Masʼullar beparvolik kayfiyatidan qachon xolos boʻladi?

15:04 20 Avgust 2025 Jamiyat
211 0

Yozyovon tumanida bugungi kunda ota-bobolardan meros dehqonchilik yumushlari oʻzgacha mehr bilan davom ettirilmoqda. Aytaylik, mohir bogʻbon, xalq seleksioneri Ahmadjon Ismoilov oilasi tomonidan yetishtiriladigan limon va tabiiy darmondorilarga boy limon sharbati butun mamlakatimizda mashhur. Karimjon Oxunov kartoshka yetishtirish borasida katta hayotiy tajribaga ega boʻlib, oila aʼzolari bilan bir gektar yerda tashkil etilgan dehqon xoʻjaligida yiliga oʻrtacha 30-35 tonna hosil oladi. Shu kunlarda pishib yetilgan karam mahsulotini eksportga joʻnatish uchun tayyorgarlik koʻrilyapti.

Ammo tan olish kerak, tumanda yerdan unumli foydalanish, eksportbop ekinlar yetishtirish borasida baʼzi kamchiliklar ham koʻzga tashlanadi. Yaqinda tuman hokimi Dilshodjon Jalilov “mahalla yettiligi” vakillari bilan oʻtkazilgan yuzma-yuz uchrashuvda bu kabi holatlarni keskin tanqid qildi. Masʼullar loqaydlik, beparvolik kayfiyatidan xalos boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

—Tuman aholisi qoʻlida 2300 gektar tomorqa mavjud. Bevosita davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yaqin yillarda ball boniteti yuqori, suvga va dehqonchilik qilishga qulay boʻlgan 1500 gektar yer aholiga ajratib berildi,—dedi hokim.—Bu yil ana shu 1,5 ming gektar yerda 5 million dollarlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish rejalashtirilgan edi. Afsuski, ushbu jarayonda masʼuliyat va daxldorlik tuygʻusi yetishmasligi tufayli bu boradagi eksport rejasi barbod boʻldi. Shuning uchun ham birinchi yarim yillik yakunlariga koʻra, tumanning eksport hajmi 9 foizga kamaydi. Aslida har birimiz bunday salbiy holatlar bilan aslo murosa qilmasligimiz kerak.

Shuningdek, joriy yilda bugʻdoydan boʻshagan 6600 gektar yerda takroriy ekin sifatida eksportbop mahsulotlar yetishtirish maqsad qilingandi. Xoʻsh, bu yerning necha gektariga eksportbop ekinlar ekildi? Albatta, natija va amaliy samara qoniqarli emas. Sababi, tuman miqyosida gʻalladan boʻshagan 340 gektar yerga kuzgi kartoshka ekish koʻzda tutilgan boʻlsa, amalda 1-avgust holatiga atigi 62 gektar maydonga kartoshka ekilgan, xolos. Yozyovon tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimi mutaxassislari tomonidan kuzgi kartoshka ekishda yuzaki hisob-kitob qilingani, aniq maʼlumot yoʻqligi achinarlidir.

Yoshlar ishlari agentligi Yozyovon tuman boʻlimi rahbari Umidjon Dehqonovning maʼlum qilishicha, har bir mahalla kesimida 28 ming nafardan ziyod yigit-qizlar turli toifalar boʻyicha xatlovdan oʻtkazilgan. Shunga asosan dehqonchilik qilish istagini bildirgan 1 ming 282 nafar yoshga 344,6 gektar yer berilgan.

—Ijara huquqi asosida mahallamiz yoshlariga 8 gektar, xotin-qizlarga 6 gektar yer berilib, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida daromad olishmoqda,—deydi “Toshhovuz” MFY hokim yordamchisi Javlonbek Fayzullayev.—Oʻtgan vaqt mobaynida ajratib berilgan yerdan yaxshi foydalanmayotgani uchun 10 nafar ijarachining yeri “mahalla yettiligi” dalolatnomasi asosida olib qoʻyilib, yerdan unumli foydalanayotgan oilalarga qoʻshib berildi.

Mahalla raisi Usmonxon Musayevning qayd etishicha, haqiqatdan ham dastlabki yillarda yerdan foydalanishda jiddiy muammolar yuzaga kelgan. Muammoni bartaraf etish maqsadida tajribali dehqonlar tajribalari joylarda ommalashtirmoqda. Eʼtiborlisi, keyingi yildan ijaraga olingan yerda issiqxona qurishga ruxsat berildi. Shu sababli 2026-yili 3 gektar yerda zamonaviy issiqxonalar barpo etish boʻyicha amaliy saʼy-harakatlarga kirishildi.

Xalqimizda “Holva degan bilan ogʻiz chuchimaydi”, degan ibratli bir naql bor. Shu maʼnoda, ishsizlik va kambagʻallikni tugatishda faqat yaxshi niyatning oʻzi yetarli emas. Buning uchun puxta va aniq reja, izchil ravishda amalga oshiriladigan amaliy harakatlar zarur.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?