Yashil oltin yoki 10 avlodni boqadigan daraxt

Qoʻqon oʻrmon xoʻjaligi tasarrufidagi yashillik saltanati 10 ming gektardan ziyod. Keng hudud Sirdaryo sohillarigacha tutashib ketgan. Xoʻjalik aʼzolari tabiiy muvozanatni taʼminlovchi oʻrmonlarni asrash bilan birga, yurtimizni koʻkalamzorlashtirishda keng qoʻllanayotgan kashtan, yapon soforasi, Qrim qaragʻayi va boshqa turdagi noyob manzarali daraxtlarni agrotexnika talablari asosida parvarishlashyapti. Nihollar tabiiy iqlim sharoitiga moslashib olgach esa shahar va tumanlarimizga koʻrk bagʻishlashi uchun ekilyapti.
Maxsus ekin maydonlarida parvarishi yoʻlga qoʻyilgan 130 turdagi shifobaxsh oʻsimliklar rivoji ilmiy izlanuvchilar guruhi nazoratida. Shu bilan birga xoʻjalikning 8 ta uchastkasidagi 50 gektardan ortiq maydonda 40 turdagi dorivor hamda darmondorilarga boy mevali daraxtlar nihollari parvarishlanadi. Oshqovoq, achchiq bodom, jiyda, naʼmatak, moychechak, kashnich, ukrop, rayhon va boshqa turdagi oʻsimliklar parvarishi xoʻjalikka yaxshigina daromad keltiradi.
Yashil tabiat fidoyilarining pista yetishtirish borasidagi tajribasi ham oʻziga xos. Bugungi kunda 15 gektar yerda pistazor barpo etilib, xoʻjalik mutaxassislari pista koʻchatini toshloq yerlarda parvarishlashga ixtisoslashtirishyapti. Yangi tajriba asosida ushbu nihollar baravj rivojlanmoqda.
— Bugungi kunda xandon pista jahonning koʻplab mamlakatlarida muhim qishloq xoʻjaligi ekini hisoblanadi, — deydi Qoʻqon oʻrmon xoʻjaligi rahbari Mansurxoʻja Xoʻjayev. — Jahon boʻyicha yiliga 550 ming tonna pista yetishtirilmoqda. Mamlakatimiz xandon pista yetishtiruvchi yetakchi ishlab chiqaruvchilar roʻyxatida 13-oʻrinni egallaydi. Bunday noyob mevani tayyorlashning mamlakatimizdagi yillik miqdori 200 tonnani tashkil qilmoqda. Oʻzbekiston oʻzining qulay sharoitlari tufayli jahonda xandon pista ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi oʻnlikka kirib olishi mumkin. Buning uchun bizda barcha imkoniyatlar mavjud. Faqat hamma gap ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanishda qolmoqda.
Yuqori sifatli taʼm tufayli jahon bozorida xandon pista grek yongʻogʻi va bodomga qaraganda 3-4-marta qimmatroq baholanadi. Jahon bozoriga xandon pistani asosiy yetkazib beruvchi davlatlarda uni “yashil oltin” deb ataydilar.
–Bir necha yil avval pistani sanoat usulida yetishtirish maqsadida koʻpni koʻrgan omilkor bogʻbonlar bilan maslahatlashdim, – deydi Mansurxoʻja Xoʻjayev. –Mutaxassislar ham “Bu dashtlardagi tuproq sharoiti pista yetishtirish talablariga javob bermaydi”, deb xulosa berdilar. Shunga qaramay Qoʻqon davlat oʻrmon xoʻjaligining Beshariq boʻlimi xodimlari sinov tariqasida “Shoberdi”, “Asad” dashtlariga urugʻ qadashdi. Natija kutilganidek boʻlmadi. Biz boʻsh kelmadik, pistachilik rivojlangan davlatlardan biriga borib, u yerdagi tajribani oʻrganib qaytdim. Maʼlum boʻlishicha, pistani avval alohida holda undirib, koʻchat holiga yetkazgachgina, toshloq yerlarga oʻtqazish yaxshi samara berar ekan. Buning uchun qogʻoz tuvaklardan foydalandik.
–Xandon pista ham parvarishga, mehrga muhtoj, –deydi “Shoberdi” boʻlimi oʻrmonbegi Ergashali Joʻliyev. – Bir yildan oshdi Qoʻqon davlat oʻrmon xoʻjaligida oʻstirilayotgan pista daraxtlari hosilga kirdi. Xandon pista plantatsiyalarimiz toʻliq kuchga kirganda ulardan olinadigan daromad noʻxatga qaraganda 28-marta, poliz ekinlariga qaraganda 9-marta, bugʻdoyga nisbatan esa 50-marta ortiq boʻladi.
Xandon pista qurgʻoqchilikka oʻta chidamli oʻsimlik. Suv quyishni talab qilmaydi. Yengil sugʻorish ishlari koʻchat oʻtqazilgan ilk davrdagina zarur.
Aholi pistani kech mevalaydi, deb unchalik qiziqish bildirmaydi. Toʻgʻri kechroq mevaga kirishi bor gap lekin, mevalaganidan soʻng uning meva berish davriyligi 10 avlodgacha yetadi.
Xandon pista yetishtirish – Oʻzbekistonning qurgʻoqchil togʻoldi maydonlaridan, dasht yerlaridan foydalanishning iqtisodiy jihatdan eng foydali usuli boʻlib qolmoqda. Bu kamunum yerlardan imkon qadar samarali foydalanish zarur. Oʻzbekiston xandon pista yetishtirish uchun eng qulay joy. Hozir diyorimizda pistaning “Togʻ malikasi”, “Orzu”, “Albina”, “Sharq marvaridi” kabi 20 dan ortiq navlari mavjud.
Qoʻqon davlat oʻrmon xoʻjaligida naslchilik pistachilik maydonlari tashkil etilgan. Bu yerda yuqori hosilli, mahalliy sharoitga mos sara pista navlarini yaratish va koʻpaytirish borasida izlanishlar olib borilmoqda. Oʻrmonchilar koʻplab miqdorda xandon pista koʻchatlari yetishtirib fermerlarga va tomorqachilarga yetkazib berishyapti.
–Xandon pista parvarishlashning oʻziga xos xususiyatlari bor, – deydi oʻrmon xoʻjaligi mutaxassisi Muhammadjon Qambarov. –Buni sohibkorlar albatta hisobga olishlari zarur. Xandon pista koʻchati faqat bir joyda – dastlab ekilgan yerda koʻkaradi. Uni boshqa joyga koʻchirib oʻtqazilganda qurib qoladi. Oʻrmonchilarimiz pista koʻchatlarini payvandlashda ham uning nozik jihatlariga alohida eʼtibor qaratmoqdalar.
Beshariqning Asad va Shoberdi dashtlarida paydo boʻlgan dastlabki yirik pistazorlar nafaqat Fargʻona vodiysi, balki respublikamizning boshqa hududlarida ham ana shunday bogʻlar yaratilishiga turtki boʻladi.
Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring