Hokimiyat va qismat: dunyoni oʻzgartirgan suiqasdlar
Baʼzan butun bir davr taqdirini oʻzgartirish uchun katta armiyalar yoki uzoq yillik urushlar emas, balki atigi bitta oʻq ovozi kifoya qilishi mumkin. Tarix bir necha bor muayyan gʻoya, siyosat va jamiyat kelajagiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan siyosiy suiqasdlar guvohiga aylangan. Shunday fojialar borki, ulardan keyin siyosiy muvozanat izdan chiqib, jamiyatlar ikki qutbga boʻlingan, ayrim hollarda esa mamlakatlar mutlaqo boshqacha siyosat yoʻliga oʻtgan. Bunday suiqasdlar ortida nafaqat nafrat, balki hokimiyat uchun ayovsiz kurash, mafkuraviy ziddiyat kabi bir qator sabablar yashiringan boʻlishi mumkin. Ushbu maqolada dunyo tarixidagi eng shov-shuvli siyosiy qotilliklar haqida soʻz boradi.
Avraam Linkoln — teatrdagi soʻnggi parda
1865-yilning 14-aprel oqshomi Amerika tarixi uchun eng mudhish sahifalardan biriga aylandi. Vashingtondagi “Ford” teatri “Bizning amerikalik amakivachchamiz” komediyasini koʻrish uchun kelgan tomoshabinlar bilan toʻla, prezident Avraam Linkoln ham qonli fuqarolar urushidan soʻng ilk bor hordiq chiqarish uchun rafiqasi bilan ushbu teatrga tashrif buyurgan edi. Biroq, teatrning har bir burchagini besh qoʻldek biladigan aktyor Jon Uilks Butning rejalari boʻlakcha edi. U janubliklarning ashaddiy tarafdori boʻlib, Linkolnni qullikni bekor qilgani va Janubni magʻlub etgani uchun zolim deb hisoblar, undan oʻch olish payida edi. Spektaklning eng baland kulgi va qahqaha koʻtarilgan lahzasida, Jon But sekingina prezident lojasiga kirdi. Oʻq ovozi kulgilar orasida deyarli eshitilmay qoldi — u Linkolnning boshiga yaqin masofadan oʻq uzdi.

Fojia yanada dramatik tus oldi. Qotil lojasidan sahnaga sakrab tushdi va tomoshabinlarga qarab “zolimlarning qismati doim shunday!” deb hayqiradi. Qotil teatr sahnasiga sakrab tushadi va oyogʻini sindirib olishiga qaramay, otga minib qochishga muvaffaq boʻladi. Oradan 12 kun oʻtib, 26-aprel kuni u Virjiniyadagi bir fermerning omborxonasida askarlar tomonidan qurshab olinadi va serjant Boston Korbett tomonidan otib oʻldiriladi. Keyinchalik mazkur fitnaning boshqa ishtirokchilari ham tezda qoʻlga olinadi va ularning toʻrt nafari, jumladan, Amerika tarixida ilk bor ayol kishi — Meri Surrat dorga osiladi. Linkolndan soʻng prezidentlikka kelgan Endryu Jonson esa mamlakatni qayta tiklash jarayonini boshlaydi, biroq u Linkoln kabi siyosiy obroʻga ega boʻlmagani sababli Kongress bilan doimiy nizolarga boradi va bu AQSH tarixida ilk bor prezidentga nisbatan impichment jarayoni boshlanishiga olib keladi. Shunday qilib, bu qotillik Linkolnning yumshoq islohotlarini toʻxtatib, Janub va Shimol oʻrtasidagi siyosiy kurashni yanada keskinlashtirib yuboradi.

Ostonadagi xiyonat — Indira Gandiga suiqasd
1984-yilning 31-oktyabr tongi Hindiston uchun kutilmagan fojia bilan boshlandi. Mamlakat bosh vaziri Indira Gandi oʻz qarorgohi bogʻi boʻylab britaniyalik aktyor Piter Ustinovga intervyu berish uchun ketayotgan edi. U oʻzining xavfsizligiga shunchalik ishonardiki, oʻsha kuni hatto oʻq oʻtmas nimchasini ham kiymagan, xalq bilan muloqotda samimiy koʻrinishni istagan edi. Biroq, bogʻ yoʻlagida uni oʻzgalar emas, oʻzi eng koʻp ishongan va koʻp yillardan buyon sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan ikki nafar tansoqchisi — Beant Singh va Satvant Singh kutib turgan edi.

Vaziyatning keskinlashuviga Gandining “Moviy yulduz” operatsiyasi doirasida sikxlarning muqaddas maskani hisoblangan Oltin ibodatxonaga qoʻshin kiritish haqidagi buyrugʻi sabab boʻlgan. Bu qaror sikx millatiga mansub boʻlgan qoʻriqchilarning qalbida qattiq nafrat va qasos oʻtini yoqqan edi. Gandi ularga yaqinlashib, odatdagidek salomlashgan lahzada, qoʻriqchilardan biri toʻpponchadan, ikkinchisi esa avtomatdan oʻt ochadi. Oʻz xonadonining ostonasida, oʻz xizmatchilari qoʻlidan halok boʻlgan bu buyuk ayolning oʻlimi butun Hindistonni larzaga keltirdi. Indira Gandining fojiali vafotidan soʻng Hindiston siyosiy va ijtimoiy jihatdan misli koʻrilmagan boʻhronlar girdobida qoldi. Bosh vazirning oʻlimi haqidagi xabar tarqalishi bilan mamlakat boʻylab, ayniqsa Dehlida sikxlarga qarshi ommaviy gʻalayonlar koʻtarildi va bu toʻqnashuvlarda minglab aybsiz insonlar hayotdan koʻz yumdi. Siyosiy boʻshliqni toʻldirish uchun oʻsha kunning oʻzida Indiraning oʻgʻli Rajiv Gandi Hindistonning eng yosh bosh vaziri sifatida qasamyod qiladi. Rajiv onasining vafotidan soʻng oʻtkazilgan saylovlarda xalqning kuchli hamdardligi va qoʻllab-quvvatlovi tufayli parlamentda mutlaq koʻpchilik ovozini qoʻlga kiritib, mamlakatni modernizatsiya qilish va texnologik rivojlantirish yoʻlida dadil qadamlar tashladi. Biroq, bu suiqasd Hindistonda diniy va etnik boʻlinishlarni yanada chuqurlashtirib yubordi hamda xavfsizlik choralarining tubdan qayta koʻrib chiqilishiga sabab boʻldi. Eng achinarlisi, oradan yetti yil oʻtib, 1991-yilda Rajiv Gandi ham onasi kabi suiqasd qurboni boʻldi, bu esa Gandilar sulolasi uchun navbatdagi katta fojia boʻlib tarixga muhrlandi.
Tinchlik yoʻlidagi qurbonlik — Isxak Rabinning oʻldirilishi
1995-yilning 4-noyabr oqshomi Isroil xalqi uchun umid va fojia toʻqnashgan lahza boʻlib tarixda qoldi. Tel-Aviv markazidagi “Isroil maydoni”da oʻn minglab odamlar Falastin bilan uzoq kutilgan tinchlikni qoʻllab-quvvatlash uchun toʻplangan edi. Isroil Bosh vaziri Isxak Rabin mitingda ishtirok etib, xalq bilan birga tinchlik qoʻshigʻini kuyladi. Ammo u bayramona ruhdagi maydonni tark etib, oʻz mashinasi tomon ketayotganida, ochiq maydonning sokinligini kutilmagan oʻq ovozlari buzib yubordi.

Ushbu qotillik ortida oʻng qanot ekstremisti Igal Amir turgan edi. U Rabinning Falastin Ozodlik Tashkiloti bilan imzolagan “Oslo kelishuvlari”ga va bosib olingan yerlarni qaytarib berish siyosatiga mutlaqo qarshi edi. Ekstremistlar nazarida Rabin Isroil manfaatlariga xiyonat qilgan sotqin boʻlib koʻringan. Atigi bir necha daqiqa oldin tinchlik haqida nutq soʻzlagan Bosh vazir oʻz vatandoshining oʻqi bilan hayotdan koʻz yumdi. Isxak Rabinning vafotidan soʻng Isroil va butun Yaqin Sharq siyosiy iqlimi butunlay teskari tomonga burilib ketdi. Bosh vazirning oʻlimi munosabati bilan oʻtkazilgan motam marosimida dunyoning koʻplab yetakchilari, jumladan, AQSH prezidenti Bill Klinton va hatto Misr prezidenti Husni Muborak ham ishtirok etib, “Xayr, doʻstim” deya vidolashdilar. Rabindan keyin hukumat tepasiga vaqtincha Shimon Peres keldi, biroq mamlakatdagi siyosiy boʻlinish va ketma-ket sodir boʻlgan terrorchilik xurujlari jamiyatdagi kayfiyatni oʻzgartirib yubordi. Natijada, 1996-yildagi saylovlarda Rabinning ashaddiy tanqidchisi boʻlgan Binyamin Netanyaxu gʻalaba qozondi. Bu oʻzgarish “Oslo kelishuvlari”ning amalda toʻxtab qolishiga va Isroil-Falastin munosabatlarining qurolli toʻqnashuvlar bosqichiga oʻtishiga sabab boʻldi. Qotillik ortida turgan Igal Amir esa umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi va u hanuzgacha oʻz qilmishidan afsusda emasligini taʼkidlab keladi. Bugungi kunda ham koʻplab tahlilchilar aynan Rabinning oʻlimini Yaqin Sharqda barqaror tinchlik oʻrnatish imkoniyatining boy berilishi va tarixning boshqa oʻzanga burilib ketgan nuqtasi deb hisoblashadi.

Benazir Bhuttoning oʻldirilishi — demokratiya yoʻlidagi soʻnggi muloqot
2007-yilning 27-dekabr kuni Pokistonning Ravalpindi shahri tarixiy va qonli voqeaga guvoh boʻldi. Islom dunyosida hukumat tepasiga kelgan birinchi ayol rahbar Benazir Bhutto mamlakatda demokratiyani qayta tiklash maqsadida xalq bilan uchrashuv oʻtkazgan edi. Saylovoldi mitingi juda koʻtarinki ruhda oʻtdi. Miting yakunlanib, Bhutto oʻzining zirhli avtomobilida maydonni tark etayotganida, odamlarning cheksiz hurmati va hayqiriqlariga javoban mashina lyukidan tashqariga chiqib, xalqqa qoʻl silkitdi. Aynan shu lahza uning uchun soʻnggi soniyalar boʻlib chiqdi.

Uning hayotiga qilingan hujum ikki bosqichda amalga oshirildi: dastlab unga qarata oʻq uzildi, ketidan esa dahshatli portlash sodir etildi. Benazir Bhuttoning fojiali vafotidan soʻng Pokistonda ommaviy gʻalayonlar va tartibsizliklar avj oldi, bu esa mamlakatda rejalashtirilgan umumiy saylovlarning qoldirilishiga sabab boʻldi. Siyosiy maydonda uning oʻrnini turmush oʻrtogʻi Osif Ali Zardoriy egalladi va u “Pokiston xalq partiyasi”ga rahbarlik qilib, 2008-yilgi saylovlarda gʻalaba qozonib, mamlakat prezidenti etib saylandi. Bhuttoning oʻlimi Pokiston siyosatida “shohidlik” tushunchasini yanada mustahkamladi va uning oʻgʻli Bilovul Bhutto Zardoriyning yoshligidanoq siyosatga kirib kelishiga yoʻl ochdi. Mazkur suiqasd boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro va ichki tergovlar uzoq yillar davom etdi. BMT hukumatni xavfsizlik choralarini yetarli darajada taʼminlamaganlikda aybladi, keyinchalik esa sobiq prezident Parviz Musharraf ham ushbu ish boʻyicha gumonlanuvchi sifatida sudga tortildi. Bhuttoning vafoti Pokistonda ekstremizmga qarshi kurashni yanada murakkablashtirdi va mamlakatning demokratik taraqqiyoti yoʻlidagi eng ogʻriqli yoʻqotishlardan biri boʻlib qoldi.
Dallas koʻchasidagi sirli oʻq — Jon Kennedining otilishi
1963-yilning 22-noyabr kuni tush vaqti AQSHning Dallas shahri bayramona kayfiyatda edi. Amerika xalqi intiqib kutgan yosh va shijoatli prezident Jon Kennedi ochiq limuzinda rafiqasi Jaklin bilan birga shahar koʻchalari boʻylab xalqni qutlab borardi. Odamlarning hayqiriqlari va olqishlari ostida avtomobil karvoni “Dili-Plaza” maydoniga burilgan lahzada, kutilmagan uchta oʻq ovozi havoni titratib yubordi. Dunyodagi eng qudratli inson millionlab odamlar va kameralar koʻz oʻngida, uzoq masofadan yoʻllangan mergan oʻqi nishoniga aylandi.

Ushbu qotillikda rasmiy ravishda Li Xarvi Osvald ayblangan boʻlsada, voqea ortidagi haqiqat hamon qorongʻiligicha qolmoqda. Osvald oʻz qarashlari tufayli bu ishga qoʻl urgan degan xulosa koʻpchilikni qoniqtirmadi, chunki oradan ikki kun oʻtib qotilning oʻzi ham sirli tarzda otib oʻldirildi. Oʻnlab yillar oʻtsada, Kennedi suiqasdi ortida kimlar turgani jumboq va bahslar mavzusi boʻlib kelmoqda. Kennedining oʻlimi Amerika jamiyatida misli koʻrilmagan “suiqasd nazariyalari” davrini boshlab berdi va xalqning rasmiy maʼlumotlarga boʻlgan ishonchini pasaytirdi. Qotillikni tekshirgan “Uorren komissiyasi”ning Osvald yolgʻiz harakat qilgan degan xulosasi hamon shubha ostiga olinadi. Kennedi vafotidan soʻng AQSHning Vyetnam urushidagi ishtiroki keskin kengaytirildi, bu esa mamlakat ichida yirik ijtimoiy boʻlinishlarga olib keldi. Kennedi oʻlimi bilan bogʻliq koʻplab arxiv hujjatlari oradan oʻnlab yillar oʻtib ham sirli ravishda yopiq qolayotgani, bu voqeani AQSH tarixidagi eng katta va haligacha yechilmagan siyosiy jumboq sifatida saqlab kelmoqda. Dallas koʻchalarida uzilgan oʻsha oʻq nafaqat bir prezidentning hayotiga nuqta qoʻydi, balki butun Amerika xalqining oʻz hukumatiga boʻlgan ishonchini ham soʻroq ostida qoldirdi.

Siyosiy yetakchilarning nishonga olinishi — bu jamiyatdagi murosasizlik, radikalizm va muloqot madaniyati inqirozining achchiq mevasidir. Biroq tarixiy jarayonlar shuni isbotladiki, haqiqiy liderning merosi oʻlim bilan tugamaydi. Aksincha, suiqasd lahzasi yetakchi shaxsiyatini gʻoyaviy timsolga aylantiradi va uning tamoyillarini xalq xotirasiga yanada chuqurroq muhrlaydi. Linkolnning ozodlik ruhi, Gandining matonati yoki Rabinning tinchlikka boʻlgan tashnaligi ularning jismoniy yoʻqligidan soʻng yanada balandroq jaranglay boshladi. Bugungi kun nuqtayi nazaridan qaraganda, bu fojialar bizni siyosiy ixtiloflarni qurol kuchi bilan emas, balki tafakkur va mantiq maydonida hal qilishga chorlaydi.
Eʼzozbek Hamidov tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Yanvar oyida yuz nafardan ortiq amerikalik oʻqish uchun Oʻzbekistonga keldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring