Rossiya Ukrainaga 500 dan ortiq dron va 40 dan ziyod raketa hujumlari uyushtirdi – Zelenskiy

Rossiya armiyasi 28-sentyabrga oʻtar kechasi Ukraina shaharlari va viloyatlariga qarshi keng koʻlamli havo hujumlari amalga oshirdi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga koʻra, mamlakatga qariyb 500 ta zarba beruvchi dron va 40 dan ortiq raketa, jumladan “Kinzhal” gipertovushli raketalari yoʻllangan.
Zelenskiy Telegramʼdagi murojaatida hujumni “vahshiyona va maqsadli terror” deb atadi:
“Rossiya armiyasi 12 soatdan ortiq davom etgan ommaviy hujumlar uyushtirdi. Oddiy shaharlarga qarshi ataylab uyushtirilgan terror – deyarli 500 ta zarba beruvchi dron va 40 dan ortiq raketa, jumladan “kinjallar”. Ertalab yana osmonimizda rus-eron ishlab chiqargan “shahed”lar koʻrindi”, – dedi u.
Prezidentning soʻzlariga koʻra, hujumning asosiy nishonlari Kiyev va Kiyev viloyati, Zaporojye, Xmelniskiy, Sumi, Nikolayev, Chernigov hamda Odessa viloyatlari boʻlgan.
Zelenskiy maʼlumotiga koʻra, Kiyevda toʻrt kishi, jumladan 12 yoshli qizaloq halok boʻlgan, mamlakat boʻylab esa kamida 40 kishi jarohat olgan.
Zarba oqibatida non zavodi, avtomobil shinalari ishlab chiqaruvchi zavod, turar-joy binolari va fuqarolik infratuzilmasi obyektlariga jiddiy zarar yetgan.
Ukraina rahbari bunday hujumni BMT Bosh assambleyasi yakunlanganidan soʻng Rossiyaning “asl pozitsiyasini koʻrsatish” deb baholadi:
“Kreml urushni davom ettirish va odamlarni oʻldirishdan manfaatdor. Ular energiya resurslari va “soya floti” orqali mablagʻ topayotgan ekan, bu terrorni davom ettiradi. Biz Rossiyaning urushdan foyda topish imkoniyatlarini yoʻqotish va uni diplomatiyaga majbur qilish uchun zarba berishda davom etamiz”, – dedi Zelenskiy.
Ukraina hukumati mazkur hujum Rossiyaga qarshi xalqaro bosimni kuchaytirish zarurligini yana bir bor taʼkidladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring