“Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi

16:47 09 Yanvar 2026 Jamiyat
671 0

Foto: CHATGPT

Bugun dunyo shiddat bilan oʻzgarib, texnologik imkoniyatlar chegarasi tobora kengaymoqda. Tarixda salbiy maʼnoda qoʻllanilgan “katta sakrash” iborasini bugun ijobiy mazmunda ishlatish mumkin. Chunki raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt Oʻzbekiston taraqqiyotining mazmunan yangi bosqichida shiddat bilan rivojlanmoqdaki, bu holatni boshqacha ifoda etish mushkul, nazarimizda.

Chindan ham, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, innovatsion taʼlim va elektron davlat xizmatlari iqtisodiy oʻsish hamda ijtimoiy samaradorlikni belgilab beruvchi asosiy omilga aylandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, “Insoniyat sunʼiy intellekt davriga kirib bormoqda, kim bu jarayonda ilgarilasa, marra shuniki boʻladi”.

Davlat rahbarining chuqur texnologik oʻzgarishlarga nisbatan ana shunday strategik yondashuvi tufayli sunʼiy intellekt va AKT iqtisodiy oʻsishning yangi drayveriga aylanib, davlat boshqaruvi, taʼlim, sogʻliqni saqlash, moliya va logistika sohalariga jadal joriy etilmoqda.

10 milliard dollarlik salohiyat

2025-yilni sarhisob qilar ekanmiz, mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt rivoji bilan uzviy bogʻliq ekaniga guvoh boʻlishimiz mumkin. Gap bu yerda AKT sohasida xizmatlar hajmining keskin ortishi iqtisodiyotda alohida “raqamli sektor” paydo boʻlgani haqida emas, balki raqamli yechimlar deyarli barcha tarmoqlarga chuqur kirib borayotgani xususida ketmoqda. Aytaylik, oʻtgan yilning yanvar – noyabr oylarida AKT sohasida 68 trln. soʻmlik xizmatlar koʻrsatilib, oʻsish surʼati 120 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkichlar raqamli platformalar, avtomatlashtirish, elektron xizmatlar va sunʼiy intellektga asoslangan qarorlar iqtisodiy faollikni tezlashtirganini anglatadi.

Muhim jihati shundaki, jadal oʻsish surʼatlari infratuzilmaga sarf-xarajatlar hisobidan emas, samaradorlik oshishi evaziga taʼminlanmoqda. Sodda qilib aytganda, sunʼiy intellekt va zamonaviy texnologiyalar davlat boshqaruvi, xizmatlar, logistika, moliya va ishlab chiqarish jarayonlarida vaqt hamda resurslarni tejash imkonini berdi. Natijada iqtisodiy faollikning umumiy hajmi ortib, qoʻshilgan qiymat yaratish surʼati tezlashdi. Soʻnggi uch yilda axborot va aloqa sohasida yaratilayotgan qoʻshilgan qiymat hajmining oʻrtacha 24,1 foiz oʻsishi ham ushbu transformatsiyaning samarasidir.

Raqamli texnologiyalar iqtisodiyotdagi tarmoqlararo tafovutlarni ham qisqartirmoqda: anʼanaviy sohalarda oʻsish koʻproq moddiy resurslar va bozor konyunkturasiga bogʻliq boʻlsa, raqamli yechimlar joriy etilgan sohalarda oʻsish barqaror va tezkor tus oldi. Shuningdek, raqamli rivoj tashqi ochiqlikka ham taʼsir koʻrsatyapti. IT va masofaviy xizmatlar eksporti hajmining ortishi, xizmatlar geografiyasining kengayishi iqtisodiy oʻsishning ichki bozor bilan cheklanib qolmasligini taʼminladi. Xalqaro amaliyotda bu jarayon “technology-driven growth”, yaʼni texnologiyalarga tayanadigan oʻsish modeli sifatida tavsiflanadi.

Oʻzbekiston misolida ham iqtisodiy natijalar sunʼiy intellekt, raqamli platformalar va avtomatlashtirilgan xizmatlar orqali shakllanmoqda. Prezidentimiz 21-oktyabr kuni davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida xorijlik ekspertlar Oʻzbekistonning sunʼiy intellekt sohasidagi salohiyatini 10 mlrd. dollarga baholayotganini aytdi. Bu salohiyatni real imkoniyatga aylantirish uchun infratuzilma, ochiq maʼlumotlar va kadrlar tayyorlashga eʼtiborni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Joriy yil aynan iqtisodiy kapitallarni jalb qilish yoʻlidagi “katta sakrash”lardan biri boʻldi.

Iqtisodiy transformatsiya mevasi

2025-yilda raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt rivoji Oʻzbekiston iqtisodiyotining xalqaro ochiqligini sifat jihatdan yuqori pogʻonaga olib chiqdi. Bu, avvalo, xorijiy investitsiyalar dinamikasida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Joriy yilning 11 oyida sohada amalga oshirilgan 20 ta investitsiya loyihasi doirasida 497,5 mln. AQSH dollari oʻzlashtirildi, shundan 353,5 mln. dollari xorijiy investitsiya va kreditlar hissasiga toʻgʻri keldi. Soʻnggi uch yilda esa sohaga qariyb 2 mlrd. dollarga yaqin xorijiy kapital jalb etildi, uning 70 foizdan ortigʻini toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar tashkil qildi. Buning barchasi investorlar Oʻzbekistonni raqamli transformatsiyani amalda namoyon etayotgan bozor sifatida tan olayotganidan dalolat, albatta.

Taʼkidlash kerakki, raqamli texnologiyalarga tayangan iqtisodiy taraqqiyot tashqi aloqalarda ham oʻz ifodasini topmoqda. Negaki, 2025-yilda IT va masofaviy xizmatlar eksporti 857,8 mln. dollarga yetdi va avvalgi yildagiga nisbatan 1,4 barobar oshdi. Soʻnggi uch yilda eksport hajmining 2,8 barobar oʻsib, 323 mln. dollardan qariyb 1 mlrd. dollar darajasiga yaqinlashishi raqamli xizmatlar mamlakat uchun strategik eksport yoʻnalishiga aylanayotganini anglatadi. Va eʼtiborlisi, bu oʻsish xomashyo emas, balki intellektual mehnat va texnologiyalarga asoslangan xizmatlar hisobiga taʼminlanmoqda.

Bu natijalar mohiyatini chuqurroq anglash uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021-yilda Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuvda iqtisodiyotning yetakchi sohasi boʻlgan paxtachilikdan olingan daromad yillar davomida 1 mlrd. dollarga ham yetmagani haqida kuyinib aytgan gaplarini eslash kifoya. Zotan, bugun oʻsha majburiy mehnat va xalqaro sanksiyalar nishoniga sabab boʻlgan anʼanaviy sohadan koʻra, kelajak kasblari orqali yuqori qiymat yaratilayotgani iqtisodiy transformatsiyaning mazmunan oʻzgarganini koʻrsatadi.

Eksport geografiyasining kengayishi ham raqamli sohaning xalqaro raqobatbardoshligini tasdiqlaydi. AQSH va Buyuk Britaniyaga eksport umumiy hajmining deyarli yarmi xizmatlar ulushiga toʻgʻri kelayotgani Oʻzbekiston kompaniyalari yuqori talab va kuchli raqobat mavjud bozorlarga chiqishga qodir ekanini tasdiqlab turibdi.

Eksperimentdan – tizimli siyosatgacha

Ekspertlarning eʼtirof etishicha, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasidagi oʻsish tasodifiy emas. Bu jarayonda mustahkam innovatsion infratuzilma yaratilgani, IT-park va startap ekotizimining shakllanishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Bir misol. Soʻnggi uch yilda IT-park rezidentlari soni 3 barobarga oshib, 3 348 tani tashkil qildi. Xorij kapitali ishtirokidagi rezidentlar sonining 5,6 barobarga oʻsib, 915 taga yetgani Oʻzbekiston startap muhitining xalqaro jozibadorligi ortib borayotganini tasdiqlaydi.

“Raqamli startaplar dasturi” doirasidagi akseleratsiya dasturlari orqali 160 dan ortiq loyihalar qoʻllab-quvvatlandi. Shu bilan birga, mahalliy venchur jamgʻarmalari soni 15 tadan oshib, ularning umumiy ustav kapitali 180 mln. dollardan oshdi. Startaplarga yoʻnaltirilgan venchur investitsiyalari hajmi esa 350 mln. dollarga yetdi. Pirovardida Oʻzbekiston “Global Startup Ecosystem Index” reytingida 12 pogʻonaga koʻtarilib, “TOP – 100” davlatlar qatoriga kirdi.

Ushbu reytingga koʻra, Toshkent shahri Markaziy Osiyoda eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi sifatida eʼtirof etildi. Xalqaro tahliliy kompaniyalar mamlakatdagi startap muhitining oʻsish surʼatlarini dunyodagi eng dinamik yoʻnalishlardan biri sifatida baholayotgani, juda, quvonarlidir.

Ayniqsa, sunʼiy intellekt Oʻzbekistonda alohida pilot loyihalar doirasidan chiqib, davlat siyosati darajasida shakllangan tizimli yoʻnalishga aylandi. Bunga, avvalo, hisoblash infratuzilmasini kuchaytirish orqali erishildi. Masalan, sogʻliqni saqlash sohasi uchun yuqori samarali “GPU” klasterlari xarid qilinib, mashinaviy oʻrgatish va katta maʼlumotlarni qayta ishlash quvvatlari kengaytirildi. Va mazkur infratuzilma asosida sogʻliqni saqlash, taʼlim, qishloq xoʻjaligi, moliya, energetika, transport va ekologiya sohalarida 86 ta sunʼiy intellekt loyihasi ishga tushirildi. SI tibbiyotda diagnostika samaradorligini, taʼlimda individual oʻqitish imkoniyatlarini oshirmoqda, qishloq xoʻjaligida prognozlash, moliya sohasida esa xavflarni baholash va firibgarlikka qarshi kurashishda qoʻllanilyapti. Kundalik hayotda esa sunʼiy intellekt aholi va biznes uchun beminnat koʻmakchiga aylandi. Banklar va davlat tashkilotlarida “My ID” biometrik tizimi, soliq sohasida “DavrOn”, huquqiy sohada “Odil”, davlat xizmatlarida “Muhlisa” virtual yordamchilari ishga tushirilgani fikrimiz tasdigʻi.

Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt rivoji mustahkam infratuzilmaga bogʻliq. Shu bois ushbu masala raqamli siyosatning texnik emas, balki strategik tarkibiy qismiga aylandi. Yana bir muhim jihat – sunʼiy intellekt va u bilan bogʻliq munosabatlarning huquqiy tartibga solinishidir. Texnologik rivoj faqat texnik quvvatni emas, balki mustahkam huquqiy asosni ham talab etadi. Prezidentimiz 2024-yilda yangi chaqiriq Oliy Majlisning birinchi majlisida ayni shu masalaga eʼtibor qaratib, sunʼiy intellekt bilan bogʻliq munosabatlarni qonunchilik asosida tartibga solish zarurligini taʼkidlagan edi. Shundan kelib chiqib, sunʼiy intellekt tizimlarini tartibga soluvchi qonun ishlab chiqilib, senatorlar tomonidan 2025-yil 11-noyabrda maʼqullangani soha rivojida navbatdagi muhim bosqich boʻldi. Ushbu hujjat inson huquqlari, maʼlumotlar daxlsizligi va davlat boshqaruvi samaradorligini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, sunʼiy intellektni jamiyat manfaatlariga xizmat qiluvchi etik va xavfsiz vosita sifatida shakllantirishga keng yoʻl ochadi.

Koʻrinib turibdiki, 2025-yil Oʻzbekiston uchun raqamli transformatsiya sohasida muvaffaqiyatlarga boy yil boʻldi. Zero, yuqorida keltirilgan faktlar raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt iqtisodiy oʻsish, davlat boshqaruvi hamda ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirishda yuksak natija bergan koʻplab misollardan bir shingil, xolos. Endilikda asosiy vazifa erishilgan yutuqlarni mustahkamlab, ularni tizimli va barqaror rivojlanish modeliga aylantirishdan iborat. Chunki sunʼiy intellektni milliy raqobat ustuniga aylantirish istiqbollari aynan shu bosqichda hal qilinadi.

Agar hisoblash infratuzilmasi, inson kapitali, huquqiy muhit va institutsional hamkorlik bir vaqtda rivojlansa, sunʼiy intellekt Oʻzbekiston uchun faqat texnologik yangilik emas, balki iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning asosiy omiliga aylanadi. Bu mamlakatga global raqamli zanjirlarda faol ishtirok etish, eksport salohiyatini oshirish va yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish imkonini beradi.

Sanjar SHOMURODOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?