Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Vengriya Milliy Assambleyasi oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi

13:52 03 Dekabr 2025 Siyosat
139 0

Bugun Budapesht shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Vengriya Milliy Assambleyasi oʻrtasida muhim hujjat – Anglashuv memorandumi imzolandi.

Ushbu hujjat ikki davlat parlamentlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlash, oʻzaro ishonch va manfaatli sheriklikka asoslangan hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan.

Oʻzbekiston va Vengriyani uzoq yillar davomida shakllangan doʻstlik, oʻzaro hurmat va hamjihatlik rishtalari birlashtirib turadi. Ikkala mamlakatning demokratik islohotlarga sodiqlik, qonun ustuvorligini taʼminlash va parlament rolini kuchaytirish kabi umumiy qadriyatlari mavjud. Imzolangan memorandum ana shu munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam boʻldi.

Hujjatga muvofiq ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik institutsional jihatdan mustahkamlanadi. Shu bilan birga, ikki tomonlama munosabatlarni izchil va samarali rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.

Xususan, konstitutsiyaviy islohotlar va qonun ijodkorligi jarayoni boʻyicha tajriba almashish, parlament va fuqarolar oʻrtasidagi muloqotni takomillashtirish, parlament qoʻmitalari oʻrtasida doimiy maslahatlashuvlar oʻtkazish, doʻstlik guruhlari faoliyatini kengaytirish va parlament devonlari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni chuqurlashtirish yoʻnalishlarida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, parlament delegatsiyalarining tashriflari tenglik va oʻzaro manfaatlar tamoyillari asosida amalga oshirilishi qayd etildi. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda qoʻshma loyihalarni qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlari ham nazarda tutilmoqda.

Anglashuv memorandumi Oʻzbekiston va Vengriya parlamentlari oʻrtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga hamda ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yoʻlida amaliy natijalarga erishishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?