“Yoshlar oyligi” doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi

16:22 09 Iyun 2025 Jamiyat
135 0

Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Sirdaryo viloyatida “Yoshlar oyligi” doirasida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida tadbirlar boʻlib oʻtdi. Erta tongdan Guliston shahri boʻylab harakatlangan avtokarvon vositasida Vatanimiz bayrogʻi madh etildi. Tunda esa avtomashinalardan “30-iyun” yozuvi shakllantirildi.

Targʻibot banneri maxsus qayiqlarda Guliston shahridagi “Doʻstlik” kanali boʻylab olib oʻtildi. “Yoshlar paradi” ham oʻtkazildi va unda mahallalardagi yoshlar yetakchilari va yoshlar, oliy taʼlim muassasalari yoshlar yetakchilari, koordinatorlari, talabalari hamda boshqalar ishtirok etdi.

Guliston shahrida oʻtkazilgan madaniy-maʼrifiy tadbirda shahar aholisi, faol yoshlar, mahalla yetakchilari hamda poytaxtdan kelgan mehmonlar qatnashdi. Unda tashabbuskor va samarali mehnati bilan tengdoshlariga namuna boʻlayotgan bir guruh yoshlar Sirdaryo viloyati hokimligi va Yoshlar ishlari agentligining tashakkurnomalari hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Taniqli sanʼatkorlar, professional raqs jamoalari hamda iqtidorli yoshlarning Vatan, tinchlik, yoshlik va milliy qadriyatlar mavzusidagi jonli ijrolari tomoshabinlarga zavq-shavq, koʻtarinki kayfiyat ulashdi. Gala-konsert yakunidagi mushakbozlik esa tadbirga yanada tantanavorlik bagʻishladi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Saʼdullayev ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер