Prezident choʻkayotgan qizchalarni qutqarib, halok boʻlgan fuqaroni mukofotladi

17:06 03 Iyun 2025 Jamiyat
356 0

Avvalroq Toshkent shahri hududidan oqib oʻtuvchi Boʻrijar kanaliga tushib ketgan ikki nafar qizni qutqargan erkakning oʻzi choʻkib ketib halok boʻlgani haqida xabar berilgan edi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning maʼlum qilishicha, Shavkat Mirziyoyev shu yilning 5-may kuni sodir boʻlgan mashʼum voqeada qahramonlarcha halok boʻlgan Abdumannop Samiqovni “Jasorat” medali bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi farmonni imzolagan.

“Mard va jasur vatandoshimiz Abdumannop Samiqov oʻzini suvga tashlab, norasidalar hayotini saqlab qoldi. Lekin, afsuski, baxtsiz hodisa roʻy berdi – bu ezgulik yoʻlida uning oʻzi qahramonlarcha halok boʻldi.

Maʼlum boʻlishicha, bu fidoyilik bejiz emas – Abdumannop Samiqov hamisha odamlarga yaxshilik qiladigan, el koriga yaraydigan vatanparvar inson edi”, deb yozadi Sherzod Asadov.

Uning taʼkidlashicha, davlat rahbari bu jasorat tarixini yuragiga yaqin olib, avvalo, marhumning rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirgan. Prezident shuningdek, bugun, 3-iyun kuni marhum Abdumannop Samiqovni “Jasorat” medali bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi farmonni imzolagan.

Bundan tashqari, qizaloqlarni qutqarishda jonbozlik koʻrsatgan “Boʻrijar” sport majmuasi ishchisi Nurmuhammad Mamasaliyev ham “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.

“Bu mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, vatan qahramonlariga hurmat koʻrsatish borasidagi eʼtiborning yana bir ifodasi boʻldi. Kuchli va mehr-oqibatli jamiyatda insoniylik hech qachon unutilmaydi”, deb yozadi Prezident matbuot kotibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер