Qulay imkoniyatlar yangi marralarga yoʻl ochmoqda
Mamlakatimizda yetishtiriladigan paxta tolasining salmoqli qismi Qashqadaryo viloyati hissasiga toʻgʻri keladi. Bu esa hududning yengil sanoatni jadal rivojlantirish va mazkur sohada koʻplab ish oʻrinlari yaratish borasida katta salohiyatga ega ekanligini anglatadi.
Ammo koʻp yillar mobaynida ana shu imkoniyatlar deyarli ishga solinmay, yetishtirilgan tola asosan xomashyo sifatida boshqa hududlar va xorijiy mamlakatlarga joʻnatilar edi.
Soʻnggi yillarda yetishtirilgan xomashyoni viloyatning oʻzida qayta ishlashni tashkil etish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Natijada yengil sanoat viloyat iqtisodiyotining strategik muhim va jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga aylanib bormoqda. Bu esa minglab yangi ish oʻrinlarini yaratish, faoliyatdan bir necha barobar koʻproq daromad olish imkonini berayotir.
Kitob tumanida faoliyat yuritayotgan “Kitob ip yigiruv” AJ faoliyati bunga yaqqol misoldir. Bundan 10 yil avval ushbu korxona iqtisodiy nochor ahvolga tushib qolgan, deyarli faoliyat koʻrsatmayotgan edi. Bu sohaga qaratilgan eʼtibor, tatbiq etilgan imtiyoz va imkoniyatlar jamiyat taʼsischilarini ham yangi tashabbuslarga ilhomlantirdi.
Shu tariqa korxona faoliyatida yangi davr boshlandi. Korxona Germaniya texnologiyasi asosida toʻliq qayta jihozlanib, zamonaviy sifat va andozalar asosida yiliga 7200 tonnagacha kalava ip ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi.
— Ayni paytda korxonada kalava ip ishlab chiqarishning barcha bosqichlarini qamrab olingan, — deydi “Kitob ip yigiruv” AJ sex boshligʻi Rauf Maxmarizayev. — Masalan, klaster usulida paxtani oʻzimiz yetishtiramiz. Xomashyo paxta tozalash zavodida dastlabki qayta ishlanib, chigiti ajratilgach, bu yerga olib kelinadi. Bu yerda esa u yana bir marotaba maxsus texnologiyalar yordamida tozalanib, saralangach, yigiruv sexiga oʻtkaziladi. Undan keyingi bosqichda esa tayyor ip maxsus oʻlchamlar asosida oʻralib, qadoqlanadi va sotuvga tayyor holatga keltiriladi.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulot xalqaro bozor talablariga mos. Shu bois ham bu yerda yigirilgan ip-kalavaning atigi 30 foizi ichki bozorga yoʻnaltirilayotgan boʻlsa, 70 foizi Turkiya, Xitoy kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.
Eʼtiborli tomoni, ushbu faoliyat ortidan 330 nafar kishining doimiy ish bilan bandligi taʼminlangan. Korxona jamoasi esa faoliyatdan kelayotgan daromadni yana yangi-yangi loyihalarga yoʻnaltirmoqda. Xususan, joriy yil boshida korxona tomonidan Qarshi shahridagi “Buyuk Turon” kichik sanoat zonasida umumiy qiymati 3 million dollarlik, yiliga 5 million dona tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega tekstil korxonasi foydalanishga topshirilgan edi. Ayni paytda korxonada 300 nafardan ziyod mahalliy aholi vakillari mehnat qilmoqda.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring