Oʻzbekiston va AQSH hamkorlikda banknotalar ishlab chiqaradi

16:17 23 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
2576 0

Toshkent shahrida Oʻzbekiston – AQSH biznes forumi boʻlib oʻtdi. Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi hamda Amerika-Oʻzbekiston savdo palatasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda ikki davlat oʻrtasida umumiy qiymati 2,5 mlrd. dollarlik 13 ta kelishuvga erishildi.

Xususan, Air Products va “Oʻzbekneftegaz” oʻrtasida gazni qayta ishlash, jumladan, sanoat gazi ishlab chiqarish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha umumiy qiymati 2 mlrd. dollarlik, Silver Leaf va BMP Trade oʻrtasida Jizzax viloyatida 31 ming gektar maydonga ega (Doʻstlik tumanida 12 ming gektar, Paxtakor tumanida 8000 gektar, Mirzachoʻl tumanida 7000 gektar, Arnasoy tumanida 4000 gektar) toʻqimachilik klasterini yaratishga doir 350 mln. dollarlik, Coca-Cola va “Oʻzbekozikovqatxolding” oʻrtasida modernizatsiya tadbirlari va ishlab chiqarishni kengaytirish boʻyicha bitimlar qabul qilindi.

Oʻz navbatida John Deer va “Oʻzagrosanoatxolding” Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikalari zavodi bazasida qishloq xoʻjaligi texnikalari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona ochish, zamonaviy agrotexnika va traktorlar yetkazib berishga kelishib olishgan boʻlsa, Imperial Jewerly va Oʻzbekiston zargarlik sanoati uyushmasi oʻrtasida Toshkentdagi “Zargarlik” zavodi bazasida zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona ochish boʻyicha bitim imzoladi.

Shuningdek, Caterpillar kompaniyasi va Navoiy togʻ-kon metallurgiya kombinati oʻrtasida 10 ta karyer samosvalini yetkazib berish, CETS va Qishloq xoʻjaligi vazirligi oʻrtasida Oʻzbekiston hududida yuqori sifatli kartoshka urugʻlarini yetishtirishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish boʻyicha protokol imzoladi.

Amerikaning United Investment Healthcare Group kompaniyasi va “Dori-darmon” kompaniyasi oʻrtasida davlat-xususiy sheriklik tamoyili ostida bitim imzolangandan soʻng, dorixonalar tarmogʻini ishonchnoma asosida boshqarish imkoniyatiga ega boʻldi.

Qolaversa, US Inc. va Farm Agency oʻrtasida Toshkentda turli kasalliklarni aniqlash uchun tashxis test tizimlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, Crane Currency va “Davlat belgisi” davlat birlashmasi oʻrtasida banknotalar ishlab chiqarish(AQSH tomoni maxsus mikrooptik ip va kimyoviy vositalar yetkazib beradi), Macro-Advisory va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri Amerika investitsiyalarini jalb etishga oid kelishuvlarga erishildi.

Maʼlumot uchun, mazkur forum Oʻzbekistonda tashkil etilgan Amerika biznes haftaligi doirasida oʻtkazildi. Bu kabi tadbirlar tarixida ilk bor AQSH savdo vaziri Uilbur Ross ham ishtirok etdi.

Eslatib oʻtamiz, Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasi raisi K.Lemmning aytishicha, oxirgi yilda mamlakatlar oʻrtasida 9,35 mlrd. dollarlik hujjatlar imzolangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер