Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarix, bugun va kelajak tutashgan ulugʻvor manzilga aylanadi
Tarix zarvaraqlariga muhrlangan 2025-yilning soʻnggi kunlari muhtaram Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi va unda koʻtarilgan dolzarb masalalar bilan ham yodimizda qoldi.
Mazkur murojaatnomada oʻtgan yilda bosib oʻtilgan yoʻl, qoʻlga kiritilgan yutuqlar, amalga oshirilgan vazifalar, shu bilan birga joriy yildagi rejalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Zalvorli qadimlar, ulugʻvor rejalar...
Darhaqiqat, oʻtgan 2025-yil barchamiz uchun nihoyatda barakali, mahsuldor boʻldi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, oʻtgan yilni kutilmagan oʻzgarishlar, davlatlar oʻrtasida iqtisodiy qarama-qarshilik, xavfsizlikka tahdidlar ortib borayotgan tahlikali bir vaziyatda yakunladik. Shunga qaramay, oʻtgan yil xalqimiz, Vatanimiz uchun esda qolarli voqealarga boy boʻldi. Oʻtgan yilda tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollardan oshdi. Jumladan, eksport miqdori 23 foizga oshib, 33,4 milliard dollarga yetdi. Iqtisodiyotimizga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetdi. Davlatlarning texnologik yetuklik indeksida Oʻzbekiston 71 pogʻona koʻtarilib, dunyoning top-10 ta mamlakati qatoridan joy oldi. Ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambagʻallikdan chiqdi.
Bular shunchaki raqamlar emas, balki Yangi Oʻzbekistonning soʻnggi yillarda har tomonlama yuksalib borayotganining yaqqol dalilidir. Albatta, moddiy farovonlik, har bir jamiyatning maʼnaviy va madaniy taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi. Bugun poytaxtimizda muhtaram Prezidentimiz gʻoya va tashabbuslari asosidagi megaloyiha — oʻz uslubi va yoʻnalishiga koʻra yagona boʻlgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilgani ham bevosita iqtisodiy farovonlik darajasi bilan bogʻliq desak, xato boʻlmaydi.
Bundan, toʻqqiz-oʻn yillar ilgari salkam oʻn gektarlik hududda, 50 ming kvadrat-metrga yaqin umumiy foydalanish maydoniga ega boʻlgan muhtasham majmuani qurishni tasavvur ham qilolmasdik. Oʻtgan davr mobaynida ushbu bino qad rostlashi barobarida uning kontentini boyitish, Markazga buyuk ajdodlarimizdan qolgan bebaho boyliklarni qaytarish borasida misli koʻrilmagan ishlar amalga oshirildi. Olimlarimiz, tadqiqotchilarimiz tomonidan Markaz faoliyati bilan aloqador yuzlab ilmiy loyihalar toʻliq moliyalashtirildi.
Binobarin, oʻtgan yildagi barcha iqtisodiy koʻrsatkichlar (YAIM, eksportning oʻsishi, investitsiyalar) Oʻzbekistonning nafaqat iqtisodiy koʻlamini, balki uning sifatini ham oshirganini isbotlaydi. Bunday barqarorlik va oʻsish, Vatanimizning oʻziga xos sivilizatsion yoʻlini tanlaganidan darak beradi. Moddiy farovonlik orqali yaratilgan imkoniyatlar esa, bizga Islom sivilizatsiyasi markazi kabi muhtasham maʼnaviy xazinalarni asrab-avaylash, uni dunyoga tanitish va yosh avlodga ilm-maʼrifat asosida tarbiya berish uchun kuch beradi. Demak, iqtisodiy yuksalish – maʼnaviy yuksalishning zalvorli va mustahkam shartiga aylangan.

Aql-tafakkur markazi
Maʼlumki, bundan toʻqqiz yil burun Oʻzbekiston rahbari tashabbusi bilan tashkil qilingan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oʻtgan davr ichida xalqaro miqyosda muqaddas dinimizning insonparvarlik va maʼrifatparvarlik mohiyatini keng miqyosda namoyish eta oladigan yirik ilmiy-maʼrifiy muassasaga aylandi.
Oʻtgan yili poytaxtimizda ushbu markazning muhtasham binosi qurilishi oʻz yakuniga yetdi. Prezidentimizning topshiriqlari asosida Markaz kontentini boyitish, uning konsepsiyasini mustahkamlash, xalqimizning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini namoyon etishi uchun xorijga chiqib ketgan boyliklarimizni qaytarish boʻyicha keng qamrovli ishlar bajarildi. Davlat rahbarining taʼbiri bilan aylanganda “bu dargoh nafaqat oʻtmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bogʻlaydigan, taraqqiyotimizning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi boʻlishi zarur”.
Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat islomiy va madaniy merosning munosib xazinaboni, balki xalqaro maydondagi yirik ilmiy va maʼnaviy markazga aylandi.
Prezidentimiz oʻtgan yilning oʻzida Markazga besh marotaba tashrif buyurib, qimmatli maslahatlar, yoʻliq-yoʻriqlar va tavsiyalar berdilar, muzey konsepsiyasini yaratishda faol qatnashdilar. Ana shu tavsiyalar asosida “Qurʼoni karim zali”, “Islomga avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans va oʻzbek xonliklari”, “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans” ekspozitsiyalari toʻla shakllantirildi.
Dunyoning yuqori martabali mehmonlari – Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlari, shuningdek, Serbiya, Finlyandiya, Paragvay, Boshqirdiston Prezidentlari tashriflari davomida Markaz nafaqat milliy, balki xalqaro maydonda ham betakror megaloyiha darajasiga koʻtarilgani eʼtirof etildi.
Oʻtgan yil noyabrda Islom sivilizatsiyasi markaziga Usmon Musʼhafini olib kelishdek muqaddas ahamiyatga ega voqea faqat rasmiy marosim emas, balki maʼnaviy merosga ehtiromning chuqur ramziga aylandi.
Raqamlar soʻzlaganda...
Markazimizda yil davomida “Sivilizatsiyalar – shaxslar – kashfiyotlar” gʻoyasi doirasida 800 dan ortiq ilmiy va innovatsion loyihalar ishlab chiqildi, ularning birinchi bosqichida 325 ta loyiha amalga oshirildi. Bu loyihalarga 2 000 dan ortiq mahalliy va 100 dan ortiq xorijiy olimlar jalb qilindi.
Oʻtgan yilning oʻzida Markaz muzeyi ekspozitsiyalarida jami 1 530 ta eksponat taqdim etilgan boʻlsa, ular orasida faksimile qoʻlyozmalar, tarixiy xaritalar, arxeologik topilmalar alohida oʻrin tutadi. Shuningdek 64 ta maket, 215 ta videorolik, 153 ta elektron panel, 25 ta avatar, 11 ta interaktiv oʻyin va 6 ta immersiv shou ekspozitsiyalardan oʻrin oldi. Bu eksponatlar muzeyning ilmiy tadqiqot faoliyatini va Oʻzbekistonning boy madaniy merosini oʻrganishga boʻlgan faol intilishlarni oʻzida aks ettiradi.
Muzey ekspozitsiyasini shakllantirish va boyitish uchun hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan yaratilgan imkoniyatlar sabab, “Sothebyʼs”, “Christieʼs” va “Bonhams” auksion uylari, yirik kolleksionerlar va art-dilerlar bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatildi. Yil davomida auksionlardagi 154, kolleksionerlardan 589 eksponat qabul qilindi.
Markaz muzeyiga jami 100 dan ortiq artefaktlar martabali mehmonlar, xalqaro hamkor tashkilotlar va boshqa tashrif buyuruvchilar tomonidan hadya qilindi. Xususan, Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyimcha Butunjahon jamiyati tomonidan Markaz muzey ekspozitsiyasi uchun 494 ta artefakt begʻaraz taqdim etildi.
Markaz kutubxonasi fondiga 5000 ga yaqin adabiyot keltirildi. Shuningdek, xorijiy davlatlardagi muzey va kutubxonalardan uchun 16 nomda davriy nashrlar obunasi yoʻlga qoʻyildi. Mahalliy va xorijiy nashriyotlardan imkoniyati cheklangan shaxslar uchun 762 ta yangi maxsus adabiyotlar xarid qilindi. Kutubxonamiz fondidagi “Sharq va Gʻarb kolleksiyasi”dan 400 ta nodir adabiyotlar raqamlashtirildi, 30 000 ta kitobga elektron chiplar oʻrnatildi. 2 000 dan ortiq kitobga ilmiy texnik ishlov berildi va IRBIS dasturiga kiritildi. Markaz kutubxonasiga zamonaviy kutubxonachilik amaliyoti talablariga mos 30 ta maxsus uskunalar oʻrnatildi.
Markazning quyi qavatida Britaniyaning “1001 Discoveries” kompaniyasi bilan hamkorlikda maxsus bolalar hududi tashkil etildi.
Markazning kengaytirilgan ilmiy kengashi oʻtgan yilda 33 ta yigʻilish oʻtkazib, muzey faoliyatini takomillashtirish, muzey konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash, kolleksiyalar toʻplash va hisobga olish, eksponatlarni saqlash va restavratsiya qilish, moliyalashtirish va resurslar bilan taʼminlash kabi muhim masalalarni muhokama qildi.
Shuningdek, markazimiz xodimlarining ilmiy izlanishlari mahsuli boʻlgan 70 dan ortiq kitob nashrga tayyorlandi. Rui Gonsales de Klavixoning “Amir Temur saltanatiga sayohat kundaligi”ning oʻzbek, rus va ingliz tillaridagi maxsus bezakli nashri, “Samarqandga oltin yoʻl”, “Sharq miniatyurasida tarixiy shaxslar” singari kitob-albomlar shular jumlasidandir.

Dunyo nigohida va eʼtiborida...
2025-yil davomida Markaz xalqaro muloqot, madaniy hamkorlik va ilmiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan platforma sifatida faoliyat yuritdi.
Markaz oʻtgan yilda Fransiyaning xalqaro “Avitsenna” mukofotiga sazovor boʻlganini ham alohida taʼkidlash joiz.
Oʻtgan yil davomida Yevropa va arab dunyosiga qilgan xorijiy safarlarimiz ham kutilgan samaralarni berayotir. Shuningdek, hisobot davrida 40 dan ortiq uchrashuvlar oʻtkazildi, Malayziyada oʻtgan davra suhbati, Buyuk Britaniyada oʻtkazilgan 2 ta koʻrgazma, 5 ta taqdimot va 50 dan ortiq onlayn muloqotlar, Eron Milliy kutubxonasida Markazimiz xonasining ochilishi shu jumlasidan.
2025-yil 29-avgustda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Markazga navbatdagi tashrif chogʻida qurilishning oxirgi bosqichi, ichki bezak ishlari, zallar va mavzuviy ekspozitsiyalar bilan tanishib, zarur koʻrsatmalar berdilar.
26-27-sentyabr kunlari “Buyuk oʻtmish merosi – maʼrifatli kelajak poydevori” mavzusida xalqaro ekspertlar forumi boʻlib oʻtdi, unda 25 ta mamlakatdan 100 ga yaqin ekspertlar ishtirok etdi. 13-15-noyabr kunlari “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” mavzusida xalqaro kongress oʻtkazildi, unda 170 ta xorijiy ekspert, jumladan, madaniyat vazirlari, fanlar akademiyalari prezidentlari, Badiiy akademiyalar, Yozuvchilar uyushmasi raislari, kutubxona va muzey direktorlari qatnashdi.
Mazkur anjuman kunlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi doirasida Markazni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan birga Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Respublikasi Prezidentlari Ilhom Aliyev, Qosim-Jomart Toqayev, Sadir Japarov va Imomali Rahmon tashrif buyurishdi. Davlat rahbarlari “Qurʼoni karim zali” va sivilizatsiyalarga oid ekspozitsiyalar bilan tanishib, Oʻzbekistonning umumiy madaniy-tarixiy merosni saqlashga qaratilgan saʼy-harakatlarini yuqori baholadilar. Ushbu davlat rahbarlari ishtirokida muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan taʼsis etilgan “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning ilm-fan, madaniyat va sanʼat sohasida yuqori natijalarga erishgan vakillariga tantanali topshirildi.
BMT Bosh kotibining samimiy eʼtirofi
2025-yil 14 – 16-dekabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Sivilizatsiyalar alyansi (UNAOC) ning XI Global forumida mamlakatimizda madaniy merosni oʻrganish va targʻib etish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar yana bir bor xalqaro miqyosda eʼtirof etildi.
BMT Sivilizatsiyalar alyansining 20-yilligiga bagʻishlab tashkil etilgan forum “Koʻpqutbli dunyoda insoniyat birdamligi yoʻlida muloqot orqali oʻzaro hurmat va anglashuvning yangi davri” shiori ostida oʻtdi.
Forum doirasida Islom olami taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (ISESCO), Jahon musulmonlar ligasi rahbariyati, shuningdek, Saudiya Arabistonining yetakchi akademik va madaniy muassasalari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Ushbu muloqotlar chogʻida Markaz ochilish marosimida mazkur tashkilotlar vakillarining ishtirokini taʼminlash, qoʻshma ilmiy-tadqiqot, taʼlimiy va nashriyot loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, xalqaro hamkorlarning Markaz huzurida institutsional ishtirokini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida soʻzlagan nutqida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro gumanitar va ilmiy-madaniy platforma sifatidagi ahamiyatini alohida taʼkidlagan edi. 2026-yilda BMT bilan hamkorlikda mazkur Markaz hamda Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlarining keng qamrovli taqdimoti oʻtkazilishi rejalashtirilgani ham ana shu izchil siyosatning mantiqiy davomi boʻldi.
Forum doirasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv esa tadbirning siyosiy-diplomatik ahamiyatini yanada oshirdi. BMT rahbari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga yuksak baho berib, mamlakat rahbarining xalqaro maydondagi rolini alohida taʼkidladi.
“Sizning Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyev — buyuk va nufuzli rahbar boʻlib, u BMTning oliy minbaridan muloqot, maʼrifat va oʻzaro hurmat gʻoyalarini izchil ilgari surmoqda”.
Shuningdek, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan BMT Sivilizatsiyalar alyansi oʻrtasida oʻzaro Anglashuv memorandumi imzolandi.
Bu hujjat tom maʼnoda Oʻzbekistonning sivilizatsiyalar muloqoti sohasidagi saʼy-harakatlari xalqaro darajada eʼtirof etilayotganining yorqin dalilidir.

Hamkorlik samaralari
2025-yilda markazimiz ekspozitsiyalarini boyitish uchun mahalliy va xorijiy shirkatlar, xususan, “Magister Art”, “Outdoor Factory”, “Sila Sveta”, “Planeta 9”, “Inter Steller” kompaniyalari jalb qilindi. Muzey ekspozitsiyalarini va ularning shakllantirilishini jahon standartlariga muvofiqlashtirish uchun Fransiyaning Luvr muzeyi, Britaniya muzeyi, Dohadagi Islom sanʼati muzeyi kabi jahon muzeylaridagi tajribalardan foydalanish maqsadida Fransiyaning “Avesta Group” kompaniyasi mutaxassislari jalb etildi. Ilmiy-innovatsion loyihalar, muzey ekspozitsiyalarida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari, xalqaro hamkorlik va xorijiy mehmonlar tashrifiga doir 3000 dan ortiq materiallar tayyorlanib, Markazning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarda hamda veb-saytida, shuningdek, mahalliy OAV larida eʼlon qilindi.
Qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish laboratoriyasini yaratish va uning toʻlaqonli faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Rossiya Davlat Ermitaji muzeyidan maxsus ekspertlar jalb etildi. Oʻtgan vaqt mobaynida 1 500 dan ortiq qadimiy artefaktlar konservatsiya va restavratsiya qilindi.
Oʻtgan yilda Prezidentimiz topshiriqlariga binoan Markaz xodimlari Samarqandda Imom Buxoriy innovatsion muzeyini shakllantirish ishlarida ham faol ishtirok etdi. Davlat rahbarining bevosita rahbarligi ostida va Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Xalqaro islomshunoslik akademiyasi va boshqa tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda muzey ekspozitsiyasini shakllantirish boʻyicha ishlar olib borildi.
Niyatlar moʻl, maqsadlar ulugʻ...
Joriy yilda ham markazimiz tomonidan bir qator muhim ishlarni amalga oshirish koʻzda tutilmoqda. Jumladan, Markazning mintaqamiz va dunyodagi yirik gumanitar muassasalardan biri sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlashi belgilangan.
Yaqin kunlarda Markazining barcha hamyurtlarimiz uchun ochilishiga tayyorgarlik ishlari jadal olib borilmoqda. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini hamyurtlarimiz, xorijiy mehmonlar, olimlar va tadqiqotchilar, sayyohlar va ekspertlar uchun xizmat koʻrsata oladigan madaniy, ilmiy-maʼrifiy markazga aylantirish uchun barcha choralar safarbar etilmoqda.
Shuningdek, 2026-yilda Markaz yangi avlod muzeyi muhitini shakllantirishga eʼtibor qaratadi. 50 ming saqlash birligiga moʻljallangan mikroiqlim tizimiga ega eng yirik fond saqlov majmuasi yaratiladi. Tez kunlarda markaz fondi uchun 1,5 million hujjatni raqamlashtirish, ichki hujjat aylanmasini elektron formatga oʻtkazish va yagona bilimlar fondini yaratishni taʼminlaydigan ARK raqamli boshqaruv tizimi tashkil etiladi. VR/AR ekspozitsiyalari va 3D rekonstruksiyalari ishlab chiqiladi, muzey tashriflari toʻliq multimedia modeliga oʻtadi, mobil ilovalar orqali navigatsiya, bir necha tilda audiogidlar, kunlik 10 ming kishiga moʻljallangan chiptali sayohat tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Joriy yilda ham Markaz fondini nodir qoʻlyozmalar, tarixiy eksponatlar, nashrlar va hujjatlar, amaliy sanʼat namunalari hisobiga kengaytirish borasidagi ishlar davom etadi.. Artefaktlarni sotib olish manbalari kengaytirilmoqda. Jumladan, “Sothebyʼs”, “Christieʼs” va “Bonhams” kabi xalqaro auksion uylari, xususiy kolleksionerlar, art-dilerlar va ekspertlar orqali 2026 – 2027-yillar davomida Markaz fondlarini kamida 2000 ta nodir artefakt bilan boyitish rejalashtirilgan.
Markaz unikal raqamli tashabbuslar kompleksini joriy etmoqda. Bunday loyihalar orasida 100 ming raqamlashtirilgan sahifani oʻz ichiga olgan arxiv, raqamli platforma, artefaktlarni rekonstruksiya qilish, sivilizatsiyalar interaktiv xaritalari, virtual muzey VR-loyihasi, tarixiy shaxslarning raqamli avatarlarini koʻrsatib oʻtish mumkin.
2026-yilda Markaz zamonaviy multimedia ekotizimini yaratishni rejalashtirmoqda, yangi matbuot markazi tashkil etiladi, “CIC FILM” kinokompaniyasi ishga tushiriladi, 50 ming materialdan iborat mediabank yaratiladi, “CNN”, “BBC”, “TRT”, “Euronews”, “Al Arabiya” kabi xalqaro media-kompaniyalar bilan hamkorlik davom ettiriladi. 2026-yilda kutilgan umumiy mediamaydon 1 milliardgacha tomoshabin va oʻquvchilarni qamrab olishi kutilmoqda. Shuningdek, mashhur Hollivud aktyori Ben Kingsli ishtirokida “Maʼrifat sadosi” nomli 10-qismdan iborat hujjatli film ishlab chiqilmoqda.

“Oʻzgarishlarni oʻzimiz yaratamiz”
Xalqaro hamkorlik va tashqi aloqalar sohasida Markazning global pozitsiyasi joriy yilda yanada mustahkamlanadi. Yangi 2026-yilda Markaz 30 dan ortiq mamlakatning muzeylari va universitetlari bilan hamkorlik oʻrnatadi, BMT, YUNESKO, ICOM kabi nufuzli xalqaro tashkilotlardagi taqdimotlarda ishtirok etadi. Markaz binosida 2000 ishtirokchiga ega boʻlgan xalqaro konferensiyalarni oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Jumladan, “Zamonaviy islom sanʼati festivali”, “Oʻzbekiston olimlarining Ikkinchi Milliy forumi” kabi xalqaro tadbirlar, shuningdek Nyu-York, Parij, London, Doha, Ar-Riyod, Qohira singari shaharlarda Markazning taqdimotlari boʻlishi kutilmoqda. Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Markazning xalqaro aloqalarini kengaytirish boʻyicha 300 dan ortiq qoʻshma loyihalarni oʻz ichiga olgan “yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi.
Joriy yilda Sohibqiron Amir Temur, Mir Alisher Navoiy bobolarimizning qutlugʻ tavallud ayyomlari munosabati bilan turli konferensiyalar, taqdimotlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Shuningdek, Markaz tomonidan Islom merosi boʻyicha IRSIKA, ISESCO, Islom hamkorlik tashkiloti, Butunjahon Islom uyushmasi singari xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda 40 ta ilmiy nashr va 10 ta noyob faksimile nashrlarini chop etish kutilmoqda. Shuningdek, Markazda maxsus bosmaxona ochilib, bu yerda zamonaviy matbaa xizmatlari ham yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutilgan.
Milliy, ilmiy va madaniy merosni targʻib qilish maqsadida Markaz Frankfurt, London, Doha va boshqa yirik yarmarkalarda ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Bu esa, Oʻzbekistonga jahon kitob bozorida yangi va nufuzli ishtirokchi sifatida oʻz oʻrnini topishda yordam beradi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita koʻmagida Markaz sivilizatsiyalar oʻrtasidagi global muloqot, madaniy almashinuv va intellektual rivojlanish timsoliga aylanmoqda. Jahonda tengi yoʻq ilmiy-maʼrifiy markazning bunyod etilgani, xalqimizning boy tarixi va madaniyatini oʻrganish, targʻib etish, xorijiy fondlardan ajdodlarimizning boy madaniy merosini qaytarishga qaratilayotgan ulkan eʼtibor, ilmiy izlanishlar, tadqiqotlarga keng imkoniyatlar yaratilgani uchun Prezidentimizga yuzlab, minglab olimlarimiz, ekspertlarimiz, mutaxassislarimiz nomidan cheksiz tashakkur aytamiz.
Murojaatnomada aytilganidek, biz – bugun 38 milliondan ziyod katta xalqmiz. Mashaqqatli va sharafli mehnatimiz bilan dunyoda hurmat topayotgan, ertangi kunga ishonch bilan dadil borayotgan, matonatli va gʻururi baland millatmiz. Biz oʻzgarishlarni kutib yashamaymiz, aksincha, ularni oʻzimiz, oʻz aql-zakovatimiz va masʼuliyatli mehnatimiz bilan yaratamiz.
Firdavs ABDUXOLIQOV, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring