Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi

15:39 31 Dekabr 2025 Siyosat
199 0

Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Axror Burxanov yil yakunlari munosabati bilan ommaviy axborot vositalari vakillaridan kelgan savollarga javob qaytardi.

Savol: 2025-yil yakunlari Oʻzbekistonning koʻp vektorli tashqi siyosati samaradorligini qanchalik tasdiqlaydi? Turli yoʻnalishlarda bir vaqtning oʻzida faol hamkorlik olib borish murakkablik tugʻdirmayaptimi?

Javob: 2025-yil natijalari Oʻzbekiston tanlagan koʻp vektorli tashqi siyosat yoʻlining toʻgʻriligini yaqqol koʻrsatdi. Yil davomida biz Sharq va Gʻarb, yaqin va uzoq hamkorlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni izchil rivojlantirdik. Bu yondashuv murakkablik emas, aksincha, tashqi siyosatimizning asosiy ustunligidir. Oʻzbekiston barcha davlatlar bilan tenglik, suverenitetga hurmat va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillari asosida hamkorlikni mustahkamlashda davom etadi. Oʻzbekiston uchun asosiy mezon – hamkorlikning xalqimiz farovonligiga, mintaqaviy barqarorlikka va uzoq muddatli taraqqiyotga xizmat qilishidir. Aynan shu yondashuv mamlakatimizga global miqyosda ishonchli va ochiq hamkor sifatida eʼtirof etilish imkonini bermoqda.

Savol: Oʻzbekiston Yaman atrofidagi vaziyat boʻyicha qanday pozitsiyani egallamoqda?

Javob: Oʻzbekiston Yaman Respublikasida keskinlikni pasaytirish va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan Saudiya Arabistoni Podshohligi va Birlashgan Arab Amirliklari saʼy-harakatlarini olqishlaydi. Mamlakatimiz barcha tomonlarni vazminlikka, umummilliy muloqot orqali mojaroni tinch yoʻl bilan hal etishga chaqiradi hamda Yaman suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlashni muhim deb hisoblaydi.

Savol: Oʻzbekistonning Gʻazo sektoridagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qanday?

Javob: Oʻzbekiston Gʻazodagi vaziyatni insonparvarlik fojiasi sifatida baholaydi. Tinch aholiga qarshi zoʻravonlikni qatʼiyan qoralaydi, oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha erishilgan kelishuvlarga toʻliq amal qilish, gumanitar yordamni toʻsqinliksiz yetkazish va mojaroni “ikki xalq – ikki davlat” tamoyili asosida siyosiy-diplomatik yoʻl bilan hal etishni qoʻllab-quvvatlaydi. Oʻzbekiston jafokash Falastin xalqiga insonparvarlik yordamini ayamay kelmoqda. Xususan, 100 nafar falastinlik bemorlar davolash uchun yurtimizga olib kelindi. Ularga har tomonlama yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan maxsus Farmon qabul qilindi.

Savol: Afgʻoniston masalasida Oʻzbekiston 2025-yilda qanday aniq siyosat yuritdi?

Javob: Oʻzbekiston Afgʻonistonni mintaqaviy xavfsizlikning ajralmas qismi deb hisoblaydi. Mamlakatimiz 2025-yilda ushbu davlat bilan iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni davom ettirdi, transport va energetika loyihalarini qoʻllab-quvvatladi hamda inklyuziv hukumat va xalqaro majburiyatlarga rioya etish zarurligini izchil taʼkidlab keldi. Oʻtayotgan yilning oʻzida 4 marotaba insonparvarlik yordami yuborildi. Kuni kech Hayraton shahrida 390 tonnani tashkil etgan koʻmak qoʻshnilarimizga topshirildi.

Savol: 2025-yilda Oʻzbekistonning migrantlar masalasi tashqi siyosatda qanday oʻrin tutdi?

Javob: Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining huquqi va qonuniy manfaatlarini qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, doimiy va izchil himoya qiladi — bu bizning qatʼiy va oʻzgarmas pozitsiyamiz. Yil davomida ushbu masala boʻyicha xorijiy davlatlar bilan toʻxtovsiz va tizimli muzokaralar olib borildi. Imkoniyatlar geografiyasini kengaytirish, yuqori daromadli va ijtimoiy himoya qilingan ish oʻrinlari bilan taʼminlash ustuvor yoʻnalishlarimizdan. Muloqotlar natijasida mehnat migrantlarimizning huquqiy maqomi, mehnat sharoitlari, ijtimoiy himoyasi va qonuniy manfaatlariga xizmat qiladigan 100 dan ortiq aniq kelishuvlarga erishildi. Bu kelishuvlar qogʻozda qolib ketmadi — ular amalda fuqarolarimiz duch kelayotgan muammolarni hal qilish, ularning huquqlarini tiklash va xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlashga qaratildi. Oʻzbekiston bu boradagi saʼy-harakatlarini kelgusida ham qatʼiyat bilan davom ettiradi.

Savol: Toshkent Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi ziddiyatning rivojlanishiga qanday qaramoqda?

Javob: Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqdamiz. Ikki mamlakat oʻrtasidagi mojaroni hal etish yoʻlidagi muzokaralar jarayonida kuzatilayotgan ijobiy dinamika va muloqotni tiklashga qaratilgan saʼy-harakatlarni olqishlaymiz. Muzokaralar orqali oʻzaro maqbul yechimlarga erishish, muloqotni davom ettirish va keskinlikni kuchaytiruvchi har qanday qadamlardan tiyilish muhim, deb hisoblaymiz. Tinchlik, barqarorlik va uzoq muddatli yechimga xizmat qiladigan barcha konstruktiv tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaymiz.

Savol: 2025-yilda Markaziy Osiyo mintaqasining global maydondagi ahamiyati sezilarli darajada oshdi. Ushbu jarayonning asosiy omillari nimalardan iborat va bu oʻzgarishlar qanday oqibatlarga olib kelmoqda?

Javob: 2025-yilda Markaziy Osiyoning global rolining oshishi bir qator oʻzaro bogʻliq omillar bilan izohlanadi. Avvalo, mintaqa davlatlarining oʻzaro ishonchni mustahkamlashga, mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirishga va ochiq, muvozanatli tashqi siyosat yuritishga qaratilgan umumiy saʼy-harakatlari xalqaro hamjamiyat eʼtiborini kuchaytirdi. Energetika resurslari, muhim xomashyo zaxiralari hamda yosh va oʻsib borayotgan bozorlar global iqtisodiyot uchun qoʻshimcha qiziqish uygʻotmoqda. Mazkur jarayonlarning natijalari sifatida Markaziy Osiyoning yirik davlatlar va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorligi kengayib, mintaqa uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Umuman olganda, Markaziy Osiyoning global rolidagi kuchayish uni xalqaro munosabatlarning tobora muhim subyektiga aylantirmoqda.

Savol: 2025-yilda Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi munosabatlarda sezilarli burilish kuzatildi. Bu oʻzgarishlarning asosiy sababi nimada?

Javob: 2025-yilda Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi munosabatlardagi ijobiy burilish, eng avvalo, ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasida shakllangan ochiq, ishonchli va iliq muloqot bilan bogʻliq. Davlat rahbarlari darajasidagi muntazam va mazmunli aloqalar ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Har ikki tomon ham oʻz xalqlarining manfaatlarini ustuvor deb bilgan holda, oʻzaro manfaatli, pragmatik va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga intilmoqda. Shu yondashuv asosida siyosiy muloqot faollashmoqda, iqtisodiy aloqalar kengaymoqda, investitsiya, xavfsizlik, taʼlim va gumanitar sohalarda aniq va amaliy natijalarga erishilmoqda. Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi bugungi munosabatlar oʻzaro hurmat, tenglik va real manfaatlarga tayanib, barqaror rivojlanishda davom etmoqda.

Savol: Oʻzbekiston fuqarolari uchun xorijiy davlatlar bilan vizalarni yengillashtirish borasida hozir qanday ishlar olib borilmoqda?

Javob: Fuqarolarimizning xorijiy mamlakatlarga kirishda qulayliklar yaratish masalasi Tashqi ishlar vazirligining doimiy diqqat markazida. 2025-yilda olib borilgan faol muzokaralar natijasida Oʻzbekiston fuqarolari uchun Xitoy va Iordaniya bilan vizasiz rejim joriy etilishiga erishildi. Bugungi kunda Oʻzbekiston fuqarolari 35 ta davlatga vizasiz safar qilishi mumkin, shundan 31 ta davlatga toʻliq vizasiz kirish imkoniyati mavjud. Yana 42 ta davlat bilan soddalashtirilgan kirish rejimlari amal qilmoqda – ularning aksariyatida kelganda viza yoki elektron viza tizimi joriy etilgan. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi va boshqa qator davlatlar bilan ishchi va turistik vizalarni yengillashtirish boʻyicha muzokaralar izchil davom ettirilmoqda. Bu boradagi ishlar bosqichma-bosqich, aniq natijalarga yoʻnaltirilgan.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?