Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”
Oʻzbekistonda 2025-yilda 153 tonna sifatli qon tayyorlangan. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlumki, qon murakkab transplantatsiya amaliyoti oʻtkaziladigan, onkologik, gematologik kabi ogʻir kasalliklarga chalingan va baxtsiz hodisa tufayli jiddiy tan jarohati olgan bemorlar uchun muhim vosita sanaladi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga koʻra, har bir davlat oʻz aholisining qon komponentlari va preparatlariga boʻlgan ehtiyojini qoplash uchun har 1000 nafar kishiga nisbatan qon topshirish salmogʻi 30 nafarni tashkil qilishi kerak.
Respublika qon quyish markazi direktori Aʼlonur Saidovning maʼlum qilishicha, Oʻzbekistonda bu raqam 10 nafarga toʻgʻri keladi. Agar ushbu koʻrsatkich 30 nafargacha ortsa, mavjud ehtiyojni 100 foiz taʼminlashga erishiladi. Shu bois, respublikada begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirish, soha muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Hozirgi paytda bu yoʻnalishda Respublika qon quyish markazi, Toshkent shahar “Qon preparatlari” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi, 13 ta hududiy va 2 ta respublika tasarrufidagi qon quyish stansiyasi hamda 13 ta qon quyish boʻlimi samarali faoliyat yurityapti.
Taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonda 2023-yil 130,6 tonna, 2024-yil 148 tonna va oʻtgan 2025-yilda 153 tonna sifatli qon tayyorlangan. Mazkur koʻrsatkichni yanada oshirish maqsadda soʻnggi yillarda Respublika qon quyish markazining hududlardagi qon bilan ishlash xizmati muassasalariga 13 ta koʻchma donorlik kompleksi – maxsus jihozlangan “Isuzu” avtobuslari topshirilgan.
Ular maxsus karavot, muzlatkich, gemo-konteyner, havoni tozalashga moʻljallangan bakteriyaga qarshi lampalar, konditsioner hamda yoritkichlar bilan jihozlangan. Unda bir vaqtning oʻzida 3 nafar donordan qon olish mumkin.
Qayd etish kerakki, hozirda Oʻzbekistonda begʻaraz qon topshiruvchi shaxslar qator huquq, imtiyoz va kafolatlarga ega boʻlib, bu boradagi qonunchilik yanada takomillashtirilgan.
Jumladan, Qonun (OʻRQ-1041-son, 28.02.2025-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.
Unga koʻra, “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga bir yoʻla beriladigan pul mukofoti miqdori oshirilib, (BHM)ning 15 baravari etib belgilandi. Ilgari esa bu raqam BHMning 5 baravariga teng edi.
Shuningdek, ushbu koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan donorlar har yili oʻzlari uchun qulay vaqtda mehnat taʼtiliga chiqishi mumkin va ular shahar yoʻlovchi transportidan (yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanadi. Sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun esa yoʻllanmalarni navbatsiz olish huquqiga ega.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan, vazni 50 kilogrammdan yuqori, gemoglobin miqdori erkaklarda 128, ayollarda esa 120 boʻlgan har bir shaxs donor boʻlishi mumkin. Yiliga har bir shaxs 4-marta qon topshirish imkoniga ega. Har bir topshirilgan qonning maksimal miqdori 450 millilitrdan iborat boʻlishi kerak.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Yanvar oyida yuz nafardan ortiq amerikalik oʻqish uchun Oʻzbekistonga keldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring