Yangi O‘zbekiston — baxtiyor bolalar mamlakati

16:24 31 May 2025 Jamiyat
190 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan har tomonlama barkamol avlod tarbiyasiga yuksak e’tibor qaratilib, ko‘plab ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni ham baxtiyor bolalar mamlakati bo‘lgan Yangi O‘zbekistonda o‘zgacha ruh va ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanadi. Bu boradagi ishlarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Respublikamizning turli hududlarida “Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari” shiori ostida bayram tadbirlari tashkil etilib, Mehribonlik uylari va “Oilaviy bolalar uylari” tarbiyalanuvchilari, maxsus maktab-internatlari o‘quvchilari, xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiylar va Ichki ishlar idoralari xodimlari farzandlari, chin yetim va ehtiyojmand oilalar o‘g‘il-qizlarining ko‘ngillari ko‘tarib kelinmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri poytaxtimizdagi O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida o‘tkazildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tantanali tadbirga Toshkent shahridagi 22- va 30-Mehribonlik uylari hamda SOS O‘zbekiston bolalar mahallalari Toshkent filialida tarbiyalanayotgan bolajonlar, Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi Oilaviy bolalar uylari o‘g‘il-qizlari – jami 500 nafar yosh avlod vakillari taklif etildi.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan qayta tiklanib, xalqimizga taqdim etilgan mazkur muhtasham saroyda bolajonlar harbiy orkestr va milliy musiqa jamoalari ijrosidagi kuylar sadosi ostida bayramona kutib olindi. Yosh avlod vakillariga peshvoz chiqqan turli ertak qahramonlari ishtirokida tashkil etilgan madaniy tadbir esa bolajonlar quvonchiga yanada quvonch qo‘shdi. Saroy foyesida o‘g‘il-qizlar turli shirinliklar va salqin ichimliklar bilan mehmon qilindi.

Shundan so‘ng bolajonlar uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyi qoshidagi “Qaldirg‘och” bolalar san’at markazi o‘quvchilari ishtirokida Alisher Navoiyning “Lison ut tayr”, ya’ni “Qush tili” dostoni asosida maxsus sahnalashtirilgan “Semurg‘ haqida afsona” nomli musiqali spektakl namoyish etildi.

Kasaba uyushmalari saroyi ijodkorlari sahanalashtirgan mazkur spektakl orqali ko‘plab tarbiyaviy g‘oyalar ilgari surilib, hozirgi kunda ham yoshlar tarbiyasida dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan intiluvchanlik va qalb go‘zalligi, saxiy va mehribon bo‘lish oliy fazilatlar ekanligi, ezgulikning yovuzlik ustidan doimo g‘alaba qozonishi tarannum etildi. Spektakl bolajonlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.

Spektakldan so‘ng bolajonlar O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida bo‘ldilar. Yosh avlod vakillari bayram dasturxoniga taklif etilib, madaniy tadbirda ham ishtirok etdilar. Ushbu maskan bo‘ylab tashkil etilgan sayohat davomida o‘g‘il-qizlarga Milliy gvardiya faxriy qorovul qo‘shinlarining, harbiy orkestr va otliq askarlarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Bularning barchasi bolajonlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Respublikamizning barcha hududlarida mehnatkashlar farzandlari, maxsus maktab-internatlar, kam ta’minlangan, ko‘p bolali va boquvchisini yo‘qotgan oilalarda tarbiya topayotgan o‘g‘il-qizlar uchun xuddi shu kabi madaniy-ma’rifiy va tantanali bayram tadbirlari tashkil etilib, bolajonlarga bayram sovg‘alari topshirildi.

Kamoliddin ERGASHEV,

O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер