotchilaridir. Chunki targʻibotchi bilimni xalq ongiga yetkazadi, gʻoyani harakatga aylantiradi. Zamonaviy targʻibotchi zamon nafasini his qiladigan, islohotlarga chetdan kuzatuvchi emas, balki faol ishtirokchi boʻlishi kerak. U odamlarni ortidan ergashtira olishi, bugungi kun islohotlarini, avvalo, oʻzi chuqur anglab, boshqalarga yetkaza bilishi lozim. Targʻibotchi quyoshdir, u tinglovchini isitishi, ularga nur va ziyo berishi kerak.

Shuningdek, jamiyat raisi Baxtiyor Xusanov oʻz chiqishida ilm va tafakkur ustuvorligini alohida taʼkidladi.

— Bilimni trendga chiqarishimiz kerak, — deydi u. — Chunki jamiyatning haqiqiy taraqqiyoti boylik yoki shov-shuv bilan emas, aynan ilm va tafakkur bilan belgilanadi. Insonlarni yuzaki maʼlumot bilan emas, balki chuqur va asosli bilim bilan tanishtirish bugunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Haqiqiy ilm odamni erkin fikrlashga, voqealarga tanqidiy yondashishga va mustaqil xulosa chiqarishga oʻrgatadi. Ziyoli boʻlish, bu unvon emas, bu masʼuliyatdir.

Seminarning ikkinchi kuni mediasavodxonlik va zamonaviy axborot makonidagi masʼuliyat masalalariga bagʻishlandi. Unda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi, filologiya fanlari doktori Beruniy Alimov ziyolilar uchun maxsus mahorat darsini oʻtdi.

— Mediasavodxonlik bugungi kunda shunchaki koʻnikma emas, balki zamon talabidir, — deydi B. Alimov — Axborot oqimi haddan tashqari kuchaygan davrda inson har bir xabarni tahlil qila olishi, soxta va ishonchli manbani farqlashi, raqamli texnologiyalardan ongli foydalanishi zarur. Ayniqsa, sunʼiy intellekt imkoniyatlari kengayib borayotgan bir paytda undan foydalanishni bilmagan kishi oʻz oʻrnini moslashgan va bilimli insonga boʻshatib berishi mumkin. Chunki masala sunʼiy intellektning oʻzida emas, balki uni boshqara oladigan tafakkurda.

Tadbirda, shuningdek, sunʼiy intellektning afzalliklariga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Xususan, mutaxassislarning fikricha, sunʼiy intellekt raqib emas, yordamchi. U vaqtni tejaydi, tahlilni tezlashtiradi, ijodiy jarayonni qoʻllab-quvvatlaydi, murakkab hisob-kitoblarni soniyalar ichida bajaradi. Ammo u mustaqil fikr, axloqiy masʼuliyat va insoniy sezgining oʻrnini bosa olmaydi. Shuning uchun uning imkoniyatlari, ishlash tamoyillari, afzallik va cheklovlarini chuqur oʻrganish muhim. Bugundan tayyor boʻlish, oʻrganish va moslashish — kelajakni boy bermaslikning eng toʻgʻri yoʻlidir.

Ikki kun davomida ishtirokchilar Yangi Oʻzbekiston gʻoyalarini targʻib qilish, global geosiyosiy jarayonlarni tahlil etish, omma oldida nutq soʻzlashning psixologik jihatlari, vaqtni boshqarish va stressga chidamlilik boʻyicha amaliy koʻnikmalarni mustahkamladi. Zamonaviy mediamakonda OAV va jamoatchilik bilan konstruktiv muloqot oʻrnatish usullari ham oʻrgatildi.

Shuningdek, seminar doirasida maʼnaviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega “Fonus” va “Chegara” qisqa metrajli filmlari namoyish etildi.

Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan mazkur loyiha yakunida faol ishtirokchilarga “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyatiga aʼzolik guvohnomalari hamda maxsus sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Mazkur ikki kunlik seminar zamonaviy maʼrifat targʻibotchilarining bilim va salohiyatini oshirish, ularni zamon bilan hamnafas fikrlaydigan, masʼuliyatli va faol ziyolilar sifatida shakllantirishga xizmat qildi. Zero, ilm qadrlangan jamiyatda taraqqiyot, adolat va maʼnaviy yuksalish barqaror boʻladi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер