Telegram asoschisi Qozogʻistonda qonunni buzdi. U taqiqlangan koʻlda choʻmilgan

22:45 07 Oktyabr 2025 Dunyo
262 0

Videodan kadr

Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov Qozogʻistonga rasmiy tashrifi chogʻida Olmaota viloyatidagi Koʻlsay koʻllarida choʻmilgani uchun jarimaga tortilishi mumkin. Maʼlumki, mazkur hudud — davlat qoʻriqxonasi hisoblanadi va u yerda suvga tushish qatʼiyan taqiqlangan. Bu haqda “Orda.kz” nashri xabar berdi.

Durov videoga “Bu yaxshi suzish boʻldi” deb qisqagina izoh qoldirgan. Ammo milliy bogʻ maʼmuriyati ushbu holatni qonunbuzarlik deb baholadi. Tashkilot vakillarining aytishicha, Koʻlsay koʻllarida choʻmilish maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladi — bunday holat uchun Qozogʻiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 380-1-moddasiga koʻra taxminan 40 ming tenge (90 dollar atrofida) jarima koʻzda tutilgan.

Maʼmuriyatning taʼkidlashicha, Koʻlsay koʻllarida suv harorati hatto yoz faslida ham +6-8°C dan yuqori koʻtarilmaydi. Shu sababli, bunday vaqtlarda choʻmilish nafaqat qonunga zid, balki sogʻliq uchun ham xavfli — gipotermiya holati yuz berishi mumkin.

Ayni paytda milliy bogʻ xodimlari video haqiqiyligiga shubha bildirgan — ularning baʼzilari kadrlar montaj qilingan yoki sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan boʻlishi mumkinligini istisno etmayapti. Biroq Durovning shaxsan oʻzi videoni kanalida joylagani shubhalarni kuchaytirmoqda.

Shunday qilib, Pavel Durovning Koʻlsay koʻllaridagi “muzdek choʻmilishi” uning Qozogʻistonga qilgan tashrifi doirasidagi eng bahsli voqeaga aylandi. U nafaqat virusli kontent sifatida, balki ehtimoliy maʼmuriy huquqbuzarlik sifatida ham muhokama qilinmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Pavel Durovning Qozogʻistonga tashrifi rasmiy tusda oʻtgan. U bir necha kun avval “Digital Bridge 2025” forumi doirasida Prezident Qasim-Jomart Toʻqayev bilan uchrashgan edi. Suhbat chogʻida raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik yoʻnalishlaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilingan.

Telegram kompaniyasi esa Qozogʻistonda ofis ochib, “Astana Hub” ishtirokchisiga aylandi hamda “AIem.Ai” markazida sunʼiy intellekt laboratoriyasini ishga tushirgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер