Notarial palata NNTlar orasida ISO sertifikati olgan Oʻzbekistondagi ilk tashkilot boʻldi

Foto: «Xalq soʻzi»
Bugun Toshkent shahridagi “Crowne Plaza Tashkent” mehmonxonasida Oʻzbekiston Notarial palatasiga Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) ning sertifikatlarini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Notarial palata raisi Dilshod Ashurov ISOning vakili – Avstriya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi tijorat maslahatchisi Rudolf Lukavskining qoʻlidan ISO 37001:2016 standarti hamda ISO 9001:2016 standarti boʻyicha sertifikatlarni qabul qilib oldi.
Maʼlumot uchun: ISO 37001:2016 standarti – bu xalqaro darajada qabul qilingan korrupsiyaga qarshi menejment tizimi hisoblanadi. U tashkilotlarda pora olish va berish holatlarini oldini olish, aniqlash va bartaraf etish uchun samarali nazorat va boshqaruv mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi.
ISO 37001 sertifikati tashkilotning korrupsiyaga qarshi qatʼiy siyosat yuritishini tasdiqlaydi, shaffoflik va halollik tamoyillariga rioya etilishini koʻrsatadi, xalqaro hamkorlar va investorlar ishonchini oshiradi, biznes jarayonlarini jahon andozalariga moslashtirishga xizmat qiladi.
Ushbu sertifikatga ega boʻlgan tashkilotlar oʻz faoliyatida “korrupsiyadan xoli va shaffof” tamoyillariga sodiq ekanini namoyon etadi.
ISO 9001:2016 xalqaro sifat menejmenti tizimining standarti boʻlib, u yuqori sifatli mahsulot yoki xizmatlar, mijozlar ehtiyojini qondirish va doimiy takomillashtirishni taʼminlash uchun tashkilot oʻz jarayonlarini qanday boshqarishi kerakligi haqidagi talablarni belgilaydi.
Eʼtiborlisi, Oʻzbekiston Notarial palatasi mamlakatimizdagi nodavlat notijorat tashkilotlari orasida mazkur sertifikatlarni qoʻlga kiritgan ilk tashkilot boʻldi.
— Biz tizimda Prezidentimizning 2019-yilning 9-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilangan islohotlar bilan boshlangan ochiqlik, shaffoflik va korrupsiyadan xoli faoliyat tamoyillarini izchil davom ettirib kelmoqdamiz, — deydi Notarial palata raisi Dilshod Ashurov. — Shunisi ham muhimki, 2021-yilda Adliya vazirligi davlat organlari orasida birinchilardan boʻlib ISO 9001:2015 sifat menejmenti tizimi xalqaro standarti sertifikatini qoʻlga kiritgan edi. Oradan besh yil oʻtib Notarial palata mazkur sertifikatlarga munosib topilgan ilk nodavlat notijorat tashkiloti sifatida tarixga kirdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston Notarial palatasining tizimni shaffoflashtirish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring