Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va BMTning Sivilizatsiyalar alyansi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

14:24 15 Dekabr 2025 Jamiyat
198 0

Foto: Islom sivilizatsiyasi markazi

Jidda shahriga Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovning rasmiy safari doirasida qator muhim uchrashuvlar tashkil etildi. Mazkur safar Prezident tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining boy madaniy-maʼnaviy merosini xalqaro miqyosda targʻib etish, ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratildi.

Safar doirasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Jidda shahrida Islom sanʼati muzeyi direktori Mamduh Usmon bilan uchrashdi. Unda Markaz faoliyati, uning asosiy maqsad va vazifalari, islom sivilizatsiyasining ilmiy, tarixiy va maʼnaviy merosini oʻrganish va targʻib etish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida batafsil maʼlumot berildi. Uchrashuv ishtirokchilari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan yaqindan tanishib, amalga oshirilayotgan ishlarni yuksak baholadi.

Shuningdek, barcha muzokara va uchrashuvlar davomida qoʻshma koʻrgazmalar tashkil etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini yoʻlga qoʻyish, xalqaro anjumanlar oʻtkazish, mutaxassislar va tadqiqotchilar oʻrtasida tajriba almashish masalalari keng muhokama qilindi. Tomonlar hamkorlikning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish boʻyicha oʻzaro fikr almashdilar.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sivilizatsiyalar alyansi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat sivilizatsiyalar oʻrtasida muloqotni mustahkamlash, madaniy bagʻrikenglikni targʻib qilish, shuningdek, islom sivilizatsiyasi merosini jahon hamjamiyatiga keng yetkazishga xizmat qilishi qayd etildi.

Tomonlar mazkur uchrashuvlar ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishini taʼkidlab, kelgusida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?