Vladimir Putin 2050-yilgacha moʻljallangan Harbiy-dengiz floti rivojlanish strategiyasini tasdiqladi

13:29 09 Iyun 2025 Dunyo
91 0

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakat Harbiy-dengiz flotining 2050-yilgacha boʻlgan rivojlanish strategiyasini tasdiqladi. Bu haqda Rossiya axborot agentliklari xabar bermoqda.

Prezident yordamchisi, Rossiya Federatsiyasi Dengiz kollegiyasi raisi Nikolay Patrushevning maʼlumotiga koʻra, bunday hujjat zamonaviy Rossiya tarixida ilk bor qabul qilindi.

Patrushevning aytishicha, strategiyani ishlab chiqish toʻgʻrisidagi qaror 2023-yil iyul oyida Kremlda boʻlib oʻtgan yigʻilishda qabul qilingan. Prezident topshirigʻiga binoan, dastlabki loyihani Mudofaa vazirligi tayyorlagan, keyinchalik uni federal idoralar va tashkilotlar takliflari asosida Rossiya Dengiz kollegiyasi tomonidan takomillashtirilgan holda yakuniy variant koʻrib chiqilgan.

“Detallarga toʻxtalmasdan aytish mumkinki, bu strategik rejalashtirish hujjati ilk bor qabul qilinmoqda. Rossiya dunyoning eng yirik dengiz davlatlaridan biri sifatida oʻz mavqeyini asta-sekin tiklamoqda”, — dedi Patrushev.

Uning qayd etishicha, ushbu strategik hujjatda jahon miqyosidagi harbiy-siyosiy vaziyat tahlili, qurolli mojarolar yuzaga kelish ehtimoli va xarakteri, yetakchi dengiz davlatlarining harbiy salohiyati, shuningdek, Ukraina urushi tajribasiga asoslangan holda Rossiya Harbiy-dengiz flotining joriy holati va imkoniyatlari baholangan.

Strategiya Rossiya harbiy-dengiz siyosatining uzoq muddatli yoʻnalishlarini belgilab, mamlakat milliy manfaatlarini dengizda himoya qilish, harbiy kuchlarni modernizatsiya qilish, yangi kemalarni qurish va dengiz infratuzilmasini rivojlantirishni nazarda tutadi. Ushbu strategiya, shuningdek, xalqaro dengiz huquqi va geosiyosiy raqobat sharoitida Rossiyaning global pozitsiyalarini mustahkamlashga qaratilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер