Senatorlar tomonidan Markaziy bank hisoboti eshitildi

16:53 18 May 2024 Siyosat
393 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Senatning 52-yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2023-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi.

Qayd etilganidek, Markaziy bank 2023-yilda inflyatsiyani jilovlash hamda bank tizimining moliyaviy barqarorligini maqbul darajada taʼminlash, vujudga kelishi mumkin boʻlgan xatarlarning banklar kapitali va likvidligiga salbiy taʼsirlarini minimallashtirishga yoʻnaltirilgan oʻzaro muvofiqlashgan pul-kredit va makroprudensial siyosat olib bordi.

Xususan, tijorat banklaridagi milliy valyutadagi depozitlar qoldigʻi 2022-yilga nisbatan 1,3 barobarga oshib, qariyb 170 trln soʻmni tashkil etdi.

Jismoniy shaxslarning depozitlari qoldigʻi 1,4 barobarga oʻsib, 64 trln soʻmga, yuridik shaxslarning depozitlari qoldigʻi 1,2 barobardan koʻproq oshib, qariyb 106 trln soʻmga yetdi.

2023-yilning I choragidan boshlab inflyatsiya darajasining pasayish tendensiyasiga oʻtganligi sababli 2023-yil mart oyidan asosiy stavka 15 foizdan 14 foizga pasaytirildi.

Pul-kredit sohasidagi ushbu chora-tadbirlar inflyatsiya darajasini yuqori surʼatlarda oʻsishini jilovlash imkonini berib, 2023-yil yakunlari boʻyicha inflyatsiya darajasi 8,8 foiz atrofida shakllandi.

Makroprudensial choralar natijasida 2023-yil yakunlari boʻyicha bank tizimida regulyativ kapital miqdori 106 trln soʻmni va tavakkalchilikka tortilgan aktivlar 604 trln soʻmni, kapital yetarliligi koʻrsatkichi 17,5 foizni (minimal talab 13 foiz) tashkil etdi.

Hisobot yilida tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadlariga 251,4 trln soʻm yoki 2022-yilga nisbatan qariyb 24 foizga koʻp kredit mablagʻlari yoʻnaltirilib, jami kredit qoʻyilmalari qoldigʻi qariyb 497 trln soʻmga yetdi.

Aholiga ajratilgan kredit qoʻyilmalari qoldigʻi 2022-yilga nisbatan 47 foizga koʻpayib, 148,2 trln soʻmni, tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kredit qoʻyilmalari qoldigʻi 15,3 foizga oʻsib 348,5 trln soʻmni tashkil etdi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida tijorat banklari tomonidan 472 mingdan ortiq loyihalarni amalga oshirishga 10 trln soʻmga yaqin imtiyozli kreditlar ajratildi.

Hisobot yilida banklar tomonidan aktivlar boʻyicha 13,1 trln soʻmlik qoʻshimcha zaxiralar yaratilgan hamda muammoli kreditlarni zaxiralar bilan qoplanish darajasi 4 foiz bandiga oshib, 2024-yil 1-yanvar holatiga 85 foizga yetkazildi.

Bank kartalari foydalanuvchilari uchun “Humo” va “Uzcard” bankomatlar tarmogʻi oʻzaro integratsiya qilinib, mazkur bankomatlardan muqobil foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratildi.

Shu bilan birga, senatorlar Markaziy bank tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan qator vazifalarga eʼtibor qaratib, fuqarolarning bank kartalaridan turli firibgarlik yoʻllari bilan mablagʻlarni oʻzlashtirish holatlariga barham berilmaganligi, “Humo” va “Uzcard” toʻlov terminallari tizimini integratsiya qilish ishlari yakunlanmaganligi, muammoli kreditlarning umumiy kredit portfelidagi ulushi deyarli oʻtgan yilgi darajada saqlanib qolayotganligini qayd etdilar.

Markaziy bankning 2024-yilgi faoliyatida bazaviy inflyatsiya darajasini pasaytirish choralarini koʻrish, narxlar barqarorligini taʼminlash, toʻlov tizimlari barqaror ishlashini taʼminlash va xizmatlar koʻlamini kengaytirib borish hamda pul mablagʻlari firibgarlik yoʻli bilan yechilishining oldini olishga qaratilgan kiberxavfsizlik choralarini kuchaytirish borasida ishlarni amalga oshirish boʻyicha takliflar bildirildi.

Muhokamadan soʻng senatorlarning takliflari mujassamlangan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер