Samarqandda «Oʻzbekiston Dubayi» barpo etilmoqda. Unda 52 qavatli uylar boʻladi

20:16 08 May 2024 Jamiyat
486 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/«Xalq soʻzi». Samarqand shahriga tutash hududda yangi qurilajak «Shirin» massivi Samarqandning shimoliy qismida, Zarafshon daryosi boʻyida qariyb 10 kilometr uzunlikda joylashadi.

Shaharchaning master rejasiga asosan massivda 12-52 qavatli turarjoylar qurilib, 180 ming aholi istiqomat qilishi koʻzda tutilgan. Taqqoslash uchun, hozirgi kunda viloyatning Oqdaryo tumanda 170 ming atrofida aholi istiqomat qiladi.

Shirin shaharchasida koʻp qavatli turar-joylardan tashqari, biznes markazlar, ofis va koʻngilochar majmualar bilan birga ijtimoiy soha obyektlarini ham qurish belgilangan. Jumladan, 1320 va 1650 oʻrinli 12 ta LEGO usulida umumtaʼlim maktablari quriladi. Xuddi shunday 30 ta 400 oʻrinli davlat bogʻchalari qurilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, uchta tibbiyot birlashmasi, toʻrtta xususiy klinika, ikkita oliy oʻquv yurti, ikkita IT park boʻladi.

Shaharchaning umumiy maydoni 665 gektar maydonni egallaydi. Jami bino va inshootlar shaharchaning 20 foizini tashkil qiladi.

— Massivni oʻn-yigirma yilga moʻljallab qurmoqchi emasmiz. Kelajakda qandaydir noqulaylik va muammolar yuzaga kelmasligi kerak. Ertani oʻylab harakat qilyapmiz, xato qilishimiz mumkin emas, — dedi Shirin direksiyasi direktori Akbarali Qayumov. — Shuning uchun ham shaharsozlikda yaxshi tajribaga ega boʻlgan xorijlik ishbilarmon-investorlar, soha yetakchilarining koʻmagidan foydalanishni reja qilganmiz.

Direksiya shahar qurilishida birinchi navbatda atrof-muhit musaffoligi, tabiat daxlsizligiga alohida eʼtibor qaratgan. Yashil hududlar, suv havzalari va bogʻlar loyihaning salmoqli qismini egallaydi.

Shirin massivi bosh reja loyihasiga asosan qurilishi koʻzda tutilgan lotlar allaqachon savdoga chiqarilgan boʻlib, ular tadbirkorlar tomonidan sotib olinmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?