Shaharsozlik sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi Qonun muhokama qilindi

13:01 10 Iyul 2024 Siyosat
197 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning ellik toʻrtinchi yalpi majlisida “Shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Faol fikr va takliflar almashinuvi tarzida oʻtgan Qonun muhokamasida tez oʻzgaruvchan voqelikka moslasha oladigan, shaharlar va aholi punktlari rivojlanishini samarali boshqarishni taʼminlaydigan moslashuvchan va dinamik shaharsozlik tizimini yaratish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Qayd etilganidek, Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining nomini va vakolatlarini aniqlashtirishni, shuningdek respublika hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhini hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlarini ishlab chiqish yoʻli bilan aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini tayyorlash tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Shaharlarning bosh rejalarini soddalashtirilgan shaklda ishlab chiqishda buyurtmachiga va loyiha tashkilotlariga loyihalashtirish uchun topshiriqlar berish meʼyori belgilanmoqda.

Taʼkidlanganidek, Qonunda koʻzda tutilgan oʻzgartirishlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishning rejalashtirish sxemalarini yaratish orqali alohida hududlarni, ularning oʻziga xosligi va salohiyatini hisobga olgan holda rivojlantirishning yanada aniq rejalarini ishlab chiqish imkonini beradi.

Eng muhimi, taklif etilayotgan oʻzgartirishlar fuqarolar uchun iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik sharoitni saqlagan holda shaharlar va aholi punktlarining barqaror va mutanosib rivojlanishini taʼminlaydi.

Senatorlarning fikricha, mazkur Qonun Oʻzbekistonda yanada samarali va shaffof shaharsozlik tizimini yaratish hamda har bir fuqaro munosib hayot kechirishi va xavfsiz kelajakka ega boʻlishi mumkin boʻlgan zamonaviy hududlarni barpo etishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?