Porloq hayot uchun kurashganlar qissasi yoki Hilol Nasimovdan kutilgan va kutilmagan film

15:23 29 Sentyabr 2018 Madaniyat
8276 0

Osmonga koʻtarilayotgan harbiy vertolyotlar, qiruvchi samolyotlardan olingan tasvirlar, jang maydonidagi qonli muhoraba, oh-vohlar, baqir-chaqirlar... Askar snayperlik vintovkasining durbini orqali dushmanning peshonasini moʻljallamoqda. U aynan qayerga oʻq uzmoqchi ekanini ziyrak boʻlmagan tomoshabin ham darrov ilgʻashi tayin: durbinning moʻljal belgisi ekranda koʻz oʻngingizda turadi. Hali odam oʻldirmagan, urush koʻrmagan, harbiy mashgʻulotlar paytida faqat tuluplarga qarata oʻq otib yurgan yosh askarning barmoqlari asta titrab, tepkini bosadi. Oʻq vintovkaning ogʻzidan olov purkab otilib chiqqancha uchib borib, dushmanning peshonasiga sanchilishini kuzatasiz. Boshning oʻq tekkan qismidan bir necha tomchi qon otilib, pistirmada biqinib oʻtirgan dushman snayperi bir silkinib jon beradi...

Yoʻq, bu Gollivud yoki Bollivud kinoustalari tasvirga tushirgan qaysidir filmdan lavha emas. Mazkur kadrlarni juma oqshomida poytaxtimizning Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyida taqdimoti boʻlib oʻtgan oʻzbek badiiy filmida koʻrishingiz mumkin. “Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga koʻra, “Vatan” kinostudiyasi tomonidan Zulfiya Yunusova hamda Iqbol Mirzo ssenariysi asosida Hilol Nasimov rejissyorligida suratga olingan “Hayot” badiiy filmi ana shunday qiziqarli lavhalarga boyligi bilan har qanday tomoshabinning eʼtiborini tortib, hayratini oshiradi.

Oʻqqa uchgan umidlar ohi
...Quyosh zarrin nurlarini sochayotgan lolaqizgʻaldoqlar orasida Hayot (Fotih Nasimov) va Lola (Oysanam Yusupova) qoʻl ushlashib chopib borishmoqda. Osmon nihoyatda musaffo: xuddi rassom moviy rangini ayamay sochgandek, tevarak-atrofning goʻzalligi kishi koʻzini qamashtiradi. Kadr asta oʻzgarib, ulkan lolaqizgʻaldoqlar orasida bir-biriga qarama-qarshi holda osmonga tikilib yotgan ikki sevishgan qalb koʻrinadi. Tasvir balandlab, yanada ulkan masofani qamrab olgach, gilamdek qip-qizil keng maydonda ikkita odam shakligina koʻzga chalinadi. Ammo bu yer endi lolaqizgʻaldoqlarga toʻla qirni emas, qon daryo boʻlib yoqayotgan muhoraba maydonini koʻproq eslatadi...

Chindan ham, bugungi porloq kunlar uchun Vatanimiz sarhadlarini koʻz qorachigʻidek asrab, uning tinchligi va ozodligi yoʻlida oʻz jonini fido qilganlar oldida hamisha qarzdormiz. Aytish mumkinki, 2000 yilning avgust oyida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlarida yurtimiz chegaralarini buzib kirgan, osuda hayotimizga raxna solmoqchi boʻlgan hokimiyatparast mutaassiblarga qarshi mardona jang qilib, halok boʻlgan oʻgʻlonlarimiz, ularning yaqinlari, ota-onalari, sevikli yorlari, doʻstu birodarlari qismati mazkur kinokartinada Farhod Abdullayev (Lolaning otasi), Tohir Saidov (Hayotning otasi), Lola Eltoyeva (Hayotning onasi), Mehriddin Rahmatov (harbiy guruh komandiri), Samiddin Lutfullayev (kichik guruh komandiri) kabi taniqli aktyorlar ansambli yaratgan obrazlar orqali toʻlaqonli ravishda ochib berilgan.

Film harbiy xizmatdan taʼtil olib, qishlogʻiga — soʻlim Fargʻonaga qaytgan Hayotning boʻlajak toʻyi tashvishlari bilan boshlanadi. Oʻzi boʻladimi axir: toʻyga oz qolgan, Toshkentdan har kuni televizorda koʻrinib turadigan sanʼatkorlarni olib kelishi kerak, harbiy qismdagi doʻstlari, komandirlarini taklif qilishi lozim, uyda ham muammolaru kamchiliklar talaygina. Ammo onaizor yaqindagina kelgan oʻgʻlining yana ketishini istamaydi. Biroq mushtipar onaning qarshiligi ota rizosi bilan “sindirilib”, kuyovbolaga poytaxtga borish uchun ruxsat tegadi. Shunday-kuya... Muhim safar oldidan suyukligi, sinfdoshi, tez orada turmush oʻrtogʻi boʻlmish Lola bilan ham uchrashib olmasa boʻlmas... Garchi tez kunlarda toʻy oʻtib, endi bir umr birga boʻlishlari aniq esa-da, boʻlajak rafiqasining vasliga yana bir bor toʻyib olishi kerak-ku axir...

Uchrashuv sahnasi bir oz sodda boʻlib qolganligi, Hayot bilan Lola suhbatlashib turgan paytida ularning yoniga sinfdoshi kelib, oʻzaro muloqotga kirishgan chogʻda yasamalik, sunʼiylik ham koʻzga tashlansa-da, ishoning, bu Oysanam Yusupova hamda Fotih Nasimovning qahramonlari oʻrtasidagi kuchli muhabbatni koʻrsatib berishga aslo soya sololmagan. Ayniqsa, sevgilisining “Toʻygacha rasmga tushib olaylik”, degan iltimosiga rad javobini bergan Hayot xayrlashar chogʻida Lolaning orqasidan kulimsirab qarab qolarkan, qiz ortga burilib, ham jahl, ham araz, ham sevinch, ham teran muhabbat aralash tilini chiqarib, yigitni masxara qilib ketgan sahna munosabatlarning gʻoyat samimiy, nihoyatda pokiza ekanini ifodalashda oʻta ishonchli chiqqan. Nazarimda, bu lahzani Hayot faqat mashinada poytaxtga ketayotganidagina emas, balki kinokartinaning finalida yana bir marta xotirga olsa, jilmayib qoʻysa... Ishonchim komil, tomoshabinni hozirgidan-da koʻproq toʻlqinlantira olur edi...

Shu oʻrinda film ijodkorlarining hayotni yaqindan bilishini, asarni suratga tushirish jarayonida inson psixologiyasi va mantiq atalmish tushunchalarga tayangan holda ish olib borganliklarini, bu esa tasvir tomoshabinga turli rakurslarda chiroyli tarzda yetkazib berilganida ham yaqqol namoyon boʻlganini alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Postanovkachi operator Husan Aliyevning har bir kadrni dramaturgiyaga asoslangan holda ishlagani filmdagi izchillik, yorqinlik, tasvir temperamenti va mukammallikni taʼminlashga xizmat qilgan.

Vatanga xavf tugʻilganda, askar jim oʻtirolmaydi
Hayot Lola bilan xayrlashgach, Toshkentga yoʻl oladi. Uning xalq tilida “moshina-pitak” deb ataladigan maydonchada qoʻshnisi — muallimaning poytaxtda oʻqiydigan qizi Aziza uchun yuborayotgan “posilka”sini yetkazib berish maqsadida qoʻliga olishi sahnasi asarning bosh voqeasini belgilab bergan, desam, yanglishmayman. Chunki Hayotning tugunni olib, uni Azizaga topshirish uchun oliy oʻquv yurtining yotoqxonasiga borishi qishloqda keyinchalik urchiydigan gap-soʻzlar, tuhmatu gʻiybatlarga, oddiy aytganda, dramaturgiyaning asosiy qonuni — asardagi konfliktga sabab boʻladi.

Qishloqda turli-tuman gap-soʻzlarning “bolalashi” uchun esa asos bor: Hayot toʻyga oz vaqt qolganiga qaramasdan, hali ortga qaytmagan. Buning asl sababini tomoshabin yaxshi bilib turibdi: dinni niqob qilib, izdoshlariga oʻlgach, shahid maqomida jannatga tushishini vaʼda bergan, ammo asl maqsadi hokimiyatga erishish boʻlgan mutaassiblardan iborat qurollangan guruh Vatan sarhadlarini kesib oʻtdi. Ularning maqsadi ayon: oʻldirish, mahv etish, butun Oʻzbekistonni olov ichra qoldirish, shu yoʻl bilan chetdagi homiylarining ishonchini oqlash... Oʻzingiz ayting, bunday pallada harbiy ishni qismat deb bilgan shartnomadagi serjant bir chetda qoʻl qovushtirib tura oladimi?!

Film harbiylarimizning bedor, bezovta hayotini toʻlaqonli yoritib bera olgan, deyish mumkin. Ammo jang sahnalarida boʻrttirish koʻp: “biznikilar baribir kuchli”, degan qarash koʻrinib turibdi. Buni inkor etmagan holda, bir tarixiy haqiqatni ham eslatib oʻtishni joiz, deb bildim. Gap shundaki, Vatanimiz chegarasini buzib oʻtgan oʻsha qurolli shaxslar ham necha yillar mobaynida chet ellardagi harbiy bazalaru poligonlarda tajriba orttirgan, jafokash afgʻon zaminidagi qonli janglarda ishtirok etgan, urush koʻrgan, odam oʻldirgan, qisqacha aytganda, qon taʼmini his qilgan boʻrilar edi. Ammo urushning dastlabki kunlaridayoq ularning ortidan tushgan askarlarimiz oʻshanda urush amaliyotiga ega edilarmi?! Odam oʻldirib oʻrganganmidilar?! Qoʻllari qonga botganmidi?! Yoʻq! Ular urushni oʻyin deb bilgan, aksariyati hali goʻshanga koʻrmagan, hayot ne ekanligini anglab ham yetmagan boʻzbolalar edi. Shunday ekan, film mobaynida ularning harbiy professionalizmi bosqichma-bosqich oʻsib borgani bilinsa, dastlabki dovdirashlar, urush “ilmi”ning yoʻqligi bois oʻzini oʻqqa tutib berishlar, yonidagi askarning qora qonga belanib qolganini koʻrganidagi qoʻrquv, oʻlim dahshatini his etish, shu bilan birga, inson diydasining asta-sekin qotishi tasvirlansa, gʻalabaga erishish oson boʻlmagani yanada oydinlashar, oʻgʻlonlarimizning Vatanni yovlardan himoya qilishdagi jasorati va qahramonligi haybati bundan-da ortar edi.

Ssenariyga tomgan... koʻzyoshlar
Film tugagach, uning ssenariy mualliflaridan biri Zulfiya Yunusovani suhbatga tortdik.

— Oʻzim onaman, — deya soʻz boshladi Zulfiya opa, — mening ham oʻgʻillarim bor. Ona uchun esa farzand dogʻidan koʻra ulkan dard yoʻq. Ayniqsa, kipriging bilan avaylab oʻstirgan chinordek oʻgʻling oʻqqa uchib, bir lahzada umr chirogʻi oʻchsa... Buning naqadar alamli ekanini film ssenariysini yozish chogʻida yanada chuqur angladim.

Ochigʻi, kinossenariyni yozish fikri menda koʻp yillar muqaddam — oʻzim ayni paytda ham faoliyat olib borayotgan “Vatanparvar” tahririyatida 2000 yilning avgustida yovga qarshi janglarda halok boʻlgan dilbandlarimiz haqida ocherklar yozib yurgan paytimda tugʻilgan. Qarang, oʻsha voqealarga ham oʻn sakkiz yil boʻlibdi. “Bugungi avlod ularning qahramonliklarini eslaydimi? Biz oʻsha dolgʻali davrda tinchligimiz, chegaralarimizning daxlsizligi uchun hayotini qurbon qilganlar xotirasini joyiga qoʻya olyapmizmi?” degan savol menga tinchlik bermas edi. Ana shu savol qoʻlimga qalam olishga undadi. Mayor Ahror Ochilovning koʻmagida soʻrab-surishtirib, Surxondaryodagi urushda harbiy komandir boʻlgan polkovnik Abdullayev degan insonni topdim. Ularning yordami bilan butun respublikani kezib, oʻsha urushga guvoh boʻlgan askarlar, janglarda halok boʻlganlarning oila aʼzolari, yaqinlari bilan uchrashdim. Allaqachon keksayib, qaddi choʻkkan onalarning koʻzidagi mung, yetim qolgan farzandlarning nigohidagi alam, tul qolgan ayollarning unsiz ohlariga guvoh boʻldim. Har bir hikoya, har bitta detal yuragimdan xuddi oʻzimning dardim, oʻzimning qismatim kabi oʻtdi. Asta-sekin kinossenariyni qogʻozga tushira boshladim...

— Yozish oson boʻlmagandir? — savol beramiz opaga.

— Ishonasizmi, ayrim sahnalarni bir oʻtirishda oxiriga qadar yozolmaganman, — deydi Zulfiya opa. — Ayniqsa, qahramonlarim oʻqqa uchib, oʻlim bilan olishib turgan chogʻda oʻzimni yigʻidan toʻxtatolmagan, yozishni tashlab qoʻygan paytim koʻp boʻlgan. Baʼzan ssenariyni qayta ishlash maqsadida bir boshdan oʻqirkanman, koʻzyoshlarimni tiyolmasdim. Ammo askarlarimiz xotirasini abadiylashtirishdek burch meni yana ishlashga, qoʻlimga qalam olishga majbur qilardi.

Bugun sahnaga chiqib, tomoshabinlar olqishini eshitarkanman, ancha yillardan beri yelkamdan bosib turgan ogʻir va zalvorli yukdan xalos boʻlganimni, marhum askarlarimizning pok ruhi, ularning onalari, yaqinlari oldidagi qarzimni uza olganimni his qildim.

Soʻngsoʻz oʻrnida
Tagsarlavhani “Hilol Nasimovdan kutilgan va kutilmagan film” deya bejiz atamadim. Kutilgani shuki, kinorejissyor yana oʻsha — diniy mutaassiblik, muqaddas dinimizni oʻzlarining manfur maqsadlarini amalga oshirish yoʻlida niqobga aylantirib olganlar, ularning mamlakatimiz taraqqiyotiga bolta urishga boʻlgan urinishlari va harbiy-vatanparvarlik mavzusiga qoʻl urgan. Kutilmagani esa...

Kutilmagani ikkita: birinchi omil, bu gal din mavzusiga yondashishda ehtiyotkorona yoʻl tutgani, muqaddas dinimizni ham yomonotliq qilib qoʻymaslikka uringani va buni mahorat bilan bajara olganidir. Ikkinchi muhim omil esa asarda dramaturgiyaning kuchliligida, bogʻlanishlar, konfliktning yuzaga kelishi va yechimning soddaligi, hamma uchun tushunarli ekanida. Qolaversa, operatorlik ishi hamda montajning oʻsha biz bilgan Gollivud yoki bollivudchilardan qolishmaydigan tarzda amalga oshirilgani ham shaxsan men uchun kutilmagan boʻldi.

Taqdimot chogʻida kinosaroyida aynan grafika va operatorlik ishidagi mohirona topilmalar bois bir necha marotaba kuchli qarsaklar yangradi. Demak, buni birgina men emas, boshqalar ham kutishmagan ekan.

“Dastlabki tasavvur aldamchi boʻladi”, deyishadi. Bu gap nechogʻli toʻgʻri ekan, bilmadim. Ammo men filmni bir yarim soat mobaynida — odam koʻpligidan oʻtirishga joy ham qolmaganligi tufayli — oyoqda tik turib tomosha qilgan boʻlsam-da, undan yaxshigina taʼsirlandim, ham ijodkor, ham mutaxassis sifatida koʻplab yutuqlarni koʻra oldim. Kamchiliksiz inson boʻlmagani kabi bironta ham xatoga yoʻl qoʻyilmagan filmni topish qiyin. Bu kinokartinada ham ana shunday xatolar bordir, biroq dastlabki yoqimli taassurotning kuchida ularni koʻrolmagan yoxud ongostida koʻrishni istamagan boʻlishim mumkin. Toʻgʻri, juzʼiy kamchiliklar bor va ularni yuqorida bildirib oʻtdim.

Xulosa oʻrnida esa bir fikrni taʼkidlamoqchiman: oʻzbek kinematografiyasi kun sayin oʻsib, ulgʻayib bormoqda. Mana shu oʻsish, mana shu ulgʻayish bardavom boʻlaversin!

Darvoqe, film qanday yakunlangani, Hayotning nikoh toʻyiga kimlar kelib, kimlar kelmaganini esa aytib oʻtirmayman. Yaxshisi, oʻzingiz tomosha qiling. Achinmaysiz.
Hasan TOSHXOʻJAYEV,
sanʼatshunos.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер