Malinachilik – mahalla drayveri

12:04 02 Oktyabr 2024 Iqtisodiyot
273 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Ayni paytda Quvasoy shahrining “Bogʻbon” MFY hududidagi 1 ming 432 ta xonadonda 5,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Bogʻdorchilik, chorvachilik, malinachilik, umuman, tomorqa xoʻjaligidan unumli foydalanish mahalla drayveri sifatida belgilangan. Mahallada 30 ga yaqin bogʻdorchilik fermer xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatadi.

Mahalladagi hokim yordamchisi Sanobarxon Akbarovaning qayd etishicha, birgina joriy yilning oʻtgan davrida hududda 14 ta oilaga istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun 214 million soʻm imtiyozli kredit ajratib berildi. “Biznesni rivojlantirish banki”ning imtiyozli krediti evaziga 8 ta tadbirkorlik loyihasi uchun 800 million soʻm ajratilishi taʼminlandi.

Bugungi kunda mahallaning Tong koʻchasida joylashgan 320 ta xonadon malinachilikka ixtisoslashtirilib, yiliga ikki marotaba hosil olinmoqda. Tomorqa mirishkorlari yangi malina navlarini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish, koʻchatchilikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha ham izlanishlar olib bormoqda.

— Mahalla hududidagi 30 sotix boʻsh yer maydonni oʻzlashtirib, “Shirin malina bogʻlari” ishlab chiqarish kooperatsiyasini tashkil etdik,—deydi kooperatsiya rahbari Mavluda Madiyorova.—Natijada 5 ta doimiy hamda 20 ta mavsumiy ish oʻrni yaratildi.

Malinachilik sohasida ish bilan band boʻlgan bitta oilaning yillik oʻrtacha daromadi 45–50 million soʻmni tashkil etadi. Hozirda malinachilik faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagidagi aholi xonadonlariga kooperatsiya tomonidan koʻchatlar yetkazib berilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?