“Qizilqum ohanglari – 2025” anʼanaviy koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtdi

16:07 24 Noyabr 2025 Jamiyat
372 0

Qizilqumning qadim ohanglari bor. Otlarning dupuriga hamohang doʻmbira sadosi, tun qaʼrida kengliklarni tilib oʻtayotgan choʻpon nayining nolasi insonni olis-olislarga yetaklaydi. Bu anʼanaviy sanʼat — choʻlni vatan tutgan xalqlarning musiqiy xotirasi, qalb ohangi, maʼnaviy boyligidir. Uni asrab-avaylash, targʻib etish va yosh avlodga yetkazish esa har bir ijod maskanining sharafli vazifasi hisoblanadi. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamgʻarmasi” davlat muassasasi ham bu yoʻnalishda qator xayrli ishlar amalga oshirmoqda.

Ana shunday xayrli tashabbuslardan biri — anʼanaviy “Qizilqum ohanglari” koʻrik-tanlovidir. U yosh isteʼdodlarga oʻz mahoratlarini namoyish etish uchun oʻziga xos sahna boʻlib kelmoqda va har yili yangi iqtidorlarni kashf etishga xizmat qilmoqda.

Joriy yilgi “Qizilqum ohanglari – 2025” koʻrik-tanloviga jamgʻarmaning “Farhod” madaniyat saroyi mezbonlik qildi. Tadbir davlat muassasasi tasarrufidagi barcha madaniyat maskanlari ijrochilari, ijodiy jamoalari, yosh isteʼdodlar va mahorati baland ustozlarni bir sahnaga jamladi.

Tanlov ikki bosqichda oʻtkazildi. Birinchi bosqichda anʼanaviy cholgʻular ansambllari va sozandalarning 10 ta, katta va kichik yosh toifasidagi xonandalarning 15 ta chiqishi tinglandi. Ikkinchi bosqichda esa ishtirokchilar bastakorlar ijodidan bittadan asar ijro etib, oʻz mahoratlarini yanada chuqurroq namoyish qilishdi.

Chiqishlar Oʻzbekiston xalq artisti Zamira Suyunova va Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ilyos Arabov rahbarligidagi tajribali hakamlar hayʼati tomonidan baholandi.

— Tanlovda hakamlar hayʼati raisi sifatida ishtirok etib, anʼanaviy ijrochilik sanʼatiga berilayotgan eʼtiborni koʻrib, chin maʼnoda quvondim, — deydi Zamira Suyunova. — Isteʼdodlarni tingladik, quvondik, baʼzan masʼuliyatli daqiqalarda qiynaldik ham. Ammo har bir ishtirokchiga chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Tadbir davomida yakkaxon ijrochilar, ansambllar, sozandalar va ularga hamroh ustoz-murabbiylar uchun barcha qulayliklar yaratildi. Tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash maqsadida NKMK kasaba uyushmasi Kengashi “Doʻstlik oqshomi”ni oʻtkazdi.

Tanlov natijalariga koʻra, anʼanaviy cholgʻular ansambli yoʻnalishida “Farhod” madaniyat saroyining “Saraxbor” maqomchilar ansambli gʻoliblikka sazovor boʻldi. Ularning sahnadagi uygʻunligi, kuylarning nozik talqini va milliy ijrochilik maktabiga xos bosiqligi tomoshabinlar hamda hakamlar hayʼati tomonidan yuqori baholandi.

Kichik yosh toifasida “Uchquduq” madaniyat saroyi ishtirokchisi Azizbek Isomiddinov oʻzining jarangdor ovozi va sahnadagi erkinligi bilan ajralib turdi. Katta yosh toifasida esa “Zafarobod” hududiy boshqarmasining Paxtachi tumani “Shodlik” klubi aʼzosi Marjona Otaqulova ijro etgan qoʻshiqlar kompozitsiyasi, ohang va soʻz mazmunining uygʻunligi bilan tomoshabinlarga chuqur maʼnaviy zavq ulashdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?