Prezident Olimpiadasi o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari hamda barcha ishtirokchilariga
Foto: Prezident matbuot xizmati
Aziz farzandlarim!
Hurmatli ota-onalar, ustoz va murabbiylar!
Avvalo, barchangizni Vatanimiz hayotida o‘chmas iz qoldirgan Prezident Olimpiadasi o‘yinlaridagi muvaffaqiyatli ishtirokingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Albatta, saralash bosqichlarida 100 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarimiz orasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan 3 ming nafarga yaqin sizdek eng kuchli va navqiron sportchilarimizning munosib ishtiroki tufayli bu musobaqalar O‘zbekiston sporti noyob tizim bo‘lib shakllanganini bugun chuqur mamnuniyat bilan ta’kidlashga haqlimiz.
Qariyb o‘n kun davom etgan qizg‘in va murosasiz bellashuvlarda erishilgan g‘alabalar, rekord natijalar bu fikrni yaqqol isbotlab turibdi.
Ayniqsa, og‘ir atletikachi qizlarimiz Shahnoza Haydarova, Mohinur Esonboyeva, yengil atletikachimiz Sadafbonu Nusratulloyeva O‘zbekiston rekordini yangilagani, yunon-rum kurashi bo‘yicha 17 yoshli Qamariddin Xudoyberganov amaldagi Osiyo va jahon chempionlarini, Komila Sultanova, Umarali Abdujabborov, Miraslava Omelchenko kabi taekvondochilarimiz esa mamlakat chempionlaridan ustun kelib, eng yuksak shohsupalarga ko‘tarilgani tahsinga sazovordir.
Yana bir muhim jihati – bundan to‘rt yil oldin yo‘lga qo‘yilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” tizimida kashf etilgan iqtidorli yoshlarimizdan 23 nafari ushbu Olimpiadaning g‘olib va sovrindorlariga aylandi.
Bularning barchasi Prezident Olimpiadasining yoshlarimiz uchun g‘oyat mas’uliyatli bellashuvga aylangani va o‘zining shonli an’analarini shakllantira boshlaganini ko‘rsatadi.
Aminman, sport sohasidagi ilk qadamlarini qadrdon mahallasidan boshlagan, bugun o‘z hududining sharafini dadil himoya qilgan bu farzandlarimiz kelgusida jahon arenalarida Vatanimiz shuhratini butun dunyoga tarannum etadi.
Qadrli sportchi yoshlar!
Sizlarning ishtirokingizda bo‘lib o‘tgan bellashuvlarni biz butun xalqimiz bilan birgalikda katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib, Yangi O‘zbekistonda yuksak salohiyatli olimpiya zaxiralari yetishib kelayotganidan qalbimiz quvonch va iftixorga to‘ldi.
Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari, ularning ota-onalari va murabbiylarini alohida qutlagan holda bir fikrni ta’kidlab aytmoqchiman. Aslida bunday musobaqalarda ishtirok etishning o‘zi ulkan baxt, ulkan yutuq. Chunki bu o‘yinlar sizlarning qalbingizga Olimpiada ruhi, Olimpiada g‘oyalarini olib kiradi, jahon arenalari sari dadil borishda katta tajriba va mahorat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Hech shubhasiz, biz bu tizimni yanada takomillashtirib, uning tarkibiga kelgusi yildan boshlab, suv sporti, velosport, triatlon, qilichbozlik va jamoaviy sport turlarini ham kiritamiz. Olimpiadamizning har bir bosqichiga xalqaro sport mezonlari to‘liq tatbiq qilinadi va yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash uchun trenerlarni zamonaviy metodologiya va yondashuvlar asosida o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, musobaqalar natijalarini ochiq va shaffof usulda baholash uchun hakamlarning malakasi oshirib boriladi, sport turlaridan kelib chiqib, sport maktablari va to‘garaklardagi sharoitlar yaxshilanadi.
Ana shu ishlarni amalga oshirishda bu yilgi musobaqalarda to‘plagan bilim va tajribangiz, amaliy takliflaringiz bilan sizlar ham munosib ishtirok etasiz, deb ishonaman.
Fursatdan foydalanib, mazkur bellashuvlarning saralash va final bosqichlarini yuksak darajada tashkil etgan hududlarimiz, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda mutasaddi shaxslarga, sport federatsiyalari, oliy o‘quv yurtlari, texnikum va maktablar jamoalariga, jonkuyar volontyorlarimizga, yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlab turgan barcha sport muxlislariga, ko‘p millatli xalqimizga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Sizlar bugun katta marralarni zabt etdingiz. Oldingizda esa bundan ham yuksak dovonlar turibdi.
Barchangizga kelgusi musobaqalarda bundan ham yorqin g‘alaba va natijalar yor bo‘lishini tilayman.
Tinimsiz izlanishdan, olg‘a borishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring