Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi

11:29 21 Dekabr 2025 Jamiyat
702 0

Bugun, 2025-yil 21-dekabr kuni Shimoliy yarimsharda qishki kun turishi (Winter Solstice) sodir boʻladi. Ushbu astronomik hodisa yildagi eng qisqa kun va eng uzun tun bilan tavsiflanib, astronomik qishning rasman boshlanishini anglatadi.

BBCʼning taʼkidlashicha, meteorologik qish 1-dekabrdan boshlangan boʻlsada, ayrimlar qishni aynan qishki kun turishi bilan bogʻlaydi. Qishki kun turishi butun bir kun emas, balki aniq bir lahza hisoblanadi.

“USA Today”ga koʻra, Shimoliy yarimsharda astronomik qish 21-dekabr, yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:03 da (EST) boshlanadi. Bu paytda Yer Shimoliy yarimsharda Quyoshdan eng koʻp ogʻgan holatga keladi. Qishki kun turishi sanasi 20-dekabrdan 23-dekabrgacha boʻlgan oraliqda kuzatilishi mumkin, ammo koʻpincha 21-dekabrga toʻgʻri keladi.

Bu hodisa vaqtida Quyosh osmondagi harakatini goʻyoki toʻxtatgandek boʻlib, soʻngra teskari yoʻnalishda harakatni boshlaydi. Quyosh ekvatordan janubda joylashgan Echki tropigi ustida toʻgʻridan-toʻgʻri turadi. Natijada Janubiy yarimsharda eng uzun kun va eng qisqa tun kuzatiladi, Shimoliy yarimsharda esa aksincha — yildagi eng qisqa kun, eng uzun tun roʻy beradi.

Taʼkidlanishicha, kun turishlari Yer oʻqining taxminan 23,5 daraja ogʻishga ega ekani bilan bogʻliq. Mavsumlar Yerning Quyoshga yaqin yoki uzoqligi tufayli emas, aynan shu ogʻish sababli almashadi. Shuningdek, Yer Quyoshga eng yaqin nuqtaga aynan yanvar oyida yetib keladi.

Qishki kun turishi nafaqat astronomik, balki madaniy ahamiyatga ham ega. Qadimdan turli xalqlar bu davrni qiyinchilik emas, balki yangilanish va umid ramzi sifatida qabul qilgan. Masalan, Shimoliy Amerikada mahalliy xalqlar ushbu hodisani marosimlar orqali nishonlagan. Eronda esa Yaldo bayramida oilalar eng uzun tunni uygʻoq oʻtkazib, yorugʻlikning qaytib kelishini qarshi olgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?