“Yashil taraqqiyot”ga erishishda Yangi Oʻzbekiston tajribasi alohida eʼtirof etildi

11:47 07 Iyul 2023 Jamiyat
332 0

Toshkentda “Yangi Oʻzbekiston: taraqqiyot, innovatsiyalar va rivojlanish” mavzusidagi xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida “Yashil taraqqiyot”: Yangi Oʻzbekiston tajribasi va jahon tendensiyalari” xalqaro tadbiri boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri oʻrinbosari Jusipbek Kazbekov, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bosh direktori Boris Erg, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati “Yashil Markaziy Osiyo” dasturi rahbari Karolina Milou, Global yashil oʻsish institutining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jinxa Kim, Jahon bankining atrof-muhit boʻyicha bosh mutaxassisi Asferachyu Abate, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻzbekistondagi Rezident Koordinatori ofisida hamkorlik boʻyicha xodimi Rusyan Jill Mamiit kabi xorijlik mutaxassislar ishtirok etishdi.

Tadbirda Ekologiya vaziri oʻrinbosari Jusipbek Kazbekov Oʻzbekistonda ekologiya sohasida olib borilayotgan oʻzgarishlar, “yashil taraqqiyot” sohasida Yangi Oʻzbekiston tajribasiga bagʻishlangan taqdimotini namoyish qildi.

Shuningdek, xorijlik mutaxassislar qator dolzarb mavzularga eʼtibor qaratishdi. Xususan, Boris Erg atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilmaxillikni saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil tiklanish va iqlim harakatlari sohasida hamkorlik qilish kabi masalalarga toʻxtaldi. Shuningdek, “Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimi, yerdan foydalanish va ekotizimlarni tiklash”, “Oʻzbekistonning togʼli va vodiyli hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish”, “Markaziy Osiyoda tabiatni muhofaza qilish tizimini mustahkamlash orqali zoonoz kasalliklarning paydo boʻlishiga landshaft moslashuvchanligini oshirish” kabi qoʻshma grant loyihalari doirasida hamkorlik kabi masalalarga ham eʼtibor qaratdi.

Karolina Milou “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar va tashabbuslar boʻyicha maʼlumot berdi. Qolaversa, “Yashil Markaziy Osiyo: Markaziy Osiyo va Afgʼonistonda iqlim, atrof-muhit va xavfsizlik masalalari boʻyicha transchegaraviy muloqot” loyihasini amalga oshirish boʻyicha oʻz mulohazalarini bildirdi.

Bundan tashqari, Asferachyu Abate Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan “Markaziy Osiyoning barqaror landshaftlari” (RESILAND CA+) mintaqaviy loyihasini amalga oshirish doirasida Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi ekotizimlar masalalarida muloqotni kengaytirish haqida maʼruza qildi.

Jinxa Kim esa Global Yashil Oʻsish Institutining (GGGI) “Orol dengizi inqirozining taʼsirini bartaraf etish uchun Orolboʻyi hududi uchun yashil tiklanish sarmoyasi” qoʻshma loyihasi doirasida Orolboʻyi hududida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning koʻlamini kengaytirish masalalariga toʻxtaldi. Shu bilan birga, Rusyan Jill Mamiit Oʻzbekistonda BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti ishtirokida suv va yer resurslari sifatini boshqarish yoʻnalishida yangi loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish boʻyicha oʻz mulohazalarini bildirdi.

Taʼkidlash joizki, tadbir davomida butun dunyoda “yashil taraqqiyot”ga erishishda Yangi Oʻzbekiston tajribasi alohida eʼtirof etildi. Bunda jahon standartlariga toʻliq moslashish, atrof-muhitni muhofaza qilishda yana qator muhim ishlarni amalga oshirish zarur ekanligi ham taʼkidlandi.

Maʼlumot uchun, “Yangi Oʻzbekiston: taraqqiyot, innovatsiyalar va rivojlanish” haftaligi 7-iyulgacha davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?