Yashirin sexda ishlab chiqarilgan biologik faol qoʻshimchaning savdoga chiqishi toʻxtatib qolindi

13:10 26 Noyabr 2025 Jamiyat
190 0

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yunusobod tumani boʻlimi va DXX xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Unda aytilishicha, tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqarolar L.Q., D.S. va boshqalar yashirin sex tashkil etib, kapsula koʻrinishidagi idishlarga qadoqlangan, sifatini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan mahsulotga “C.P.” MCHJ tomonidan ishlab chiqariladigan “Gemopro” nomli biologik faol qoʻshimchaning yorliqlarini yelimlab ishlab chiqarganliklari fosh qilingan.

Qonunbuzar shaxslar xaridorga ushbu mahsulotning 240 donasini sotayotgan vaqtida tezkor tadbir xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan. Ushbu yashirin sexdan 3 turdagi 80 dona yorliqlar va ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa mahsulotlar ham ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari boshlab yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?