Ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi belgilanmoqda

12:56 20 Sentyabr 2024 Siyosat
272 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning ellik yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda aholining turli qatlamlari orasida sog‘lom ma’rifiy faoliyatni targ‘ib qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida nosog‘lom ma’naviy-ma’rifiy xatti-harakatlar ko‘payib, uning natijasida aholi vakillari, jumladan, yoshlar va bolalar ongi, madaniyati va qarashlariga begona bo‘lgan turli yot g‘oyalar o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.

O‘z navbatida, ushbu holatlar bu boradagi ishlarni huquqiy jihatdan tartibga solish zaruriyati yuzaga kelayotganini namoyon qilmoqda.

Shu munosabat bilan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha kiritilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mazkur faoliyat turiga qo‘yiladigan talablarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Xususan, ma’rifiy faoliyatning bunday harakat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan amalga oshirilishi yoxud qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mazkur Qonun ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi, shakllari, uni amalga oshirish talablari va shartlarini, ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishi taqiqlangan shaxslar doirasini belgilaydi hamda jamiyatda ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishda mavjud muammo va to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер