Toshkent va Surxondaryoda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotgan shaxslar qoʻlga olindi

12:50 02 Iyun 2025 Jamiyat
112 0

Toshkent viloyatining Angren shahrida Bosh prokuratura huzuridagi Departament, Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.

Unga koʻra, fuqaro O.H. tomonidan dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan M.A.ga 10 dona “Zardeks” dori vositasi 750 ming soʻmga sotilgan paytda ushlangan. Qidiruv jarayonida undan qoʻshimcha ravishda 88 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Tadbir davomida ushbu dori vositalarini yetkazib beruvchi shaxslar — J.N. va I.I. ham qoʻlga olindi. Ular mos ravishda 55 va 500 dona “Zardeks” dori vositalarini jami 20,5 million soʻmga sotishga uringan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Har ikki holatda ham aybdorlar kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni noqonuniy muomalaga kiritganlikda gumon qilinmoqda.

Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida ham shunga oʻxshash holat aniqlandi. Departamentning tegishli boʻlimi, DXX va IIB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Q.E. va boshqa fuqarolar fuqaro X.B.ga 26 dona “Zardeks” dori vositasini 2,5 million soʻmga sotish chogʻida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu holat ham noqonuniy dori vositalar aylanmasi bilan bogʻliq jiddiy huquqbuzarlik sifatida baholanmoqda.

Barcha holatlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251-1-moddasiga asosan jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi. Tergov harakatlari boshlab yuborilgan boʻlib, hozirda aybdorlarning qilmishi toʻliq aniqlanmoqda va qonun doirasida huquqiy baho berilmoqda. Mutasaddi idoralar tomonidan bunday holatlarning oldini olish boʻyicha kompleks choralar koʻriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер