Prezident Toshkent shahrida issiqlik taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish loyihasi taqdimoti bilan tanishdi

21:58 02 Avgust 2021 Siyosat
1850 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-avgust kuni Toshkent shahrida issiqlik taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.

Issiqlik taʼminoti hayot sifatini taʼminlaydigan omillardan biri. Mamlakatimizda bu tizimni takomillashtirish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Jahon banki bilan hamkorlikda Andijon, Buxoro, Samarqand, Chirchiq shaharlaridagi markazlashgan issiqlik taʼminoti tarmoqlari rekonstruksiya qilinmoqda. Joriy yildan boshlab, Nukus, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Navoiy, Namangan, Samarqand, Termiz, Guliston, Urganch, Fargʻona, Chirchiq va Angren shaharlarida koʻp qavatli uy-joylarga xizmat koʻrsatish boshqaruv-servis kompaniyalariga oʻtkazilmoqda.

Toshkent aholi soni jihatidan ham, issiqlik tarmoqlarining koʻlami boʻyicha ham mamlakatimizning eng katta shahridir. Bu yerda 9 ming 165 ta koʻp qavatli uy, 3 ming 475 ta ijtimoiy obyekt markazlashgan issiqlik taʼminotiga ulangan. Lekin, magistral va tarqatish tarmoqlarning 72 foizi, markaziy qozonxonalarning hammasi, mahalliy qozonxonalarning 90 foizi eskirgan.

Bu xarajatlarning haddan ziyod ortib, xizmat sifati pasayishiga sabab boʻlmoqda. Masalan, oʻtgan yili issiqlik energiyasi yoʻqotilishi 44 foizni, pulga chaqqanda, 630 milliard soʻmni tashkil etgan. Buning uchun 460 million kub metr tabiiy gaz, 55 million kub metr ichimlik suvi, 154 million kilovat elektr energiyasi ortiqcha sarflangan.

Oqibatda “Toshissiqquvvati” davlat unitar korxonasining kreditor qarzdorligi yuqoriligicha qolmoqda. Xizmat sifati pastligi aholining jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

Shu bois 2019-yil 2-dekabrda “Toshkent shahrining issiqlik taʼminoti tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilinib, tizimda bozor tamoyillari va davlat-xususiy sheriklikni joriy etish boʻyicha vazifalar belgilangan edi.

Oʻtgan davrda bu borada loyiha konsepsiyasi tayyorlanib, takliflar olish uchun tanlov eʼlon qilindi. Osiyo taraqqiyot bankining xulosasiga koʻra, Fransiyaning “Veolia” kompaniyasining loyihasi eng samarador deb topildi. Bu kompaniya Polsha, Chexiya, Ruminiya, Litva, Germaniyadagi shaharlarda issiqlik tizimini boshqarish tajribasiga ega.

Shu kunlarda Toshkent shahar hokimligi bilan kompaniya oʻrtasida xususiy sheriklik shartnomasi imzolanishi kutilmoqda.

Loyihaga koʻra, “Veolia” kompaniyasi tomonidan 315 million yevro, loyiha davrida olinadigan daromad hisobidan 1 milliard 80 million yevro yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan.

Bu mablagʻlar evaziga 181 ta issiqlik qozonxonasi modernizatsiya qilinishi, 28 mingta issiqlik punkti oʻrnatilishi, 841 kilometr tarmoq rekonstruksiya qilinib, 576 kilometr tarmoq yangidan qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 391 ta maxsus avtomashina va boshqa uskunalar sotib olinadi. Xalqaro darajadagi texnik audit va billing tizimi joriy etiladi.

Taqdimotda, avvalo, issiqlik taʼminoti xizmatlarini xususiy sheriklik asosida tashkil etish metodologiyasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Prezidentimiz taklif etilayotgan loyihani Toshkent shahridagi mavzelardan birida namuna sifatida joriy etib, samaradorligini tajribadan oʻtkazish, har tomonlama chuqur oʻylab, qaror qabul qilish zarurligini taʼkidladi.

Boshqaruvga berishdan oldin “Toshissiqquvvati” davlat unitar korxonasiga tegishli mol-mulk va binolar xatlovdan, koʻp qavatli uylarning issiqlik taʼminoti tizimlari texnik va energetik auditdan oʻtkazilishi belgilandi.

Loyihani amalga oshirish uchun Issiqlik tizimini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil qilish boʻyicha koʻrsatma berildi. Loyiha doirasida olingan sof foydaning 10 foizdan oshgan qismi mazkur jamgʻarmaga oʻtkazib boriladi.

Maxsus texnika, uskuna va materiallarni davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunga asosan ochiq tender orqali, maqbul narxlarda sotib olish kerakligi qayd etildi.

“Veolia” kompaniyasi bilan birga mahalliy mutaxassislar malakasini oshirishni yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер