Tojikistondan kontrabanda qilingan 26,8 kg narkotik moddalar fosh etildi

Videodan kadr
Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 26,8 kg narkotik moddalar toʻxtatib qolindi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.
Qayd etilishicha, DXXning Chegara Qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan Xizmatning Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda bojxona idoralari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 1986-yilda tugʻilgan Tojikiston Respublikasi fuqarosi “oʻzbek-tojik” davlat chegarasini qonunga xilof ravishda buzib oʻtgan vaqtida toʻxtatib qolingan.
Unga tegishli sumka koʻzdan kechirilganda, 15 dona oʻramdagi jami 14,5 kg “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shundan soʻng, ushbu ajal ogʻusini buyurtma qilgan shaxsni aniqlash yuzasidan tezkor tadbir davom ettirilgan. Natijada, Fargʻona viloyatining Toshloq tumanida yashovchi, 1969-yilda tugʻilgan Bekobod tumanida narkotik moddani qabul qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Boshqa holatda esa, Xizmatning Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar hamda bojxona organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yashovchi, 1992-yilda tugʻilgan shaxs qoʻshni davlatdan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 9,4 kg “opiy” moddasini sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, tojikistonlik narkokuryer tomonidan Surxondaryo viloyati hududiga kontrabanda yoʻli bilan yetkazib berilgan mazkur ajal ogʻusini Denov tumanida yashovchi, 1994-yilda tugʻilgan fuqaro qabul qilib olib, Toshkent viloyatiga olib kelganligi aniqlandi va u ham protsessual tartibda ushlangan.
Qoʻqon shahrida qayd etilgan holatda, “Fargʻona-Qoʻqon” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Lacetti” rusumli avtomashina toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan. Natijada unda yoʻlovchi sifatida harakatlanayotgan — Qoʻqon shahrida yashovchi, 1967-yilda tugʻilgan fuqaro oʻzining bel qismiga 1,7 kg “gashish” moddasini yashirib olganligi aniqlangan.
Fargʻona shahrida kuzatilgan holatda esa, “Fargʻona-Toshloq” yoʻnalishi boʻylab harakatlanayotgan, 1995-yilda tugʻilgan shaxs boshqaruvidagi “Zaparojes” rusumli avtomashina toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning salon qismida 995 gramm “gashish” moddasi borligi aniqlandi va tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Taʼkidlanishicha, oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ashyoviy dalil sifatida olingan jami 26,8 kg giyohvandlik vositalari Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring