Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Foto: “Xalq soʻzi”
Bugun Oʻzbekistondagi yangilanishlar ruhi, davlatimiz rahbarining adabiyot va madaniyatga, xususan, adabiy aloqalar rivojiga qaratgan doimiy eʼtibori milliy maʼnaviy hayotda yangi davrni boshlab berdi. Ayni paytda milliy adabiyotimizni jahonga keng targʻib qilish, chet el adabiyotining eng sara namunalarini oʻzbek tiliga tarjima qilish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash hamda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Bu eʼtibor adabiyot orqali xalqlar oʻrtasida maʼnaviy koʻpriklar qurishga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimiz Prezidenti taʼkidlaganidek, “Adabiy doʻstlik — abadiy doʻstlik” sari tashlangan maʼnaviy qadamdir. Ushbu gʻoya bugungi adabiy jarayonlarning mazmun-mohiyatini belgilab bermoqda. Ayni damda jahonning koʻplab mamlakatlarida Oʻzbekiston adabiyoti, uning boy adabiy merosi va zamonamiz ijodkorlariga boʻlgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Oʻtgan yillar davomida jahon adabiyotining koʻplab durdonalari oʻzbek tiliga, milliy adabiyotimizning nodir namunalari esa jahon tillariga tarjima qilindi.
Shu jarayonning mantiqiy davomi sifatida mamlakatimiz Prezidentining 2024-yil 4-iyundagi “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qarori adabiy hayotda ulkan voqea boʻldi. Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotning taʼsis etilishi tarjimon mehnatiga yuksak eʼtirof, badiiy tarjimaning maʼnaviy va madaniy ahamiyatini yanada oshirgan muhim qadam sifatida eʼtirof etildi. Bugun poytaxtimizdagi Renessans kino uyida ana shu yuksak mukofotning ilk sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Taʼkidlash joizki, mazkur mukofot milliy adabiyotimizni jahonga, jahon adabiyotini esa oʻzbek kitobxoniga yaqinlashtirayotgan fidoyi tarjimonlar mehnatiga munosib ragʻbat ham boʻldi. Tanlovga jami 60 nafar tarjimonning ijodiy ishlari qabul qilinib, ular xorijiy til mutaxassislari, tarjimashunoslar va adabiyotshunoslardan iborat ekspertlar tomonidan chuqur tahlil qilindi. Asarlarni baholashda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti hamda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari faol ishtirok etdi.
Tanlov yakunlariga koʻra, “Oʻzbek adabiyotining nasriy asarlaridan xorijiy tillarga tarjima” yoʻnalishida Saudiya Arabistoni vakili Said Mahmud Said Mubashshir gʻolib deb topildi.
“Oʻzbek adabiyotining sheʼriy asarlaridan xorijiy tillarga tarjima” yoʻnalishida rossiyalik ijodkor Mixail Sinelnikov, “Oʻzbek bolalar adabiyoti namunalaridan xorijiy tillarga tarjima” yoʻnalishida esa hindistonlik adiba Shamenaz Bano xalqaro mukofot sohibi boʻldi.
Shuningdek, “Xorijiy tillarda yaratilgan nasriy asarlardan oʻzbek tiliga tarjima” yoʻnalishida Ibrohim Gʻofurov, “Xorijiy tillarda yaratilgan sheʼriy asarlardan oʻzbek tiliga tarjima” yoʻnalishida Abdulla Sher va Tohir Qahhor, “Xorijiy tillarda yaratilgan bolalar adabiyoti namunalaridan oʻzbek tiliga tarjima” yoʻnalishida esa Nodirabegim Ibrohimova nufuzli mukofot bilan taqdirlandilar.
Qoʻshimcha ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalarda esa Vafo Fayzulloh, turkiyalik Vali Savash Yelok hamda yosh ijodkor Saidjalol Saidmurodov munosib eʼtirof etildi.
Yosh tarjimon Saidjalol Saidmurodovning taqdirlanishi yosh ijodkorlarga boʻlgan yuksak ishonch va eʼtiborning yorqin ifodasi boʻldi.
— Bunday nufuzli mukofotlar yoshlarni badiiy tarjima sohasida yanada jiddiy izlanishga, til va adabiyotni chuqur oʻrganishga ruhlantiradi, — deydi u.
Xalqaro mukofot sovrindori Shamenaz Bano esa Oʻzbekistonga boʻlgan mehrini alohida iliqlik bilan ifoda etadi:
— Oʻzbekistonga bu gal uchinchi marta tashrif buyurdim. Ilk bor 2020-yilda bir haftalik dastur doirasida Fargʻona davlat universitetida dars berish uchun kelgandim. Shu qisqa vaqt ichidayoq bu yurtning bagʻrikengligiga, insonlarining samimiyatiga guvoh boʻldim. Aynan shu safarlarim davomida koʻplab yozuvchi, shoir va adib doʻstlar orttirdim, ular bilan maʼnaviy jihatdan yaqinlashdim.
Zulfiya, Aʼzam Oʻktam, Anvar Obidjon kabi taniqli ijodkorlarning asarlari bilan yaxshi tanishman. Oʻzbek adabiyoti chuqur maʼno, yuksak insonparvarlik va milliy ruh bilan sugʻorilgan juda boy adabiyot ekanini alohida taʼkidlamoqchiman. Ayniqsa, bolalar adabiyotidagi samimiylik va hayotiylik menda katta taassurot qoldirdi. Shu muhabbat va qiziqish taʼsirida Anvar Obidjonning “Meshpolvon” qissasini hind tiliga tarjima qildim. Ishonamanki, bu asar koʻp sonli hind kitobxonlariga manzur boʻladi, ular tomonidan katta qiziqish bilan oʻqiladi. Bu esa xalqlarimiz oʻrtasidagi maʼnaviy yaqinlikni yanada mustahkamlaydi.
Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot nafaqat alohida tarjimonlarni ragʻbatlantiradi, balki badiiy tarjima sohasining umumiy rivojiga ham xizmat qiladi. Bu mukofot orqali tarjimashunoslik uchun yangi tadqiqot obyektlari yaratiladi, oʻzbek adabiyoti targʻiboti uchun ufqlar kengayadi, yosh tarjimonlarni tarbiyalash ishlari yangi bosqichga koʻtariladi. Eng muhimi, adabiyot orqali xalqlar oʻrtasidagi maʼnaviy muloqot yanada mustahkamlanib, adabiy doʻstlik abadiy doʻstlikka aylanaveradi.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV, (“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring