Termiz dunyo nigohida

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Termiz shahrida “Tinchlik, doʻstlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha Termiz muloqotining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Forumda Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika, Yaqin Sharq mamlakatlaridan 200 ga yaqin vakillar ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar orasida siyosiy-iqtisodiy va biznes doiralar vakillari, moliya institutlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar aʼzolari, shuningdek, dunyoning turli tahliliy hamda ilmiy-tadqiqot markazlarining nufuzli ekspertlari ham bor.
Muloqotning asosiy maqsadi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro aloqadorlikni mustahkamlash boʻyicha tashabbusini ilgari surish. Bu tashabbus 2022-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qoʻllab-quvvatlangandi. Dastlab, “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin iqtisodiy zonasida Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha Termiz muloqotining birinchi yigʻilishi tantanali ravishda ochildi.
Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori soʻzga chiqib, mamlakatimiz oxirgi yillarda olib borayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim oʻrin tutayotganini taʼkidlashdi.
Xalqaro anjumanning birinchi yigʻilishi doirasidagi dastlabki sessiyasida 20 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilot vakillari soʻzga chiqib, mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, forumning mintaqalararo moliya institutlari va xususiy sektorning iqtisodiyotni oʻstirishda oʻzaro aloqalarini mustahkamlash masalalariga bagʻishlangan ikkinchi sessiyasida mintaqaviy xususiy biznes vakillari oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi. Tadbirda “Katalist” kampaniyasi asoschisi hamda boshligʻi Muhammad Sulaymon bin Shayx Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarida xususiy sektorni oʻzaro qoʻllab-quvvatlashning hududiy platformasi haqida taqdimot oʻtkazdi.
Termiz shahri “Tinchlik, doʻstlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzusidagi Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha muloqotga mezbonlik qilish uchun bejiz tanlanmagan. Chunki Termiz azaldan madaniyatlar oʻrtasidagi muloqot markazi sifatida oʻz oʻrniga ega. Bu yerda zardushtiy, buddizm, nasroniylik va islom kabi dinlar anʼanalari rivojlangan. Ikki yarim ming yildan ortiq tarixga ega qadimiy shahar antik davr mualliflarining asarlarida ham tilga olingan. Termiz azaldan Buyuk Ipak yoʻlidagi muhim nuqtalardan biri boʻlgan. Ayni paytda ushbu qadim shaharning Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi muhim boʻgʻin sifatidagi oʻrni qayta tiklanmoqda.
BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze Termizning Buyuk ipak yoʻlidagi tarixiy markaz sifatida hududlararo integratsiyaning kuchli mexanizmi boʻlib xizmat qila oladigan boy merosga ega ekanligini alohida eʼtirof etdi. Bugun Termiz dunyo nigohida boʻlib turibdi. Koʻhna shaharda muloqot qizgʻin davom etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring