Soʻnggi yetti yilda qurilish materiallari sohasiga 9 milliard dollar investitsiya kiritildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Soʻnggi yetti yilda qurilish materiallari sohasiga 9 milliard dollar investitsiya kiritilib, 5 mingga yaqin yangi korxona ishga tushdi, 94 mingta doimiy ish oʻrni yaratildi. Bu haqda bugun, 23-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan qurilish industriyasi va qurilish materiallarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishida maʼlum qilindi.
Ishlab chiqarish 2 karra oʻsdi, yillik aylanmasi 100 milliard soʻmdan oshgan korxonalar 150 tadan oshdi. Soʻnggi besh yilda qurilishlar hajmi ham 2 baravar koʻpaydi.
Shu bilan birga, 650 million dollarlik yangi mahsulotlarni oʻzlashtirish hisobiga qurilishdagi import ulushini 31 foizdan 25 foizga tushirishga erishildi. Qurilish materiallari eksport bozori ham 58 taga yetdi, xorijda 20 dan ortiq savdo omborlari, 50 dan ziyod savdo doʻkonlari ochildi.
Lekin, salohiyati, mahsulotiga bozorda talab yuqori boʻlgan ushbu soha uchun bu koʻrsatkichlar kamligi koʻrsatib oʻtildi.
Birgina qoʻshnilarimizning oʻzi bizda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan 2 milliard dollarlik qurilish materiallarini boshqa davlatlardan import qilayapti.
Bizda haligacha lak-boʻyoq, gulqogʻoz, PVXdan quvur va fitinglar, pol qoplamasi, pardozbop tosh, santexnika kabi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan tovarlar import boʻlmoqda.
Bazalt xomashyosi qayta ishlanib, qurilishda keng qoʻllanayotgani hisobiga yangi uy-joy va ijtimoiy obyektlarda energiya sarfi 20 foizgacha kamaygani taʼkidlandi.
Biroq qurilishda bazaltdan tashqari quyosh nurini qaytaruvchi oyna, fibro tolali panel, vermikulit aralashmasi kabi materiallarni ishlatib, energiya sarfini yana 2 baravar qisqartirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.
Hozir qurilishda talab yuqori boʻlgan quyoshni qaytaruvchi indiy, alyuminiy yoki rux plyonkasi bilan qoplangan maxsus oynalar ishlab chiqarish haligacha yoʻlga qoʻyilmagan.
Bu borada Quvasoydagi “Kvars” korxonasi 20 million dollar investitsiya kiritib, yillik 5 million kvadrat metr bunday oyna ishlab chiqarish tashabbusini bildirmoqda.
Prezident bu loyihani maʼqullab, mutsaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Yana bir misol – binolarning fasad qismida fibro tolali paneldan foydalanib, energiya sarfini yana 10 foizga kamaytirish mumkin.
Muhimi, fibro tolali panellar narxi olovga chidamli boshqa fasad qoplamalariga nisbatan 20 foizgacha arzon.
Bu mahsulotni ishlab chiqarishda asosiy komponent hisoblangan – sement va boyitilgan qum oʻzimizda yetarli.
Mutasaddilarga bunday energiya tejamkor zamonaviy qurilish materiallari loyihalarini koʻpaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
“Sanoat ipotekasi” asosida avtoklav gazobeton, fibrotsement panel, geotekstil, bazalt kabi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha 170 million dollarlik 7 ta loyihani ishga tushirish topshirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring