Yoshlarga xorijiy til imtihon xarajatlari uchun 80 milliard soʻmdan koʻproq kompensatsiya toʻlandi

14:25 17 Mart 2025 Iqtisodiyot
236 0

Oʻzbekistonda xalqaro til sertifikatlaridan yuqori natijaga erishgan yoshlarning imtihon xarajatlarini qoplash davom etmoqda. Shu kungacha 42 ming 779 nafar yoshlarga jami 80 milliard 42 million soʻm mablagʻ ajratilib, ularning imtihon topshirish xarajatlari toʻliq qoplab berildi. Bu haqda Oliy Majlisi Senatining aʼzosi va Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev xabar berdi.

Qayd etish kerakki, mamlakatda xorijiy tillarni oʻrganish boʻyicha koʻrsatkichlar yildan-yilga oshib bormoqda. Xususan, 2024-yilda IELTS imtihonidan 5,5 va undan yuqori ball olgan yoshlar soni 2020-yilga nisbatan 5 baravar koʻpaygan. 7–8 ball (C1 daraja) olganlar soni 7,4 baravar, eng yuqori natija – 8,5–9 ball (C2 daraja)ni qoʻlga kiritganlar esa 23,7 baravarga oshgan.

Shuningdek, xorijiy tillarni oʻrganish boʻyicha yoshlar uchun yana bir yangi imkoniyat yaratildi. Prezident qaroriga muvofiq, nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillari boʻyicha xalqaro imtihon xarajatlarini qoplash uchun talab qilingan minimal daraja bir pogʻonaga pasaytirildi. Endilikda ushbu tillar boʻyicha B2 va unga tenglashtirilgan darajadagi natija olgan yoshlarning imtihon toʻlovlari davlat tomonidan qoplab beriladi.

Ayni paytda, 18 ta xalqaro imtihon tizimida yuqori natija qayd etgan yoshlar imtihon xarajatlarini “Xazna” ilovasi orqali qaytarib olish imkoniyatiga ega. Bu esa yoshlarning xorijiy tillarni oʻrganishga boʻlgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?