Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi

17:53 15 Yanvar 2026 Siyosat
704 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida islohotlar natijasida soʻnggi yillarda yirik tadbirkorlar sinfi shakllangani, endi bunday tadbirkorlarga oʻz loyihalarini istiqbolli mamlakatlarda joylashtirishga koʻmaklashib, bu orqali yangi bozorlarga jadal kirib borish vaqti kelgani taʼkidlandi.

Masalan, Qatar oʻzidagi erkin iqtisodiy zonalarda investorlar uchun jozibador soliq imtiyozlari joriy qilgan, elektr energiyasi, suv va boshqa kommunal xizmatlar xarajatining 20-30 foiziga subsidiya beryapti.

Agar Qatardagi sanoat zonalarida oʻzimizni mahalliy korxonalarni ishlab chiqarishini tashkil qilsak, ushbu davlat orqali 60 million aholisi boʻlgan Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi.

Qatardagi elchi va boshqa mutasaddilarga bu borada mahalliy korxonalar bilan ishlab, loyihalarni boshlash topshirildi.

Joriy yilda Misr tajribasi asosida Kitob tumanida 5 gektardan 100 tonna “super-super elita” kartoshka urugʻligi olindi. Ushbu davlatdagi elchimiz oʻtkazgan muzokaralar natijasida misrlik investorlar buni 1 ming gektarga yetkazishga tayyor.

Misr kompaniyalaridan biri Tuproqqalʼada 2 ming gektar choʻlni foydalanishga kiritish va pivot uskunalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish taklifini bergan. Yana bir yirik kompaniyasi gepatit “S” virusiga qarshi dori vositasini Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish tashabbusini bildirgan. Mutasaddilarga ushbu loyihalarni boshlash topshirildi.

Umuman, yangi eksport yoʻnalishi sifatida 50 dan ortiq davlatga ega, iqtisodiyoti 3 trillion dollarga teng boʻlgan Afrika qitʼasi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Tashqi ishlar, Investitsiya, sanoat va savdo vazirliklari, Misr va Qatardagi elchilarga tegishli “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?