Space GameJam: Samarqandda 200 nafar yoshlar 48 soatda kosmik oʻyinlar yaratdi
Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Oʻzbekkosmos” kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi, Samarqand shahridagi “School 21”, EastGames hamda Yandex Uzbekistan hamkorligida tashkil etilgan Space GameJam tanlovida mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 200 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi.
Ushbu tanlov dasturchilar, rassomlar, oʻyin dizaynerlari, talabalar, shuningdek oʻyinsozlik va kosmosga qiziquvchi yoshlarni ragʻbatlantirishga qaratilgan boʻlib, qatnashchilar 48 soat davomida kosmos mavzusidagi oʻyinlarning ilk prototiplarini yaratish boʻyicha oʻz mahoratini namoyish etdilar.

Nizomga koʻra, Space GameJam tanlovida yaratilgan eng yaxshi loyihalar koinotni oʻrganish boʻyicha milliy taʼlim platformasi — “Step to the Moon” dasturiga kiritilib, maktab oʻquvchilari uchun interaktiv taʼlim vositasi sifatida mamlakat miqyosida ommalashtirilishi rejalashtirilgan.
— Oʻyin mexanizmlari yoshlarning qiziqishini orttirish bilan birga, ularni fizika, muhandislik fanlari, astronomiya va raqamli texnologiyalarni oʻrganishga tizimli jalb etish imkonini beradi, — deydi “Oʻzbekkosmos” agentligi boʻlim boshligʻi Humoyun Rahmonov. — Tanlov doirasida yaratilgan loyihalar kelgusida yoʻqolib ketmay, aksincha, kelajak mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qiladigan barqaror taʼlim vositalariga aylanishi biz uchun muhim vazifadir. Eʼtiborlisi, taqdim etilgan 30 ga yaqin loyihaning barchasida oʻyin orqali fazoni oʻrganishga qaratilgan bilimlar mujassam boʻlib, bu oʻquvchilarning taʼlimga qiziqishini yanada oshiradi.

Tanlovdagi eng yaxshi loyihalar hakamlar hayʼati tomonidan saralab olindi va mualliflar munosib taqdirlandilar.
Space GameJam tadbiri kelgusida IT va game dev mutaxassislari uchun amaliy maktab vazifasini oʻtash bilan birga, bolalar va oʻsmirlar orasida kosmosga boʻlgan qiziqishni oshirishga ham xizmat qiladi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring