Tabiat bizsiz yashay oladi, biz esa...

11:12 06 Avgust 2025 Jamiyat
235 0

Yoz faslida Surxondaryo viloyatidagi goʻzal va bahavo tabiiy hududlar — togʻlar, adirlar, koʻllar va daryolar sayyohlar bilan gavjumlashadi. Bunday salqin va soʻlim goʻshalarda hordiq chiqarishni kim ham xohlamaydi, deysiz. Ammo, hordiq oʻz yoʻliga-yu, tabiatga keltirilayotgan zarar haddan ziyod koʻpayib borayotgani achinarli-da. Goʻzallikka burkangan bunday betakror hududlarni chiqindilar bilan ifloslantirish, nazoratsiz olov yoqish, oʻsimliklar va hayvonot olamiga zarar yetkazish kabi harakatlar hamon uchrab turibdi. Albatta, bundan tabiat unsiz “ozor” chekmoqda. Eng yomoni uni biz eshitmayapmiz, toʻgʻrirogʻi eshitishni istamayapmiz.

Yaqinda Sherobod tumanida joylashgan Surxon davlat qoʻriqxonasi hududida yuz bergan yongʻin voqeasi jamoatchilikda jiddiy xavotir uygʻotdi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, bu yongʻin havo haroratining haddan ziyod isib ketishi oqibatida sodir boʻlgani aytilgan boʻlsa-da, inson omili, yaʼni sayyohlarning beparvoligi tufayli kelib chiqqani ham ehtimoldan holi emas. Chunki bunday hududlarda olov yoqish, yonuvchan buyumlar qoldirish, axlat toʻplash va boshqa eʼtiborsizliklar qoʻriqxona tabiiy muvozanatiga katta zarar yetkazadi.

Boysun tumanidagi Nazariy qishlogʻidagi “Zarafshon” archalariga yetkazilgan zarar ham kimningdir shoʻxligi yoki tabiatga nopisandligi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Bunday noyob archalar Oʻzbekistonning tabiiy merosi hisoblanadi. Ularning shikastlanishi butun bioxilma-xillikka salbiy taʼsir koʻrsatadi. Hudud aholisi va faol fuqarolarning maʼlum qilishicha, sayyohlar oʻzlaridan keyin plastik idishlar, yelim qoplar, oziq-ovqat qoldiqlarini qoldirib ketmoqda. Baʼzi chiqindilar hatto daryolarga oqizilmoqda. Bu nafaqat suv ifloslanishiga, balki kelgusida kasalliklar tarqalishi va jonzotlarning yoʻqolib ketishiga ham sabab boʻlishi mumkin.

— Hududimizdan oqib oʻtuvchi daryo bugungi kunda choʻmiluvchilar bilan toʻlib ketgan, — deydi Boysun tumani Xoʻjabulgʻon mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Sohib Quvondiqov. — Ammo ularning aksariyati tozalik qoidalariga rioya qilmaydi. Plastik idishlar, paketlar, oziq-ovqat qoldiqlari daryo boʻyi va suv ichida toʻplanib, katta axlat uyumlarini hosil qilmoqda. Bu holat tabiatga bevosita ziyon yetkazishi bilan birga, inson salomatligiga ham katta tahdiddir.

Surxondaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi bunday ayanchli holatlarni bartaraf etish uchun viloyat Milliy gvardiyasi vakillari bilan hamkorlikda nazorat tadbirlarini oʻtkazmoqda. Ular tomonidan joylarda oʻrganish va tushuntirish ishlari olib borilyapti. Baʼzan jarima va maʼmuriy jazolar ham qoʻllanilmoqda. Biroq shunga qaramay, muammo dolzarbligini yoʻqotmayapti. Faqat jarima bilan masala hal boʻlmaydi. Aholining, ayniqsa yoshlarning ongu tafakkuriga tabiatni sevish va himoya qilish madaniyatini singdirish lozim.

— Bugungi kunda viloyatimizda ekologik holatni yaxshilash, aholining tabiatga boʻlgan munosabatini oʻzgartirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda, — deydi Surxondaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasining maʼmuriy amaliyot boʻyicha bosh mutaxassisi Ixtiyor Ergashev. — Tabiatga keltirilayotgan zarar faqat qonunbuzarlik nuqtayi nazaridan baholanmasligi kerak. Masala koʻp jihatdan insonning ongi va tabiatga munosabati bilan bogʻliq. Shu bois, keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda turli targʻibot-tashviqot tadbirlari, ekosayrlar, “Tabiat — umumiy uyimiz”, “Toza sohil — sogʻlom muhit” kabi aksiyalar oʻtkazilmoqda. Maktab va kollejlarda oʻquv seminarlari, mahallalarda koʻchma uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Ekologik madaniyat — bu oddiy “axlat tashlama” degan shior emas, balki tabiatni chin dildan sevish va uni ardoqlash tuygʻusi yuraklarda lovullab turishi degani. Shu jihatdan aytish joizki, tabiat bizsiz yashay oladi, biz esa goʻzal va betakror tabiat manzaralarisiz, sharqirab oqayotgan soylaru purviqor togʻlarsiz, bahavo kengliklarsiz yashay olmaymiz. Shunday ekan, uni asrash va muhofaza qilish har birimizning burchimiz ekanini unutmaylik.

Farhod ESONOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?