Oltiariqlik marhum ijodkorlar oilalariga davlat mukofotlari topshirildi

10:47 28 Avgust 2025 Jamiyat
135 0

Maʼlumki, mustaqilligimizning 34-yilligi bayrami arafasida Prezidentimizning “Oʻzbekistonda ilm-fan, adabiyot, madaniyat va sanʼat sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan bir guruh marhum olim va ijodkorlarni mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoni eʼlon qilindi.

Mukofotlanganlar orasida fargʻonalik ijodkor va sanʼatkorlar ham bor. Kuni kecha ularning oila aʼzolariga davlat mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov, Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, yozuvchi va shoirlar, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Dastlab Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon xonadoniga tashrif buyurilib, Prezident Farmoni oʻqib eshittirildi. Shoirning turmush oʻrtogʻi Karomatxon Obidjonovaga serqirra ijodkor nomiga berilgan “Mehnat shuhrati” ordeni topshirildi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston xalq artisti Maʼmirjon Toʻxtasinov xonadonida marhum sanʼatkorning turmush oʻrtogʻi Qimmatxon Toʻxtasinovaga “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oxunjon Madaliyev xonadonida “Mehnat shuhrati” ordeni uning turmush oʻrtogʻi Habiba Madaliyevaga taqdim etildi.

Tadbirlar davomida ijodkorlarning adabiyot va sanʼatni rivojlantirishdagi beqiyos hissasi yuksak eʼtirof etilib, ularning oila aʼzolariga Prezidentning samimiy salomi yetkazildi.

— Davlatimiz rahbarining bunday eʼtirofi xonadonimizga bayramona kayfiyat baxsh etdi, — deydi Karomatxon aya Obidjonova. — Shu munosabat bilan farzand va nabiralar, qarindoshlar, mahalladoshlar jam boʻlib, xalqimizning sevimli ijodkori Anvar Obidjon xotirasi yodga olindi.

Ayni paytda u kishi yashab oʻtgan qadrdon koʻchaga Anvar Obidjon nomi berilgan boʻlib, birgina ana shu jihatning oʻzi ham oltiariqliklarning ardoqli ijodkoriga hurmat va ehtiromi ramzidir.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?