O‘zbekistonlik kardiojarrohlar amerikalik mutaxassislar bilan noyob jarrohlik amaliyotiga qo‘l urdi

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida AQSHning “FastWave” kompaniyasi vakillari ishtirokida yurakda yuqori texnologiyali noyob jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi. O‘zbekistonlik kardiojarrohlar bilan hamkorlikda yurak ishemik kasalligi va murakkab koronar tomir zararlanishi holatlari bo‘lgan bemorlarga ilg‘or lazerli litotripsiya usuli orqali stent o‘rnatildi.
Avvallari, koronar arteriyalar (yurak qon tomirlari) chuqur va ko‘p joydan zararlangan bemorlarda mini invaziv jarrohlik usullarini amalga oshirish deyarli imkonsiz edi. Ammo, endi buning imkoni bor. Markazda amerikalik shifokorlar bilan birgalikda o‘zbekistonlik kardiojarrohlar tomonidan qon tomirlardagi kalsiyli to‘planmalarni xavfsiz tarzda parchalash imkonini beruvchi innovatsion lazerli litotripsiya usuli amalga oshirildi va qon aylanishini tiklaydigan stentlar muvaffaqiyatli o‘rnatildi.
Albatta, bunday zamonaviy jarrohlik amaliyotlarining muvaffaqiyatli o‘tkazilishi mamlakatimiz tibbiyoti yil sayin rivojlanib, xalqaro standartlar darajasiga chiqib borayotganining yaqqol isbotidir.
— Mazkur yuqori innovatsiyaga asoslangan jarrohlik amaliyoti mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi uchun muhim tarixiy voqeadir, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Xurshid Fozilov. — Bugungi jarrohlik amaliyoti bu shunchaki tibbiy yutuq emas, balki o‘zbek yurak jarrohligi rivojlanishida yana bir muhim qadamdir. E’tiborga molik jihati markazimizda faoliyat olib borayotgan malakali jarrohlarimiz zamonaviy texnologiyalar bilan ishlashda yuksak professionallik ko‘rsatdi, amerikalik mutaxassislar bilan yelkama-yelka turib ishladi. Biz faqat yangi tajribani o‘rganish bilan cheklanmayapmiz, balki uni chuqur o‘zlashtirib, amaliyotda samarali qo‘llayapmiz. Shuni ishonch bilan ayta olmanki, Yangi O‘zbekiston bugungi kunda zamonaviy yurak jarrohligi sohasida nafaqat ilgarilamoqda, balki mintaqaviy yetakchiga aylanish sari dadil qadam tashlayapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Masalaning yana bir muhim jihati, litotripsiya jarrohlik amaliyoti o‘quv-amaliy klinik dastur doirasida amalga oshirildi. O‘zbekistonlik shifokorlar nafaqat amaliy ko‘nikma oldi, balki jahondagi ilg‘or mutaxassislardan bevosita tajriba o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu esa mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini nafaqat milliy, balki mintaqaviy miqyosda ham jozibador va ishonchli davolash maskaniga aylantirishga xizmat qiladi. Asosiysi, endi fuqarolarimiz yuqori malakali, xalqaro standartlarga javob beradigan shu kabi jarrohlik amaliyotlari tibbiy xizmatlarni xorijga chiqmasdan, O‘zbekistonning o‘zida olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Respublika ixtisoslashtirilgan kadiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi o‘z faoliyatida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va ilg‘or texnologiyalarni faol joriy etishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Bunday tashabbuslar nafaqat inson hayotini saqlab qolishga, balki mamlakatda tibbiy xizmat sifatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Umuman, keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda tibbiyoti rivojlangan davlatlardagi kabi eng ilg‘or innovatsion taraqqiyotga erishish borasida jiddiy qadamlar tashlanmoqda. Ushbu keng ko‘lamli islohotlar natijasida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ham zamonaviy jarrohlik usullari va aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida yangi bosqichga ko‘tarildi va mintaqada yetakchi markazlardan biriga aylanmoqda.
“Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring