Vafo va sadoqatning asl timsollari

16:11 03 Dekabr 2025 Jamiyat
224 0

Jamiyatning sogʻlomligi nimalarda aks etadi? Bu avvalo har bir insonning qadri ulugʻlanganida, huquq va manfaatlari doimo himoyada boʻlganida namoyon boʻladi. Albatta, bunday jamiyatda fuqarolar oʻrtasida ishonch, mehr-oqibat va oʻzaro ehtirom tuygʻulari qaror topadi. Ana shunday hayot darajasini taʼminlashda mahallalardagi fidoyi va jonkuyar kishilarning xizmati beqiyos.

Shu maʼnoda, yaqinda poytaxtimizda “Nuroniy” jamgʻarmasi Toshkent shahar boʻlimi tashabbusi bilan “Yoshlar tarbiyasiga masʼulmiz” shiori ostida oʻtkazilgan “Buvijonlar maktabi” tadbiri yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga hissa qoʻshayotgan fidoyi insonlarni eʼtirof etishga bagʻishlandi.

Tadbirda “Nuroniy” jamgʻarmasi Toshkent shahar boʻlimi raisi, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi, senator Rustam Kalanov, “Buvijonlar maktabi” raisi Ozoda Muhitdinova, Oila va gender ilmiy tadqiqot instituti vakillari hamda bir qator mehmonlar ishtirok etib, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yoshlarni zamonaviy tafakkurga ega, vatanparvar va masʼuliyatli qilib tarbiyalash masalalari yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Anjuman doirasida “Buvijonlar maktabi” va mahallaning fidoyi aʼzolari yoshlar tarbiyasi yoʻlidagi saʼy-harakatlari uchun alohida eʼtirof etilib, “Vafo va sadoqat uchun” hamda “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash” medallari bilan mukofotlandi.

— Mehnatimiz qadr topib, koʻksimizga medal taqib qoʻyishganidan juda mamnunman, — deydi “Buvijonlar maktabi”ning Olmazor tumani boʻlimi boshqaruvi raisi Dilorom Hamdamova. — Yoshlar tarbiyasida biz kabi keksa avlod vakillarining oʻrni beqiyos. Kelgusida ham faollikni qoʻldan chiqarmasdan, farzandlarimizning komil inson boʻlib voyaga yetishishi yoʻlida astoydil xizmat qilishda davom etamiz.

Umuman, bunday tadbirlar nuroniylar tajribasini yoshlar tarbiyasi bilan uygʻunlashtirib, jamiyatda maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishga, tarbiya jarayonini zamon talablari asosida yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Faxriddin BOZOROV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?