“Real Madrid” Qozogʻistondan yirik gʻalaba bilan qaytdi, “Liverpul” Turkiya chempioniga yutqazdi

10:02 01 Oktyabr 2025 Sport
376 0

Kecha, 30-sentyabr kuni UEFA Chempionlar Ligasi musobaqasining 2-tur oʻyinlari start oldi. Kun doirasida bir qator qiziqarli oʻyinlar boʻlib oʻtdi. Ushbu oʻyinlarga toʻxtalib oʻtamiz.

Uxlamagan “Liverpul”

Turkiyalik muxlislar oʻzlarining qiziq ishlari bilan doim futbol jamoatchiligining eʼtibor markazida boʻlgan. “Liverpul”ga qarshi oʻyin oldidan istanbullik futbol ishqibozlari oʻz jamoasiga yordam berish uchun yana bir “ajoyib” ishni amalga oshirdilar.

Yaʼni oʻyindan bir kun oldin “Galatasaroy” klubining “ultras” muxlislari “Liverpul” klubi joylashgan mehmonxona oldida ertalabgacha mushakbozlik qilishdi va bu orqali raqiblarga muhim oʻyin oldidan uxlash imkonini berishmadi. Bu narsa “Liverpul”ga qanchalik taʼsir koʻrsata olgani bizga nomaʼlumku, lekin ushbu bahs kutilmagandek Turkiya chempionining gʻalabasi bilan yakunlandi.

“Liverpul” tarkibida oʻtgan oʻyin bilan solishtirganda, katta oʻzgarishlar amalga oshmadi. Lekin “Kristal Pelas”ga qarshi oʻyinni diskvalifikatsiya tufayli oʻtkazib yuborgan Hugo Ekitike asosiy tarkibga qaytdi. Shuningdek, Muhammad Saloh zaxirada qoldirildi.

Uchrashuvning 16-daqiqasida “mersisaydliklar” darvozasiga penalti belgilandi. 11 metrlik nuqtadan “Napoli” sobiq futbolchisi Osimhen adashmadi va hisob ochildi.

Qizigʻi, oʻyinda hisob boshqa oʻzgarmadi va “Galatasaroy” bu yilgi mavsum Chempionlar Ligasidagi dastlabki gʻalabasini qoʻlga kiritdi.

“Galatasaroy” — “Liverpul” 1:0

Gol: Osimhen (pen. 16)

“Galatasaroy” — Chaqir, Singo, Sanches, Bardakchi, Jeykobs, Lemina, Torreyra, Gundogʻan (Sara, 75), Akgyun (Sallay, 72), Yilmaz (Elmali, 85), Osimhen (Ikardi, 72).

“Liverpul” — Alisson (Mamardashvili, 56), Frimpong (Bredli, 62), Konate, van Deyk, Kerkez, Gravenberx (Isak, 62), Saboslay, Jons, Virts, Gakpo (Saloh, 62), Ekitike (Makallister, 68).

“Atletiko”ni kasriga qolgan “Qayrat”

Odatda Yevropaning grandi klublari Qozogʻiston va shunga oʻxshash qitʼaning ikkinchi darajali mamlakatlari klublariga qarshi oʻyinlarga oʻrinbosarlar jamoasi bilan borishganini bilamiz. Yaqin tarixda “Manchester Yunayted” klubi Ostonaga akademiya tarbiyalanuvchilarini joʻnatganiga guvoh boʻlganmiz. Ammo kecha bunday boʻlmadi.

“Real Madrid” ushbu oʻyindan 3 kun oldin La Liga markaziy oʻyinida “Atletiko Madrid”dan sharmandali magʻlubiyat qabul qilib olgandi. Jamoa bor alamini Qozogʻiston chempionidan oldi.

Jamoa oʻyinni jangovar tarkib bilan boshladi. Asosiy tarkibdan faqatgina Federiko Valverdega dam berildi.

Uchrashuvda hisob 25-daqiqada penaltidan ochildi. 11 metrlik nuqtadan Kilian Mbappe adashmadi. 52 va 73-daqiqalarda Kilian yana 2 ta gol kiritishni uddasidan chiqdi.

83-daqiqada Eduardo Kamavinga hisobdagi farqni toʻrttaga yetkazdi. Hakam tomonidan ikkinchi boʻlimga qoʻshib berilgan daqiqalarda Braim Dias “Real Madrid”ning ushbu oʻyindagi soʻnggi golini kiritdi. Yakuniy hisob 0:5.

“Qayrat” — “Real” 0:5

Gollar: Mbappe (25 penalti, 52, 74), Kamavinga (83), Dias (90+3)

“Qayrat” — Xolmirza, Mata, Sorokin, Martinovich, Tapalov (Stanoyev, 64), Arad (Baybek, 64), Kassabulat, Gromko (Zariya, 80), Mirinskiy, Jorjinio (Edmilson, 64), Satpayev (Rikardinio, 80).

“Real” — Kurtua, Heysen, Alaba, Asensio, Fran Garsiya, Chuameni (Kamavinga, 80), Sebalos, Guler (Bellinghem, 80), Mastantuono (Dias, 70), Vinisius (Rodrigo, 70), Mbappe (Gonsalo Garsiya, 80).

Ogohlantirishlar: Gromko (48), Arad (55).

“Atletiko” yana 5 ta gol

Ushbu oʻyindan 3 kun oldin Diyego Simeone jamoasi butun dunyoni hayratga solib, magʻlubiyatsiz seriya qayd etib kelayotgan “Real Madrid” jamoasini 5:2 hisobida magʻlubiyatga uchratgan edi.

Bu gal Chempionlar Ligasida ham “matraschilar” 5 ta gol kiritishni uddasidan chiqa olishdi. Raqib — Germaniyaning “Ayntraxt” klubi ekanligi bu gʻalabaning “vazni”ni yanada oshirdi.

“Real Madrid” bilan oʻyinga solishtirganda “Atletiko” tarkibida qator oʻzgarishlar amalga oshirildi.

Oʻtgan oʻyinda asosiy tarkibdan oʻrin olmagan Grizmann, Raspadori, Barrios va Ruggeri kabi futbolchilar ushbu oʻyinning dastlabki daqiqalaridan maydonda harakat qildilar.

Uchrashuvning 4-daqiqasida Raspadori hisobni ochdi. 33-daqiqaga kelib Le Norman uzoq davom etgan kombinatsiyani gol bilan yakunladi. Birinchi taymga hakam tomonidan qoʻshib berilgan daqiqalarda Antuan Grizmann Alvaresning uzatmasidan soʻng, “matraschilar”ning uchinchi goliga mualliflik qildi.

57-daqiqada Burkardt hisobni bittaga qisqartirdi. 70-daqiqada Juliani Simeone yana oradagi farqni 3 taga yetkazdi. 12 daqiqa oʻtib esa, Simeonening oʻzi penaltidan hisobni 5:1 koʻrinishiga olib keldi. Oʻyin aynan ushbu hisob bilan yakuniga yetdi.

“Atletiko” — “Ayntraxt” 5:1

Gollar: Raspadori (4), Le Norman (33), Grizmann (45+1), Simeone (70, pen. 82) — Burkardt (57).

“Atletiko” — Oblak, Lyorente, Norman, Langle, Ruggeri, Simeone (Molina, 75), Gallaxer, Barrios (Gonsales, 75), Raspadori (Koke, 55), Grizmann (Martin, 90), Alvares (Baena, 90).

“Ayntraxt” — Kaua, Kollins (Amenda, 58), Koch, Zeyt, Braun (Bahoya, 71), Chaibi, Shiri (Hyoylund, 58), Doan (Gyotse, 74), Uzun (Larsson, 58), Knauff, Burkardt.

“Bavariya”dan yirik gʻalaba

Xuddi “Real Madrid” kabi Germaniya chempioni “Bavariya” ham ikkinchi darajali klubga qarshi asosiy tarkib bilan oʻynadi. Natijadan oʻyin gollar seriyasiga aylanib ketdi.

Solishtiradigan boʻlsak, “Bavariya” klubi futbolchilari “Transfermarkt” portali tomonidan 906,7 million yevroga baholangan. “Pafos”da esa ushbu raqam 25,8 million yevroni tashkil etgan.

Uchrashuvga toʻxtalsak, oʻyinda hisob 15-daqiqada Harri Keyn tomonidan ochildi. 20-daqiqada Guyerreyro hisobdagi farqni 2 taga yetkazdi.

31-daqiqada Nikolas Jekson, 34-daqiqada esa Harri Keyn gol kiritishdi. Taym soʻngida “Pafos” futbolchisi Orsich jamoasining yagona javob goliga mualliflik qildi.

Birinchi taymda oʻyin taqdirini hal qilgan “Bavariya” ikkinchi boʻlimni ancha xotirjam oʻtkazdi. 68-daqiqada Maykl Olise jamoasining beshinchi toʻpini kiritdi. Bahs aynan 1:5 hisobi bilan yakunlandi.

“Pafos” — “Bavariya” 1:5

Gollar: Orsich (45) — Guyerreyro (20), Jekson (31), Keyn (15, 34), Olise (68)

“Pafos” — Mikel, Lukasson, Goldar, Luis (Langa, 59), Jaja (Dimata, 59), Pepe, Sunjich, Piles (Sema, 79), Orsich, Silva (Bassouamina, 59), Dragomir (Quina, 66).

“Bavariya” — Noyer, Laymer (Bischof, 83), Upamekano (Ta, 73), Kim, Guyerreyro, Kimmix, Pavlovich, Olise (Karl, 73), Jekson, Dias (Gnabri, 46), Keyn (Boyey, 64).

Finalchi “Praga”dan ustun keldi

Dastlabki turda Niderlandiyadan gʻalaba bilan qaytgan “Inter” bu turda ham gʻalaba qozonishni uddaladi. “Slaviya Praga” klubi “Djuzeppe Meassa”dan 3 ta toʻp oʻtkazib qaytdi.

Uchrashuvda hisob 30-daqiqada argentinalik futbolchi Lautaro Martines tomonidan ochildi. Oradan 4 daqiqa oʻtib, Dyumfris hisobni 2:0 koʻrinishiga olib keldi. 65-daqiqada Lautaro dublga erishdi. Uchrashuv aynan 3:0 hisobi bilan yakunlandi.

“Inter” — “Slaviya” 3:0

Gollar: Martines (30, 65), Dyumfris (34)

“Inter” — Zommer, Bissek (Akanji, 67), Acherbi, Bastoni, Dyumfris (Darmian, 76), Zelinski (Barella, 67), Chalhanogʻlu, Suchich, Dimarko, Tyuram (Bonni, 66), Martines (Espozito, 67).

“Slaviya” — Stanek, Hashioka (Chitil, 83), Zima, Chaloupek, Vlchek, Doudera (Mbodji, 49), Dorley, Zafeyris, Sadilek (Shrans, 46), Provod (Cham-Sarashevich, 71), Kusej (Chori, 46).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер